$
 12909.80
7.8
 13415.86
-12.54
 129.09
1.49
weather
+26
Кечаси   +14°

1-yanvardan mamlakat hayotida nimalar o‘zgaradi?

calendar kalendar

Bukmekerlik legallashtirilmoqda, havo monitoringi amalga oshiriladi, pedagoglarga qo‘shimcha ustamalar — yanvar oyidan kuchga kiradigan qonunchilikdagi o‘zgarishlar bilan tanishing.

Bukmekerlik faoliyatini legallashtirish

O‘zbekistonda internet orqali tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarni tashkil etish va bukmekerlik faoliyatini amalga oshirishga ruxsat beriladi. Internetda lotereyalar, o‘yinlar tashkil etish va bukmekerlik faoliyatini amalga oshirish ushbu faoliyatni tartibga solish va litsenziyalash bo‘yicha vakolatli organ tomonidan belgilangan Istiqbolli loyihalar milliy agentligi tomonidan beriladigan litsenziyalar asosida amalga oshirilishi mumkin bo‘ladi.

Elektron bilaguzuklarni joriy etilmoqda

Uy qamog‘i ehtiyot chorasi va ozodlikni cheklash jazosi qo‘llanilgan shaxslarning bilaguzuk taqishi amaliyoti kelgusi yildan boshlab bosqichma-bosqich joriy etiladi.

BHMS va MHXS bo‘yicha tayyorlangan moliyaviy hisobotning yangi shakllari joriy etilmoqda

Moliyaviy hisobotlarni taqdim etish muddatlari, ularning tarkibi va mazmuni to‘g‘risidagi nizom kuchga kiradi (2024-yil uchun moliyaviy hisobot yangi qoidalar bo‘yicha taqdim etiladi).

Nizom moliyaviy hisobotni taqdim etish muddatlarini belgilaydi:

• BHMS bo‘yicha - hisobot yilidan keyingi yilning 1-martidan kechiktirmay. Ilgari moliyaviy hisobot 15-fevraldan kechikmay taqdim etilgan;

• MHXS bo‘yicha - hisobot yilidan keyingi yilning 1-mayidan kechiktirmay.

Aholi farovonligini oshirish bo‘yicha yangi chora-tadbirlar

Kam ta’minlangan oilalarning bolalariga nafaqa va moddiy yordam oluvchi oilalarning rasman band bo‘lmagan a’zolari ishga joylashganda, o‘zini o‘zi band qilganda, tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yganda ushbu nafaqa va moddiy yordamni to‘lash muddati tugagunga qadar, biroq 6 oydan ko‘p bo‘lmagan muddatda davom ettiriladi.

Shuningdek, MHEKMning 1,5 baravaridan kam bo‘lmagan oylik ish haqi bilan band bo‘lgan, Kambag‘al oilalar reestriga kiritilgan oila a’zosiga 3 yil davomida 1% stavka bo‘yicha ijtimoiy soliq to‘lanadi.

Tibbiy faoliyat uchun litsenziya talablari o‘zgartirilmoqda

Nodavlat tibbiyot muassasalarida operatsion bo‘limlar tashkil etilganda ular shtatida:

• mutaxassisligi bo‘yicha kamida birinchi malaka toifasiga ega bo‘lgan jarroh va anesteziolog-reanimatolog;

• jarrohlik ixtisosligi bo‘yicha malaka toifasiga ega bo‘lgan yordamchi shifokor;

• birinchi malaka toifasiga ega bo‘lgan anesteziologiya-reanimatologiya va operatsiya bo‘limi hamshirasi.

Operatsiya va reanimatsiya xonalarida video va audio yozuvlar kameralari o‘rnatiladi. Yozuvlar ularning maxfiyligi va shifokor siri ta’minlangan holda bir yil mobaynida saqlanadi (qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno).

Yosh xodimlar uchun ijtimoiy soliq to‘lanmaydi

Ish beruvchilarga ular tomonidan 25 yoshdan oshmagan xodimlar uchun to‘langan ijtimoiy soliq summasi davlat byudjetidan qoplab berilgan imtiyoz bekor qilinmoqda.

Bolalarni ijtimoiy himoya qilish tizimi takomillashtirilmoqda

Kam ta’minlangan oilalar farzandlarini mehribonlik uylari va bolalar uylariga vaqtincha qabul qilish to‘xtatiladi. Shu bilan birga, hokim yordamchilari va ijtimoiy xodimlar tomonidan “Kambag‘allikdan farovonlikka” dasturi doirasida oilalarni kambag‘allikdan chiqarish choralari ko‘rilmoqda.

