Xorijiy til bo‘yicha S1 darajaga ega talabalarning o‘qituvchi sifatida ishlashiga ruxsat beriladi
Shuningdek, Yoshlar ishlari agentligiga qo‘shimcha funksiyalar yuklatildi.
3 daqiqa o‘qiladi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Yoshlarni xorijiy tillarga oʻqitish tizimi samaradorligini oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori (PQ-239-son, 27.06.2024-y.) qabul qilindi.
Yoshlar ishlari agentligiga qo‘shimcha funksiyalar yuklatildi
Qarorga koʻra, Yoshlar ishlari agentligi zimmasiga quyidagi qoʻshimcha funksiyalar yuklandi:
➖yoshlarni xorijiy tillarga oʻqitish jarayonlarini takomillashtirish, talab yuqori boʻlgan chet tillarini mukammal oʻzlashtirish uchun sharoitlarni kengaytirish;
➖xorijiy tillarni oʻqitish faoliyati bilan shugʻullanuvchi YATTlar, oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar hamda nodavlat taʼlim tashkilotlari (xususiy oʻquv markazlari), ushbu yoʻnalishda faoliyat yurituvchi boshqa nodavlat notijorat tashkilotlarini rivojlantirish va qoʻllab-quvvatlash, sohadagi muammolarni muntazam ravishda tahlil qilish va ularning yechimi boʻyicha takliflar tayyorlash;
➖xususiy oʻquv markazlari reytingini shakllantirish hamda reytingda yuqori oʻrinni egallaganlarni ragʻbatlantirish;
➖yoshlar orasida kasb-hunar va xorijiy tillarni oʻrganishni targʻib qilish, ushbu yoʻnalishdagi ijtimoiy loyihalar, koʻrik-tanlov va olimpiadalarni tashkil etish.
1 mln. 20 ming so‘m
Qarorga koʻra:
➖imtihon topshirish xarajati qoplanadigan xalqaro imtihon tizimlari boʻyicha ingliz, nemis, fransuz, koreys, xitoy va yapon tillaridan kamida S1 yoki unga tenglashtirilgan mos darajadagi sertifikat olgan yoshlarni imtihon topshirish xarajatlarini kompensatsiya qilishga qoʻshimcha ravishda oʻqish xarajatlarini qoplash uchun BHMning 3 baravari (1 mln.20 ming soʻm) miqdorida bir martalik moddiy ragʻbatlantirish tizimi joriy etiladi;
➖2024-yil 1-sentabrdan 2027-yil 1-yanvargacha yoshlarning nemis, fransuz, koreys, xitoy va yapon tillari boʻyicha xalqaro imtihon tizimlarida imtihon topshirish xarajatlari qoplab berilishi uchun ular tomonidan toʻplanishi lozim boʻlgan ballning (sertifikat darajasining) minimal koʻrsatkichi bir pogʻona pasaytiriladi.
Bo‘sh sinf xonalaridan tekin foydalanish huquqi
Shuningdek, umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining sinf xonalarini taʼlim jarayonidan boʻsh vaqtda kasb-hunar va xorijiy tillarni oʻqitish faoliyatini amalga oshirish uchun toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar asosida tekin foydalanish huquqi bilan xususiy oʻquv markazlariga berishga ruxsat etiladi.
Ishlashga ruxsat
2024-yil 1-oktabrdan:
➖Yoshlar ishlari agentligi har yili xususiy o‘quv markazlarining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri kesimidagi reytingini tuzadi hamda rasmiy veb-saytida e’lon qilib boradi;
➖reyting natijalariga ko‘ra olis va chekka hududlarda faoliyat ko‘rsatuvchi eng yuqori ko‘rsatkichga ega 100 ta xususiy o‘quv markazining ta’lim jarayonida foydalanadigan bino va inshootlar uchun ijara to‘lovi xarajatlarining bir qismi kompensatsiya qilinadi.
➖ 2024–2026-yillarda oliy ta’lim tashkilotlarining xorijiy til filologiyasi ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha 3 va 4-kursda tahsil olayotgan hamda kamida S1 darajadagi sertifikatga ega talabalariga umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va professional ta’lim tashkilotlarida o‘qituvchi sifatida mehnat faoliyatini amalga oshirishiga ruxsat etiladi.
➖2024/2025-o‘quv yilidan ota-onalar va o‘quvchilar talabidan kelib chiqib, ixtisoslashtirilgan maktablar va kasb-hunar maktablarida chet tili sifatida nemis, fransuz, koreys, xitoy va yapon tillarini o‘qitishni yo‘lga qo‘yiladi.
➖2025-yil 1-yanvargacha ingliz tili, keyingi yillarda boshqa xorijiy tillar va zamonaviy kasblarni o‘rgatish bo‘yicha dunyoning yetakchi markazlari, oliy ta’lim tashkilotlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yiladi hamda ularning xalqaro ta’lim standartlariga mos ta’lim dasturlari “Ibrat farzandlari” va “Ustoz” loyihalariga tatbiq etiladi.



