$
 12825.01
12.71
 13552.19
19.84
 128.62
0.25
weather
+26
Кечаси   +14°

O‘zbekiston yo‘llari qish mavsumiga tayyormi?

AOKAda o‘tkazilgan brifingda Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi axborot xizmati rahbari Nilufar Jumayeva ma’lumotlariga ko‘ra, avtomobil yo‘llarida qishki mavsumda uzluksiz va xavfsiz avtotransport harakatini ta’minlash alohida ahamiyat kasb etadi. 

Yo‘llar uchun rekord darajada texnika tayyorlandi

Qo‘mita tizim davlat muassasalari bo‘yicha jami 2 019 dona maxsus texnika, shundan, 365 dona qor tozalash va qum sepishga ixtisoslashgan mashina, 243 dona avtogreyder, 36 dona buldozer, 234 dona ekskavator va yuklagich, 1 141 dona old qor surgich bilan jihozlangan va qum-tuz aralashmasini tashishga mo‘ljallangan katta va kichik rusumdagi yuk avtomobillari tayyor holga keltirilgan. 

Joriy yilda avtomobil yo‘llarini joriy ta’mirlash va saqlash ishlarini bajarish uchun 964 dona, o‘tgan yili 378 dona yangi mashina-mexanizm, avtotransport vositalari va jihozlar sotib olingan. 

42 000 kmdan ortiq yo‘llar ta’mirlandi

Bugungi kunda umumiy tarmoq yo‘llarining 723,8 kilometridan ortiq qismlarida qayta qurish, to‘liq ta’mirlash ishlari olib borilmoqda. 177,7 kilometri joriy yil yakuniga qadar foydalanishga topshiriladi. Shuningdek, 2024-yil umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llari uchun ajratilgan mablag‘lar hisobidan 42 000 kmdan ortiq qismlarida joriy ta’mirlash ishlari bajarildi.

Yo‘l-qatnov qismlaridagi nuqsonlar bartaraf etilib, yotiq yo‘l belgilarini chizish (razmetka), yo‘l jihozlari va belgilarida ko‘rinishni yaxshilash, sun’iy inshootlarni tartibga keltirish ishlari yakunlanmoqda. 

Muzlama va sirpanchiqning oldini olish uchun nimalar qilindi?

Mutaxassisning ta’kidlashicha, qish mavsumida umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarida avtotransport vositalarining xavfsiz harakatlanishini ta’minlash, muzlama va sirpanchiqning oldini olish uchun jami 63,4 ming tonna texnik tuz, 149,66 ming metr kub qum zaxira qilingan, 89,19 ming tonna qum-tuz aralashmalari tayyorlangan. Qo‘mita tasarrufidagi tashkilotlar moddiy-texnika bazasi yildan yilga yangilanib, zamonaviylashtirib kelinmoqda. Bu esa o‘z navbatida avtotransport vositalarining avtomobil yo‘llarida xavfsiz harakatlanishini ta’minlashga, saqlash ishlari tez va sifatli bajarilishiga sharoit yaratib bermoqda. Yo‘l xo‘jaliklari moddiy-texnika bazasini yangilash va modernizatsiya qilish ishlari davom etmoqda. 

Shuni qayd etish lozimki, muzlamaga qarshi materiallar zaxirasi o‘tgan yilga nisbatan 1,5 barobar ko‘p tayyorlangan. 

Tog‘li hududlardan o‘tuvchi yo‘llarga alohida e’tibor

Tog‘li hududlardan o‘tuvchi (dovon) avtomobil yo‘llarida ob-havo keskin yomonlashib, avtotransport vositalari xarakati vaqtincha cheklanadigan, transport harakati tiklanmaguncha yo‘ldan foydalanuvchilarga xavfsizlik va qulaylikni ta’minlash uchun isitish punktlarini tashkil etish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilanib, amalga oshirish ko‘zda tutilmoqda. Xalqaro va davlat ahamiyatidagi avtomobil yo‘llarining 399 km qismi tog‘li hududlardan o‘tgan bo‘lib, ularga qish mavsumida alohida e’tibor qaratiladi. 

Qish mavsumi har doim ham yo‘lchilar uchun sinov davri bo‘lib kelgan. Bu yilgi qish mavsumi ham bundan mustasno emas. Sohaning bugungi kundagi texnik ta’minoti qish mavsumining injiqliklarini yengib o‘tishga xizmat qiladi.