Poytaxtda havo monitoringini amalga oshirish boshlanadi

Ekologiya vazirligi va poytaxt hokimligi Toshkent shahrining 12 ta tumanida fon monitoringini amalga oshirish uchun avtomatlashtirilgan kichik stansiyalarni o‘rnatish ishlarini boshlaydi.

Kambag‘al oilalar uchun imtiyozlar

Kambag‘al oilalarning farzandlari davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlariga imtiyozli asosda qabul qilinadi.

Turizm sohasidagi kompensatsiyalar

Faoliyati boshlanganidan 3 yildan ko‘p bo‘lmagan turoperatorlar uchun xalqaro turistik yarmarkalar va ko‘rgazmalarda pavilonni ijaraga olish xarajatlarining 50 foizi byudjetdan tashqari Turizmni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplanadi.

Hunarmandlarning xalqaro turizm yarmarkalari va ko‘rgazmalarida pavilonlarni ijaraga olish, ular tomonidan ko‘rsatiladigan mahsulotlar va aviachiptalarni tashish xarajatlarining 50 foizi Hunarmandchilik va kasanachilikni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplanadi.

To‘siqsiz muhitni yaratish bo‘yicha yangi talablar

Ta’lim xizmatlari, bank, tibbiyot, farmasevtika faoliyati va kredit byurosi faoliyati sohasida lisenziya berish uchun Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat bo‘yicha inspeksiyaning ob’yektda nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun to‘siqsiz muhit yaratilganligi to‘g‘risidagi xulosasi talab etiladi.

Chiqindilarni olib chiqib ketish bo‘yicha qarzdorlik uchun sanksiyalar

Chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish bo‘yicha xizmatlar uchun haq to‘lanmagan taqdirda abonentlardan elektr energiyasi uchun to‘lovlarni qabul qilishni vaqtinchalik cheklash joriy etiladi. Cheklov respublikaning barcha hududlarida chiqindilarni olib chiqib ketish bo‘yicha oylik qarzdorlik uchun joriy etiladi.

Tuman poliklinikalarida yangi shtat birliklari joriy etilmoqda

Tuman (shahar) ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalarida sog‘liqni saqlash tizimida maqbullashtiriladigan shtat birliklari hisobiga shtat birliklari joriy etiladi:

• onkologik nazorat xonasi uchun akusher-ginekolog shifokori;

• mobil va stasionar mammograflar ishini ikki smenada tashkil etish uchun rentgen laborantlari.

Tadbirkorlarni himoya qilish choralari kuchaytirildi

Keyingi yildan boshlab quyidagilar bekor qilinadi:

• jismoniy shaxs tomonidan yakka tartibdagi tadbirkor sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirganlik uchun moliyaviy sanksiyalar;

• ma’muriy javobgarlik:

- fiskal belgilarni aks ettirish tartibini buzish;

- qonun hujjatlarida majburiy raqamli markirovkalash belgilangan ishlab chiqaruvchilar va import qiluvchilar tomonidan tovarlarni (mahsulotlarni) identifikatsiya vositalari bilan majburiy raqamli markirovkalash qoidalarini buzish;

- xodimlar sonini yashirish.

Tadbirkorlik subyektlari faoliyati bo‘yicha o‘tkaziladigan barcha tekshiruvlar “Yagona davlat nazorati” axborot tizimida ro‘yxatdan o‘tish orqali biznes-ombudsmanga xabar berish tartibida amalga oshiriladi.

Davlat muassasalarida tavakkalchilik bo‘yicha qo‘mitalar tashkil etiladi

Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, vazirlik va idoralar, ustav fondida davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan yirik tashkilotlarda ularning birinchi rahbarlari boshchiligida kollegial asosda tavakkalchiliklarni boshqarish qo‘mitalari tashkil etiladi. Bunda ushbu tashkilotlarning ichki audit xizmatlari ham qo‘mitalarning ishchi organi hisoblanadi.

Pedagoglarga qo‘shimcha ustamalar

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tizimidagi umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida ona tili, adabiyot va tarix fanlari bo‘yicha Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Bilim va malakalarni baholash agentligining milliy baholash tizimida tegishli darajadagi sertifikatga ega bo‘lgan va ushbu fanlarni o‘qitadigan pedagog kadrlarga tarif stavkasining 50 foizi miqdorida har oylik qo‘shimcha ustama to‘lanadi.

