Seshanba, 20-oktabr, 2026
Havo 86 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
⛅ +17° kechasi +9°

Endilikda mahkumlar o‘zlariga nisbatan insoniy muomalani talab qilishlari mumkin

Bu borada qabul qilingan qonun mahkumlarga nisbatan insoniy muomala qilish, hurmat, o‘z huquqlarini talab qilish, og‘ir jinoyatlar uchun qamalgan mahkumlarda ham saylov huquqlari, ularning ustida o‘z ruxsatisiz tajribalar o‘tkazmaslikni nazarda tutadi.

2 daqiqa o‘qiladi

Endilikda mahkumlar o‘zlariga nisbatan insoniy muomalani talab qilishlari mumkin

O‘zbekiston prezidenti 28-avgust kuni Jinoyat-ijroiya kodeksiga mahkumlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qonunni imzoladi.

Kiritilgan qo‘shimchalar

Mazkur Qonun bilan Jinoyat-ijroiya kodeksiga yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga muvofiq mahkumlarning o‘ziga nisbatan insoniy muomalada bo‘linishiga, sha’ni va qadr-qimmati hurmat qilinishiga, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakiliga (ombudsmanga), Bola huquqlari bo‘yicha vakiliga (bolalar ombudsmaniga) hamda insonning huquq va erkinliklarini himoya qiluvchi xalqaro organlarga murojaat qilishga bo‘lgan huquqlari mustahkamlanishini nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Mahkumlar ustida tajriba

Hujjatga muvofiq, mahkumlar o‘ziga nisbatan insoniy muomalada bo‘linishi hamda inson shaxsiga xos bo‘lgan sha’ni va qadr-qimmati hurmat qilinishi huquqiga ega. Jazoni ijro etish muassasalarining xodimlari mahkumlarga nisbatan insoniy muomalada bo‘lishi shart. Mahkumlarda ularning roziligisiz tibbiy va ilmiy tajribalar o‘tkazilishi mumkin emas.

Ombudsman qutilari

Jazoni ijro etish muassasalarining har bir turar joy sektorida, sanoat zonalarida, qisqa va uzoq muddatli uchrashuvlarni o‘tkazish uchun mo‘ljallangan binolarda mahkumlar murojaatlarni qoldirishi uchun qulay bo‘lgan joyda ombudsmanga murojaatlar qutisi, tarbiya koloniyalarida esa qo‘shimcha ravishda bolalar ombudsmaniga murojaatlar qutisi o‘rnatiladi.

Ombudsman qutisi tegishincha faqat Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman), Oliy Majlisning Bola huquqlari bo‘yicha vakili (bolalar ombudsmani) yoki ularning kotibiyatlari xodimlari tomonidan ochiladi.