$
 12927.17
36.74
 14717.58
-3.29
 155.73
-0.31
weather
+26
Кечаси   +14°
oguads

2025-yil 8-fevralning eng muhim voqealari dayjesti

8-fevral dayjesti

“Soyali sayr ko‘chalari” tarmog‘i yaratiladi

O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida"gi Prezident Farmoni qabul qilindi. Farmonga muvofiq, 2025-yilda mahallalarning ekologik qiyofasini yaxshilash, ko‘chalarda yashillik darajasini oshirish, ekologik jihatdan qulay va farovon yashash muhitini shakllantirish borasida quyidagilar ta’minlanadi:

aholi uchun barpo etilayotgan piyodalar va alohida velosiped yo‘laklari bo‘yida daraxtlar va o‘simliklarni ekish orqali “Soyali sayr ko‘chalari” tarmog‘i yaratilishi, sohil va daryo bo‘ylarida 80 ta infratuzilma ob’yekti va 110 kilometrdan ortiq sog‘lomlashtirish yo‘laklari qurilishi;

“Yashil makon” umummilliy loyihasi va “Mening bog‘im” loyihasi doirasida 200 million tup daraxt hamda butalar ekilishi, “yashil bog‘lar” va “yashil jamoat parklari”da quyosh panellari yordamida quvvatlanuvchi yoritgichlardan foydalanilishi;

Orol dengizi tubida 100 ming gektar “yashil maydon” barpo etilishi va Orolbo‘yi mintaqasidagi o‘rmonzorlar 2,1 million gektarga yetkazilishi;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Jizzax va Qashqadaryo viloyatlarining tanlangan hududlarida sho‘r va suvsizlikka chidamli o‘simliklar (galofit) bog‘lari tashkil etilishi;

jamoatchilik, ekofaollar va biznes vakillarining tabiatni muhofaza qilish bo‘yicha tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash akseleratsiya tizimi joriy etilishi.

Navoiyning ikki tumaniga yangi IIB boshliqlari tayinlandi

Ichki ishlar vazirining tegishli buyrug‘i bilan Navoiy viloyatining ikki tumaniga yangi IIB boshliqlari tayinlandi. Bu haqda viloyat IIB axborot xizmati xabar berdi. Buyruqqa ko‘ra, Jo‘rayev Husniddin Nurillayevich Tomdi tumani ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i lavozimiga tayinlangan.

Jo‘rayev 1979-yilda Navoiy viloyati, Nurota tumanida tug‘ilgan. Ma’lumoti oliy, 2001-yilda IIV akademiyasini, 2012-yilda IIV Akademiyasi Oliy akademik kursini tugatgan.

U mazkur tayinlovga qadar Uchquduq tumani ichki ishlar bo‘limi boshlig‘ining 1-o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan.

Shuningdek, tegishli buyruq bilan Ikromov Aziz Yusuf o‘g‘li Karmana tumani ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i lavozimiga tayinlangan.

Aziz Ikromov 1982-yilda Navoiy viloyati, Karmana tumanida tug‘ilgan. Ma’lumoti oliy, 2005-yilda IIV akademiyasini, 2015-yilda IIV Akademiyasi Oliy akademik kursini tamomlagan.

Prezident “Alisher Navoiy va Sharq Renessansi” IV xalqaro simpoziumi ishtirokchilariga tabrik yo‘lladi

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 8-fevral kuni “Alisher Navoiy va Sharq Renessansi” IV xalqaro simpoziumi ishtirokchilariga tabrik yo‘lladi. Davlat rahbari o‘z tabrigida Navoiy nomidagi shahrida ilk bor o‘tkazilayotgan ushbu nufuzli forum xalqaro miqyosda e’tirof etilayotganini ta’kidlab, unda Osiyo, Afrika, Yevropa va Amerika davlatlaridan taniqli olimlar ishtirok etayotganini qayd etdi.

Shuningdek, Prezident A.Navoiy ijodiy merosining jahon adabiyoti va tafakkuri tarixidagi o‘rni, uning insonparvarlik, adolat va ezgulik g‘oyalarini tarannum etgan asarlarining ahamiyatini alohida e’tirof etdi. Davlat rahbari buyuk mutafakkir asarlarini chuqur o‘rganish va targ‘ib etish O‘zbekistonda Uchinchi Renessans barpo etish jarayonida muhim manba ekanini ta’kidladi.

Shavkat Mirziyoyev simpozium ishtirokchilarini samimiy qutlab, ularga ilmiy va ijodiy faoliyatlarida muvaffaqiyatlar tiladi.

7 000 nafar o‘zbekistonlik Rossiya kompaniyalariga ishga joylashtiriladi

O‘zbekiston hukumati huzuridagi Migratsiya agentligi vatandoshlarni tashkiliy tarzda ishga joylashtirish bo‘yicha bir qator Rossiya kompaniyalari bilan shartnomalar imzoladi. Agentlik direktori Behzod Musayev Moskvaga xizmat safari davomida Rossiyada faoliyat yuritayotgan 20 ga yaqin kompaniya rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Muloqot tomonlar uchun samarali kechdi. Yakunda Ant Yapi, Ozon Community, PEK va SPAR Middle Volga kompaniyalari bilan 7 000 nafar hamyurtimizni mazkur kompaniyalarga tashkiliy tarzda ishga joylashtirish bo‘yicha hamkorlik shartnomalari imzolandi.

Ulardagi sharoit, oylik maoshlar o‘rganilgan. Nomzodlarni saralash tadbirlari O‘zbekiston hududlarida fevral oyida bo‘lib o‘tadi.

Теги :
Jamiyat