2025-yil 4-yanvarning eng muhim voqealari dayjesti
Germaniya vizasini onlayn olish imkoni, SHHT bosh kotibining o‘rinbosari etib tayinlangan O‘zbekiston vakili, Humoyun Sultonovning Australian Open’dagi ilk raqibi, Toshkent ko‘chalari bo‘ylab harakatlangan harbiylar — kunning eng muhim xabarlari bilan tanishing.
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston vakili SHHT bosh kotibining o‘rinbosari etib tayinlandi
O‘zbekiston vakili Botir Tursunov Shanxay hamkorlik tashkiloti bosh kotibi o‘rinbosari etib tayinlandi va 1-yanvardan vazifasini bajarishga kirishdi. Tursunov Toshkent davlat sharqshunoslik instituti (hozirgi Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti) va O‘zbekiston Fanlar akademiyasi I.Mo‘minov nomidagi Falsafa va huquq institutini tamomlagan. 2023-yildan O‘zbekistonning XXRdagi elchixonasi maslahatchi-vakili, SHHT kotibiyati huzuridagi doimiy vakil bo‘lib ishlab kelmoqda. Falsafa fanlari nomzodi, 25 dan ortiq ilmiy ishlar muallifi.
Humoyun Sultonovning Australian Open’dagi raqibi ma’lum
Ertaga Melburnda tennis bo‘yicha yilning dastlabki "Katta dubulg‘a" turniri - Australian Open start oladi. Tennischimiz turnirdagi ilk uchrashuvini kolumbiyalik Daniel Elaxi Galanga qarshi o‘tkazadi. Galan ushbu saralash bosqichining 20-raqamli tennischisi sifatida saralangan. Taqqoslash uchun, Humoyun ayni paytda dunyo reytingida 223, Galan esa 126-o‘rinni egallab turibdi. Uchrashuv O‘zbekiston vaqti bilan 6-yanvar tongida soat 04:00 dan so‘ng 8-kortda boshlanadi.
O‘zbekistonliklarda Germaniya vizasini onlayn olish imkoni paydo bo‘ldi
2025-yil 1-yanvaridan o‘zbekistonliklarda Germaniya vizasini onlayn olish imkoni paydo bo‘ldi. Germaniyaning dunyo bo‘ylab 167 ta davlatda viza bo‘limi raqamli tizimga o‘tadi. Ushbu davlatlar qatorida O‘zbekiston ham bor. Xizmat 28 turdagi vizalarga amal qiladi. Endilikda o‘zbekistonliklar ham Germaniyada ishlash yoki o‘qishni istasa, Konsullik xizmatlari portali yordamida vizaga onlayn tarzda murojaat qilishi mumkin bo‘ladi va ariza topshirishda pochta orqali hujjat yuborishga hojat qolmaydi.
Tinchilikmi?: Toshkent ko‘chalari bo‘ylab harbiylar harakatlandi
Mudofaa vazirligi va Milliy gvardiya harbiy bo‘linmalari Toshkent ko‘chalari bo‘ylab harakatlandi. Harbiy bo‘linmalar “G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasidan boshlab “Magic City” maydoniga qadar shahdam qadamlar va jangovar qo‘shiqlar bilan harakatlandi. Marsh O‘zbekiston Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 33-yilligi munosabati bilan o‘tkazildi.