Ayrim soliq imtiyozlari bekor qilinmoqda

Moliya yili davomida qabul qilingan va byudjet daromadlarini kamaytirishni, soliq va bojxona imtiyozlarini berishni, shuningdek soliq bo‘lmagan tushumlardan byudjetga ajratmalarni kamaytirishni nazarda tutuvchi normalar keyingi moliya yilidan boshlab amalga kiritiladi.

Quyidagilar bekor qilinadi:

• yagona tariflar bo‘yicha yo‘lovchi tashish xizmatlari aylanmasi uchun, shuningdek, yagona ishtirokchisi nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamoat birlashmalari bo‘lgan yuridik shaxslar tomonidan realizatsiya qilinadigan tovarlar va xizmatlar uchun QQS bo‘yicha imtiyozlar;

• yangi bog‘lar, tokzorlar va tutzorlar barpo etilgan yerlar uchun yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘ini to‘lashdan ozod qilish tarzidagi imtiyozlar. Ushbu yer uchastkalari bo‘yicha soliq stavkasi 50 foizga kamaytiriladi.

Jahon brendlari ro‘yxati shakllantirilmoqda

1-aprelgacha SSP quyidagilarni shakllantiradi va e’lon qiladi:

• xalqaro tan olingan tashkilotlar reytingida birinchi 500 o‘rinni egallagan mashhur xalqaro brendlar ro‘yxati;

• milliy brendlar ro‘yxati ikki bosqichda:

- I - Adliya vazirligi va Soliq qo‘mitasi bilan birgalikda barqarorlikning yuqori va o‘rta reytingiga ega bo‘lgan 12 ta sanoat yo‘nalishida ro‘yxatdan o‘tgan tovar belgilari ro‘yxatini shakllantiradi;

II - ro‘yxatga kiritilgan tovar belgilari bo‘yicha milliy konsalting kompaniyalarining tadqiqotlari, ushbu tovar belgilarining OAV, internet va ijtimoiy tarmoqlarda yoritilishi, ular haqidagi so‘rovlar soni, aholi o‘rtasida o‘tkazilgan ijtimoiy so‘rovlar tahlili natijalari asosida milliy brendlar ro‘yxatini shakllantiradi va e’lon qiladi.

Davlat poyezdda tashishdagi zararlarni qoplaydi

Mahalliy yo‘nalishlarda poyezdlarda yo‘lovchi tashish xizmatlarini ko‘rsatishdan ko‘rilgan zararlar (yuqori tezlikda va tezyurar poyezdlarda yo‘lovchi tashish bundan mustasno) davlat byudjeti hisobidan qoplab beriladi.

Lomni sotish faoliyati uchun litsenziya tartibi joriy etiladi

Qora va rangli metallar lomi hamda chiqindilarini tayyorlash, qayta ishlash va sotish, shuningdek, tabiiy gaz va elektr energiyasining ulgurji va chakana savdosi bo‘yicha faoliyatning lisenziyalash tartibi joriy etiladi.

Tadbirkorlar qurilish ishlarini autsorsing asosida texnik nazoratga jalb etiladi

Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan qurilish (ta’mirlash) ishlari yangidan boshlanadigan maktab, maktabgacha ta’lim va sog‘liqni saqlash muassasalari ob’yektlarida qurilish, rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlash ishlarini autsorsing asosida texnik nazorat qilish xizmatlarini ko‘rsatishga tadbirkorlik sub’yektlarini jalb etishga ruxsat berildi.

Farmatsevtika mahsulotlarini xarid qilishning markazlashtirilgan tartibi

Barcha tibbiyot muassasalari tomonidan markazlashtirilmagan tartibda xarid qilinadigan farmasevtika mahsulotlarini xarid qilish bosqichma-bosqich markazlashtirilgan tartibga o‘tkaziladi.

Kadrlar tayyorlash kvotasini shakllantirish tartibi o‘zgartiriladi

Davlat buyurtmasi asosida kadrlar tayyorlash kvotasi nodavlat oliy ta’lim muassasalariga ularning reytingdagi pozisiyasiga ko‘ra ajratiladi. Shuningdek, ta’lim sohalari kesimida oliy ta’lim tashkilotlari reytingi yuritiladi.

Теги :
Jamiyat