$
 12875.06
13.23
 13406.80
-90.4
 124.75
-0.72
weather
+26
Кечаси   +14°

Yovvoyi hayvonlarni noqonuniy saqlab kelganlar uchun javobgarlik kuchaytirilmoqda

hayvon

Senatning ikkinchi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi Qonun ko‘rib chiqildi. Taʼkidlanganidek, hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanishda ayrim turdagi yovvoyi hayvonlarni jismoniy shaxslar tomonidan saqlashga oid taqiq belgilangan.

Shu bilan birga, jismoniy shaxslar tomonidan yarim erkin sharoitlarda, sunʼiy yaratilgan yashash muhitida yoki tutqunlikda saqlanishi taqiqlangan yovvoyi hayvonlarning ro‘yxati tasdiqlangan.

Mazkur ro‘yxatga kiritilgan yovvoyi hayvonlarni fuqarolar tomonidan noqonuniy saqlab kelinishi uchun qonunchilik hujjatlarida javobgarlik belgilanmaganligi natijasida yovvoyi hayvonlarni saqlash bilan bog‘liq qoidalarni qo‘pol tarzda buzish holatlari uchrayotganligi taʼkidlandi. Jumladan 2022–2024-yillarda fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘i uchun jiddiy xavf soluvchi 6 ta holat qayd etilgan.

Qonun bilan nimalar o‘zgardi?

Mazkur Qonun bilan Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga yarim erkin sharoitlarda, sunʼiy yaratilgan yashash muhitida yoki tutqunlikda saqlanishi taqiqlangan yovvoyi hayvonlarni jismoniy shaxslar tomonidan saqlaganlik va odamlarning sog‘lig‘iga, yuridik va jismoniy shaxslarning mol-mulkiga zarar yetkazganlik uchun javobgarlik belgilashni, shuningdek, hayvonlarni saqlash qoidalarini buzganlik uchun javobgarlikni kuchaytirishni nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

Xususan, Kodeks yangi 921-modda bilan to‘ldirilmoqda. Unga ko‘ra, yarim erkin sharoitlarda, sunʼiy yaratilgan yashash muhitida yoki tutqunlikda saqlanishi taqiqlangan yovvoyi hayvonlarni jismoniy shaxslar tomonidan saqlaganlik uchun ana shu hayvonlarni musodara qilib, fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solinishi belgilanmoqda.

Xuddi shunday huquqbuzarlik odamlarning sog‘lig‘iga, yuridik va jismoniy shaxslarning mol-mulkiga zarar yetishiga olib kelsa, bunday holatda jinoyat alomatlari mavjud bo‘lmasa, ana shu hayvonlarni musodara qilib, fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining o‘ttiz baravaridan ellik baravarigacha miqdorda jarima solinishiga sabab bo‘ladi.

Mansabdor shaxslarga ham jarima

Bundan tashqari, shaharlar va boshqa aholi punktlarida hayvonlarni saqlash qoidalarini buzish, xuddi shuningdek mansabdor shaxslar tomonidan egasiz hayvonlarni tuttirish va saqlash choralarini ko‘rmaslik uchun fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa besh baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solish nazarda tutilmoqda.

Agar shunday huquqbuzarlik odamlarning sog‘lig‘iga, yuridik va jismoniy shaxslarning mol-mulkiga zarar yetishiga olib kelsa, basharti jinoyat alomatlari mavjud bo‘lmasa, fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravaridan o‘n besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa o‘n besh baravaridan o‘ttiz baravarigacha miqdorda jarima solinishi belgilanmoqda.


Senatorlar taʼkidlaganidek, mazkur Qonun saqlanishi taqiqlangan yovvoyi hayvonlarning qonunga xilof ravishda saqlanishining oldini olishga, uy hayvonlarini saqlash tartibida nazarda tutilgan talablarga rioya etilishiga hamda aholining xavfsizligini taʼminlashga xizmat qiladi.

Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Теги :
Jamiyat