Seshanba, 20-oktabr, 2026
Havo 91 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
☀ +9° kechasi +8°

2025-yil 7-yanvarning eng muhim voqealari dayjesti

Havo ifloslanishini nazorat qiluvchi stansiyalar, biznes va tadbirkorlik oliy maktabining yangi vazifalari, qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi jamg‘armasi tashkil etilishi, Toshkent—Hojikent yo‘nalishida Janubiy vokzaldan boshlanadigan elektropoyezdlar — kunning eng muhim xabarlari bilan tanishing.

3 daqiqa o‘qiladi

2025-yil 7-yanvarning eng muhim voqealari dayjesti

Toshkentda havo ifloslanishini nazorat qiluvchi yana uchta avtomatik stansiya o‘rnatildi

Zamin jamg‘armasi va O‘zgidromet qo‘shma loyihasi doirasida Toshkent shahrida havo ifloslanishini nazorat qiluvchi yana uchta avtomatik stansiya ishga tushirildi. 

Toshkentda havo ifloslanishini nazorat qiluvchi uchta yangi avtomatik stansiya ishga tushirildi. Ular Zamin jamg‘armasi va O‘zgidromet agentligining “Atmosfera havosi ifloslanishi monitoringini avtomatlashtirish” qo‘shma loyihasi doirasida o‘rnatildi. Jamg‘arma matbuot xizmati xabariga ko‘ra, O‘zbekistonda loyiha boshlanganidan buyon monitoring.meteo.uz milliy platformasining yagona ma’lumotlar bazasiga 19 ta avtomatik stansiya ulangan.

Ushbu saytda ular binafsha rangda, uchta yangi esa to‘q yashil rangda belgilangan. Xususan, bittasi «Uch qahramon» posti hududida, ikkinchisi “Zenit” zavodi hududida va uchinchisi “Yangi O‘zbekiston” bog‘i yonida o‘rnatildi. Stansiyalar shunchaki detektor yoki datchiklar emas, balki havo ifloslanishini monitoring qilish uchun to‘liq jihozlangan laboratoriyalar hisoblanadi.

Biznes va tadbirkorlik oliy maktabining vazifalari belgilandi

Hukumat “O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni qabul qildi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi negizida Vazirlar Mahkamasi huzurida Biznes va tadbirkorlik oliy maktabini tashkil etish nazarda tutilgan.

Oliy maktab faoliyatining asosiy ustuvor yo‘nalishlari:

 magistrlarni “Biznes-boshqaruv” (MBA) va iqtisodiyotning boshqa talab yuqori yo‘nalishlari bo‘yicha tayyorlash, shuningdek oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim;

 vazirlik va idoralar, mahalliy hokimiyatlar vakillari, hokim o‘rinbosarlari va iqtisodiyot tarmoqlaridagi kadrlarni zamonaviy iqtisodiy bilimlar bo‘yicha malakasini oshirish va qayta tayyorlash;

 “yashil” texnologiyalarni joriy etishning institutsional asoslarini rivojlantirish, yetakchi xorijiy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik qilish;

 kichik innovatsion biznes va startap g‘oyalarini loyiha darajasiga yetkazishda, shu jumladan professional mutaxassislar tomonidan mentorlik xizmatlarini ko‘rsatishda konsalting xizmatlarini ko‘rsatish.

Oliy maktabda ta’lim jarayoni davlat granti va pullik shartnoma asosida kunduzgi, sirtqi, kechki va masofaviy ta’lim shaklida o‘zbek, rus, ingliz tillarida amalga oshiriladi. Ta’limni muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilarga davlat namunasidagi diplom topshiriladi.

O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi jamg‘armasi tashkil etilishi kutilmoqda

Oliy Majlis qonunchilik palatasining 2025-yil 7-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan majlisida “Qishloq xo‘jaligi tavakkalchiliklarini sug‘urta qilish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqilib, qabul qilindi.

Ushbu qonun loyihasi bilan qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilarni sug‘urta qoidalariga asosan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishda tabiiy ofatlar, yong‘in, o‘simliklarning kasalliklar va zararkunandalardan talofat ko‘rishi, chorva mollarining yuqumli kasalliklardan nobud bo‘lishi va zaharlanishi hamda yovvoyi hayvonlar tomonidan ekinlarga zarar yetkazilishi bo‘yicha sug‘urta shartnomalarini tuzish nazarda tutilmoqda.

Shuningdek, qishloq xo‘jaligi sug‘urtasining davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning huquqiy asoslarini belgilash, qishloq xo‘jaligi sohasida tavakkalchiliklarini sug‘urtalash jarayonida ishtirok etuvchi subyektlarning huquq va majburiyatlari belgilanmoqda.

Toshkent—Hojikent yo‘nalishidagi elektropoyezd endi Janubiy vokzaldan harakatlanadi

Toshkent— Hojikent yo‘nalishida harakatlanuvchi tezyurar yo‘lovchi elektropoyezdlar 10-yanvardan boshlab Janubiy vokzaldan harakatlanadi. Bu haqda “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” matbuot xizmati xabar berdi.

Yo‘nalish jadvali quyidagicha:

7201-sonli Toshkent janubiy— Hojikent: Toshkent janubiy 06:24 — Hojikent 07:43;

7202-sonli Hojikent—Toshkent janubiy: Hojikent 08:20 — Toshkent janubiy 09:41;

7203-sonli Toshkent janubiy—Hojikent: Toshkent janubiy 12:39 — Hojikent 13:58;

7204-sonli Hojikent—Toshkent janubiy: Hojikent 14:33 — Toshkent janubiy 15:54;

7205-sonli Toshkent janubiy—Hojikent : Toshkent janubiy 18:35 — Hojikent 19:54;

7206-sonli Hojikent—Toshkent janubiy: Hojikent 20:23 — Toshkent janubiy 21:42;

6440-sonli Hojikent—Toshkent janubiy: Hojikent 06:22 — Toshkent janubiy 08:56;

6442-sonli Hojikent—Toshkent janubiy: Hojikent 05:20 — Toshkent janubiy 07:53.