11 ta tuman va shahar hokimliklari qonun talablariga zid bo‘lgan hujjatlarni qabul qilgan
Ularga qonun buzilish holatlarini bartaraf etish va kelgusida bu kabi holatlarga yo‘l qo‘ymaslik to‘g‘risida tegishli taqdimnomalar berildi.
1 daqiqa o‘qiladi

Samarqand viloyatidagi 11 ta tuman (shahar) hokimliklarining qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlari “Raqobat to‘g‘risida”gi qonun talablariga zid ekani aniqlandi. Bu haqda Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi xabar berdi.
O‘rganish ishlari
Aniqlanishicha, 2024-yil II chorak yakunida Raqobat qo‘mitasining Samarqand viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan Samarqand viloyatidagi tuman (shahar) hokimliklarining qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarini “Raqobat to‘g‘risida”gi qonun talablariga mosligi hamda raqobatni rivojlantirishga to‘sqinlik qiladigan hujjatlarning qabul qilinishi yuzasidan o‘rganish ishlari o‘tkazilgan.
“Raqobat to‘g‘risida”gi qonun talablariga zid qarorlar
O‘rganishlar davomida Samarqand viloyatidagi tuman va shahar hokimliklari (Ishtixon, Payariq, Past Darg‘om, Toyloq, Qo‘shrabot, Samarqand, Urgut, Jomboy, Kattaqo‘rg‘on, Narpay va Kattaqo‘rg‘on shahar) tomonidan qabul qilingan normativ tusdagi hujjatlar “Raqobat to‘g‘risida”gi qonunining 22-moddasi talablariga zid ravishda qaror, buyruq va farmoyishlar qabul qilishda, shartnomalar tuzishda ustunlik berishda, ayrim xo‘jalik yurituvchi subyektlarning faoliyati uchun boshqa kamsituvchi yoki imtiyozli shartlar belgilashda kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgani aniqlangan.
Taqdimnomalar berildi
O‘rganish ishlari natijalariga ko‘ra, hududiy boshqarma tomonidan shahar va tuman hokimliklariga qonun buzilish holatlarini bartaraf etish va kelgusida bu kabi holatlarga yo‘l qo‘ymaslik to‘g‘risida tegishli taqdimnomalar berilgan.



