$
 12910.15
-14.77
 14660.77
40.1
 159.78
-0.16
weather
+26
Кечаси   +14°
textileads

“Propiska” cheklovi haqidagi qonun butunlay bekor qilinadi

propiska

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tishi va turar joyi bo‘yicha xabardor qilishi tartibi to‘g‘risida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi. Ushbu qonun loyihasi respublikada doimiy yashash joyi va vaqtincha turgan joy bo‘yicha ro‘yxatga olishning yagona tartibini joriy etishga qaratilgan. 

Byurokratik to‘siqlar 

Qayd etilishicha, bugungi kunda amalda bo‘lgan “Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olinishi lozim bo‘lgan shaxslar – O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari toifalarining ro‘yxati to‘g‘risida”gi qonun sababli fuqarolarni Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy yoki vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tkazishda byurokratik to‘siqlar yuzaga kelmoqda. Ko‘rib chiqilgan qonun loyihasi bilan ushbu qonun bekor qilinib, respublika bo‘yicha fuqarolarning yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tishining yagona tartibini joriy etish, shuningdek, vaqtincha turgan joy bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tish tartibini takomillashtirgan holda turar joy bo‘yicha xabardor qilish tizimini joriy etish taklif qilinmoqda.

Endi Respublika bo‘yicha bir xil tartib amal qiladi

Endilikda Toshkent shahri va Toshkent viloyati uchun alohida, boshqa viloyatlar uchun esa alohida ro‘yxatga olish tartibi bo‘lmaydi, bunday amaliyotdan voz kechiladi, respublika bo‘yicha bir xil tartib amal qiladi. Bundan tashqari, aholining ayrim ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini ijtimoiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash maqsadida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 223-moddasida belgilangan pasport tizimi qoidalarini buzganlik uchun javobgarlikni liberallashtirish nazarda tutilgan. Jumladan, 18 yoshgacha bo‘lgan, 60 yoshdan oshgan yoki to‘liq davlat ta’minotida bo‘lgan, shuningdek jazoni ijro etish muassasasidan jazoni o‘tab chiqqan, favqulodda vaziyatlar, turar yoki noturar joylarning yonishi, qulashi, transport vositalarining yonishi kabi hodisalar ro‘y berganligi oqibatida jabrlangan shaxslar endilikda pasport tizimi qoidalarini buzganlik uchun javobgarlikdan to‘liq ozod etiladi.

“Propiska” bekor bo‘lganidan keyin Toshkent O‘zbekiston Respublikasiga qo‘shildi

Shu o‘rinda qiziqchi Avaz Oxunning mavzuga mos chiqishini eslab o‘tishni ma’qul topdik. "O‘zbekiston fuqarosidan Toshkentda pasport so‘rardi. Pasportingni ko‘rsatsang, "propiska"ngni ko‘rsat, der edi. Toshkentga kelsam, boshqa Respublikaga kelib qoldim deb o‘ylardim. "Melisa"ni ko‘rsak, qochardik. "Melisa" ham o‘zimni andijonligim. Ikki andijonlik Toshkentda bir-birini quvlab yuribdi. "Propiska" bekor bo‘lganidan keyin Toshkent O‘zbekiston Respublikasiga qo‘shildi. Meni "propiska"ng yo‘q ekan, deb birorta teatr ishga olmagan. Talanting bor ekan, biror narsani qoyil qilarkansan degan gap yo‘q, "propiska" so‘rardi", — deb eslaydi qiziqchi.