O‘zbekistonda yashayotgan barcha millat vakillari o‘zbek tilini bilishi shart – Alisher Qodirov
Qodirov shu tariqa Rossiya Davlat Dumasi raisi Vyacheslav Volodinning bayonotiga javob qaytardi.
2 daqiqa o‘qiladi

Qodirov shu tariqa Rossiya Davlat Dumasi raisi Vyacheslav Volodinning bayonotiga javob qaytardi.
“Milliy tiklanish” partiyasi yetakchisi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi vitse-spikeri o‘zbek tilini bilmaydigan shaxslarga davlat xizmatlari ko‘rsatishni taqiqlashni taklif qildi.
Rus tilini bilmaganligi sabab ko‘p muammolar paydo bo‘ladi
Davlat Dumasi spikeri Vyacheslav Volodin Rossiyaga rus tilini biladigan odamlarning mamlakat an’analarini hurmat qilgan holda ishlash uchun kelishi muhimligini aytdi.
Volodinning so‘zlariga ko‘ra, buning uchun do‘st davlatlar bilan ishlash, u yerda rus tilini o‘rganishi uchun sharoit yaratish kerak. Davlat Dumasi spikeri ushbu mavzuda Vazirlar Mahkamasi bilan ham samaraliroq hamkorlik qilish zarurligini qayd etdi.
"Endi biz sizni qabul qilib, hamma narsa bajarildi, deb ayta olmaymiz, bu odam ishlash uchun kelgan mamlakat hududida til o‘rganmaganligi sababli ko‘p muammolar paydo bo‘ladi, bu aniq. U bizning urf-odatlarimiz va madaniyatimizga munosabatda bo‘ladi va bundan keyin ham muammolar paydo bo‘ladi, biz buni oldini olishimiz kerak ", - dedi u.
Alisher Qodirov Volodinning gapiga munosabat bildirdi
Volodinning ushbu fikrlariga Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi rahbari Alisher Qodirov munosabat bildirdi.
“So‘zsiz, Rossiyaga ishga borayotganlar rus tilini bilishlari shart, lekin bu O‘zbekistonda yashayotgan ruslarning o‘zbek tilini bilishlari shart emas degani emas!” deydi Qodirov.
"O‘zbekistonda yashayotgan barcha millat vakillari o‘zbek tilini bilishi shart"
Uning aytishicha, O‘zbekistonda yashayotgan barcha millatli vatandoshlar o‘zbek tilini bilishlari shart.
“Qonunlarimizda bosqichma-bosqich bog‘cha va boshlang‘ich ta’limda boshqa millatli vatandoshlarga o‘z ona tili va qadriyatlarini o‘rganishiga sharoit yaratish bilan bir qatorda, o‘zbek tili majburiy o‘rganadigan til sifatida belgilanishi kerak”, deydi deputat.
O‘zbek tilini bilmaydigan inson davlat xizmatidan foydalanishi taqiqlanadi
Alisher Qodirov o‘zbek tilini bilmaydigan inson nafaqat davlat xizmatida ishlashi, balki davlat xizmatlaridan foydalanishi ham mumkin bo‘lmay qolishiga erishish zarurligini ta’kidlagan.
Alisher Qodirov o‘zbek tilini bilmaydigan shaxslarga davlat xizmatlari ko‘rsatishni taqiqlashni taklif qildi.
Eslatib o‘tamiz, Alisher Qodirov yanvar oyida ta’lim va televideniyeda rus tilidan foydalanishni qisqartirishni taklif qilgan edi.



