$
 12927.17
36.74
 14717.58
-3.29
 155.73
-0.31
weather
+26
Кечаси   +14°
textileads

2025-yil 18-fevralning eng muhim voqealari dayjesti

18-fevral dayjesti

Toshkentning Glinka ko‘chasida ko‘p qavatli biznes markazi quriladi

Yakkasaroy tumanidagi Glinka ko‘chasida turar joy, biznes markazi va mehmonxonadan iborat uchta ko‘p qavatli bino qurilishi mumkin. Xorijiy investor loyihani tuman hokimi Nilufar Allabergenovaga taqdim etdi. 

Toshkent shahrining Yakkasaroy tumanidagi Glinka ko‘chasida biznes markazi qurish taklif etildi, deya xabar berdi tuman hokimligi matbuot xizmati.

Tuman hokimi Nilufar Allabergenova ushbu tashabbus bilan chiqqan investor Griffin Development kompaniyasi vakili bilan uchrashuv o‘tkazdi. Uchta ko‘p qavatli binodan iborat loyiha doirasida biznes markazi, zamonaviy mehmonxona, maishiy xizmat ko‘rsatish majmualari va qulay infratuzilmaga ega turar-joy barpo etiladi.

“Bu esa nafaqat tumanning arxitektura qiyofasini yangilashga, balki yangi ish o‘rinlari yaratish orqali aholining bandligini oshirishga ham xizmat qiladi”, — deyiladi xabarda.

Xitoy O‘zbekistondagi xorijiy kompaniyalar soni bo‘yicha yetakchiga aylandi

2024-yil yakunlariga ko‘ra, Xitoy O‘zbekiston iqtisodiyotida o‘z mavqeini yanada mustahkamladi. Ushbu mamlakat nafaqat eng yirik investor, balki savdo hamkori va xorijiy kompaniyalar soni bo‘yicha ham yetakchilikka chiqdi. Xitoy investitsiyalari yetakchilik qildi — O‘zbekistonda o‘zlashtirilgan xorijiy investitsiyalar hajmida Xitoyning ulushi 27,9 foizni tashkil etdi. Ikkinchi o‘rinda Rossiya – 13,2 foiz. O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi savdo hajmi $12,5 milliardga yetdi, Rossiya bilan esa $11,6 milliardni tashkil etdi. Xitoy kompaniyalari soni rekord darajada o‘sdi — 3 357 ta kompaniya bilan Xitoy xorijiy kompaniyalar soni bo‘yicha yetakchiga aylandi. Rossiya esa 2 937 ta kompaniya bilan ikkinchi o‘ringa tushib qoldi.

AQSh noqonuniy o‘zbekistonlik migrantlarni Kosta Rikaga deportatsiya qiladi

AQSh hukumati mamlakatdagi noqonuniy muhojirlarni, jumladan, Markaziy Osiyo va Hindistondan kelgan 200 dan ortiq shaxsni Kosta Rikaga deportatsiya qiladi. The New York Times xabariga ko‘ra, Kosta Rika ushbu migrantlarni o‘z vatanlariga qaytishida “ko‘prik davlat” sifatida xizmat qiladi. Deportatsiya jarayoni 19-fevraldan boshlanib, muhojirlar tijorat reyslari orqali Kosta Rikaga olib kelinadi. Ular vaqtincha maxsus markazga joylashtirilib, Xalqaro migratsiya tashkiloti nazorati ostida bo‘lishadi. Jarayon to‘liq AQSh hukumati tomonidan moliyalashtiriladi.

O‘zbekiston Umra safarlari bo‘yicha dunyoda 10-o‘rinda

2024-yilda 461,5 ming o‘zbekistonlik Umra ziyoratini ado etdi. Bu haqda ayni paytda O‘zbekistonda bo‘lib turgan Saudiya Arabistoni Hajj va Umra vaziri Tovfiq bin Favzon ar-Rabi’a ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston Umra safariga chiqqanlar soni bo‘yicha dunyoda 10-o‘rinni egalladi. Ushbu ko‘rsatkich 2023-yilga nisbatan 10% ga kamaygan bo‘lsa-da, O‘zbekiston Markaziy Osiyoda birinchi o‘rinda turibdi.

“Bu raqamlar o‘zbek xalqining muqaddas maskanlar bilan qanchalik bog‘liq ekanini ko‘rsatadi. Saudiya Arabistoni hukumati Umra ziyoratini qulay va uzluksiz tashkil etish uchun barcha sharoitlarni yaratishga intilmoqda”, — dedi Saudiya Hajj va Umra vaziri.

Теги :
Jamiyat