$
 12076.18
20.37
 13995.09
-13.76
 169.47
0.41
weather
+26
Кечаси   +14°

Toshkent — Samarqand “superyo‘li” Xivagacha cho‘zilishi mumkin: Mega loyiha qachondan start oladi?

poyezd

O‘zbekistonda yangi tezyurar temiryo‘l qurilishi rejalashtirilmoqda. Dastlab Toshkent va Samarqand orasida quriladigan yangi magistral keyinchalik Xivagacha uzaytirilishi mumkin. Agar loyiha to‘liq amalga oshsa, Toshkentdan Xivagacha borish vaqti hozirgi 7,5 soatdan 5 soatgacha qisqaradi.

Xo‘sh, yangi magistral qurilsa, Toshkentdan Samarqandga nechi soatda yetib borsa bo‘ladi?

Toshkent — Samarqand orasidagi yo‘l atigi 1 soat 40 daqiqa

Transport vaziri o‘rinbosari Jasurbek Choriyev Samarqandda o‘tgan Osiyo taraqqiyot banki yig‘ilishida Toshkent — Samarqand tezyurar magistralining 300 kilometrlik qismi loyihasi tayyor bo‘lganini aytdi. Yangi yo‘lda poyezdlar soatiga 300 kilometrgacha tezlikda harakatlana oladi va Toshkentdan Samarqandgacha borish vaqti 1 soat 40 daqiqagacha tushadi.

Uning aytishicha, keyinchalik bu yo‘lni Navoiy, Buxoro va Xivagacha davom ettirish rejalashtirilmoqda. Vazirlik “nega uni Xivagacha uzaytirmaslik kerak?” degan fikrni ham ilgari surgan.

Loyiha murakkab bo‘lishiga qaramay, texnik-iqtisodiy hujjatlar 14 oy ichida tayyorlangan. Dastlab bu jarayon 15 oy davom etib, 2026-yil martida tugashi rejalashtirilgan edi.

Qurilish 2026-yildayoq boshlanishi mumkin

Hozir Transport vazirligi Jahon banki bilan birga loyihani qayta ko‘rib chiqmoqda. Maqsad — uni investorlar uchun yanada jozibador qilish va xalqaro tender e’lon qilish.

Jasurbek Choriyevning aytishicha, qurilish ishlarini 2026-yilning o‘zidayoq boshlashga harakat qilinmoqda. Koreya Eksport-import banki vakili Sangjin Kang esa loyiha to‘liq ishga tushishi 2030-yillarning birinchi yarmiga mo‘ljallanganini aytgan. Uning hisobicha, qurilish 7 yildan 10 yilgacha davom etishi mumkin.

Loyihaning birinchi variantiga ko‘ra, temiryo‘l uzunligi 282 kilometr bo‘ladi. Yo‘lda 74 ta ko‘prik va 3 ta tunnel qurilishi rejalashtirilgan. Poyezdlarning o‘rtacha tezligi esa 185,7 km/soatni tashkil etadi.

Yangi magistralda Hyundai poyezdlari yurishi mumkin

Yangi temiryo‘l loyihasining texnik asoslari Janubiy Koreya Eksimbankining 3 million dollarlik granti yordamida tayyorlangan. Bu ishda Saman Engineering, Dong Myeong Engineering, KORAIL va Korea National Railway kabi yirik kompaniyalar qatnashgan.

Yangi magistralda Janubiy Koreyaning Hyundai Rotem tezyurar poyezdlaridan foydalanish rejalashtirilmoqda. Hozirning o‘zida Toshkent va Xiva o‘rtasida ushbu poyezd sinov tariqasida qatnay boshlagan. U 7 ta vagondan iborat bo‘lib, soatiga 260 kilometrgacha tezlikda harakatlana oladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev ham 2024-yilda Toshkent — Samarqand va Samarqand — Navoiy — Buxoro yo‘nalishlarida yangi tezyurar temiryo‘l qurilishi haqida gapirgandi. 2025-yil dekabridagi murojaatida esa Toshkent — Samarqand yangi liniyasi qurilishi rasman e’lon qilingan edi. Prezident topshirig‘iga ko‘ra, xorijiy konsultantlar bilan loyiha hujjatlari 2026-yil 1-maygacha tayyorlanishi belgilangan.

Теги :
Jamiyat