Qo'pol qonun buzilishi holatlari bo'yicha davlatga yetkazilgan 20 mlrd. so'm zarar undirib olindi
Aynan ushbu holat yuzasidan 39 ta jinoyat ishi qo‘zg'atilgan.
4 daqiqa o‘qiladi

Bosh prokurorning mamlakat ahliga yoʻllagan murojaatida aholini qiynayotgan masalalar va ularning ijrosi yuzasidan amalga oshirilgan ishlar, ko‘rilgan choralar bo'yicha brifingi bo'lib o'tdi.
AOKAda o‘tkazilgan brifingda Bosh prokuratura matbuot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinov ma’lum qilishicha, sohada aholini qiynayotgan muammolarni aniqlash va ularni bartaraf etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Jumladan, prokurorlar sektorlaridagi “Temir daftar”ga kiritilgan 5 mingdan ziyod oilalarga har tomonlama ko‘mak berilmoqda. “Ayollar” va “Yoshlar daftarlari”ga kiritilgan 243 456 nafar xotin-qizlar va 23 234 nafar yoshlarning huquqlarini himoya qilishga doir ishlar izchil davom ettirilmoqda.
Yosh avlodga yaratilgan imkoniyatlar
Yosh avlodni tarbiyalash, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish masalalari ham e'tibordan chetda qolmayapti. Xususan, o‘tgan davrda 2 097 nafar yoshlarning ish bilan ta’minlanishida, 628 nafarining tadbirkorlikka jalb etilishida, 3 329 nafarini o‘zini-o‘zi band qilishida, 2 965 nafarining kasb-hunar va xorijiy tillarni o‘rganish kurslarida o‘qitilishida ko‘maklashildi. Ijtimoiy sohadagi vazifalar ijrosi ustidan nazorat kuchaytirilgan holda olib borilmoqda.
Qonun buzilish holatlari
Aholi bandligini ta’minlash sohasida aniqlangan qonun buzilishi holatlari bo‘yicha 337 nafar shaxs intizomiy, ma’muriy va moddiy javobgarlikka tortildi, 34 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atildi hamda 1 283 nafar shaxsning buzilgan huquqlari tiklandi.
Ushbu sohada o‘tkazilgan o‘rganishlarda 31 087 ta yangi ish o‘rinlari hisobotlarga qo‘shib yozilganligi aniqlanib, aybdor shaxslar tegishli javobgarlikka tortildi. 174 nafar ishchi-xizmatchilarning kechiktirilgan 510 mln. so‘m ish haqlari undirib berilishi ta’minlandi.
Prokurorlar tashabbusi bilan 276 marotaba mehnat yarmarkalari o‘tkazilib, ularda 3 623 nafar ishsiz fuqarolar ishga joylashtirildi.
Tibbiyot, servis, issiqlik ta’minoti sohalari boʻyicha
Tibbiyot, kommunal xizmatlar va issiqlik ta’minoti boʻyicha o‘z yechimini topmagan masalalarning sabablarini aniqlab, ularni hal etish bo‘yicha kerakli choralar ko‘rilmoqda. Xususan, endokrinologiya kasalliklarini erta aniqlash hamda davolashda qabul qilingan normativ huquqiy hujjatlar ijrosini ta’minlashga doir tadbirlar izchil davom etmoqda. 2023-yilda respublikadagi 40 yoshdan oshgan 10,2 mln. nafar fuqarolarning 98,5 foizi qandli diabet uchun skriningdan o‘tkazilganligi ko‘rsatilgan. Bu masala o‘rganilganida esa 2023- yilda skriningdan o‘tkazilganligi qayd etilgan 670 ming nafar fuqarodan 69 ming nafari amalda umuman skriningdan o‘tkazilmasdan qo‘shib yozilganligi aniqlandi.
O‘rganishlar natijasiga ko‘ra, qandli diabet bo‘yicha 388 nafar fuqaroga nogironlik guruhi tayinlanishi, 7 650 nafar 40 yoshdan oshgan fuqarolar qayta skriningdan o‘tkazilishi hamda qonun buzilishi holatlariga yo‘l qo‘ygan mansabdor shaxslarga nisbatan tegishli choralar ko‘rilishi ta’minlandi.
Aholining kommunal xizmat ko‘rsatuvchi boshqaruv servis tashkilotlaridan bo‘lgan qarzdorligini undirish bo‘yicha zarur choralar ko‘rilmoqda.
Jumladan, boshqaruv servis tashkilotlarining debitor qarzdorligi joriy yilning 1-yanvar holatiga 561,8 mlrd. so‘mni tashkil etgan.
O‘tkazilgan xatlov jarayonida 550 mingga yakin mulkdorlarga majburiy to‘lovni to‘lab berish yuzasidan talabnomalar yuborildi, 270 mlrd. so‘m qarzdorliklarni undirish bo‘yicha sudlarga arizalar kiritildi, 268,5 mlrd. so‘m qarzdorlik undirildi.
Xuddi shu kabi, issiqlik ta’minoti korxonalarining xatlovda aniqlangan 271,8 mlrd. so‘m debitor qarzdorliklarining 168,9 mlrd. so‘mi undirilib, sudlarga 85,4 mlrd. so‘mlik arizalar kiritildi.
Tadbirkorlarga qanday yordam berildi?
Oʻtgan davrda tadbirkorlar, shu jumladan, xorijiy investorlarning 4 079 nafariga “Tez yordam” tamoyili asosida amaliy yordamlar ko‘rsatildi. Shundan 755 nafariga 155 mlrd. so‘m kredit, 139 nafariga 138 gektar yer maydoni, 31 nafariga bino ajratilishi, 284 nafariga ruxsatnoma va litsenziya berilishi, 1 635 nafarini muhandislik tizimiga ulanishida amaliy ko‘mak berildi. Natijada, faoliyat ko‘rsatmayotgan 2 412 ta tadbirkorlik subyektlarining faoliyati qayta tiklanishi hisobiga 2 mingdan ortiq ish o‘rinlari yo‘qotilishining oldi olindi.
Tadbirkorlar bilan 7 mingdan ziyod to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotlar o‘tkazilib, 5 mingdan ziyod murojaatlar hal etildi. 2 063 ta holatda tadbirkorlik faoliyatiga noqonuniy aralashuv va byurokratik to‘sqinliklar aniqlanib, bartaraf etildi hamda 1 513 nafar tadbirkorlarning buzilgan huquqlari tiklandi.
Huquqbuzarliklar va jinoyatchilikka qarshi kurash
Mazkur dastur ijrosi bo‘yicha olib borilgan nazorat tadbirlarida qonunni buzgan 250 nafar shaxs intizomiy va ma’muriy javobgarlikka tortildi, 174 nafar jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari tiklanishi
ta’minlandi. Shuningdek, qo‘pol qonun buzilishi holatlari bo‘yicha 39 ta jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, davlatga yetkazilgan 20 mlrd. so‘m zarar undirildi.
Huquqbuzarliklar va jinoyatchilikka qarshi kurashish borasidagi tadbirlar tizimli ravishda davom ettirilmoqda.
Ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida respublikadagi mahallalarning 6 403 tasida yoki 68 foizida jinoyat qayd etilmadi, 2 429 tasi yoki 25,7 foizida jinoyatchilik barqaror saqlanib qolinishiga va kamayishiga erishildi.



