$
 12171.61
-24.39
 14117.85
-23.41
 149.80
-1.94
weather
+26
Кечаси   +14°

2025-yil 4-yanvarning eng muhim voqealari dayjesti

4-yanvar dayjesti

“UzAuto Motors Powertrain”ga vaqtinchalik yangi rahbar tayinlandi

Saidazim Mirkamolovich G‘ulomov “UzAuto Motors Powertrain” AJ bosh direktori vazifasini vaqtincha bajaruvchi etib tayinlandi. Bu haqda Istiqbolli loyihalar milliy agentligi korporativ axborot yagona portalida e’lon qilindi. Qayd etilishicha, mazkur qaror 2024-yil 26-dekabrda kompaniya aksiyadorining yig‘ilishida qabul qilingan.

Saidazim G‘ulomov yangi rahbar tayinlangunga qadar kompaniya rahbari vazifasini bajaruvchi bo‘lib qoladi. Yangi bosh direktorni tayinlash bo‘yicha qaror 2025-yilning 30-iyunga qadar qabul qilinishi kutilmoqda.

Ma’lumot uchun, “UzAuto Motors Powertrain” zamonaviy ikkinchi avlod B-DOHC (Double Overhead Camshaft) benzin va ikki yoqilg‘ida ishlovchi, shuningdek, turbo va atmosferali CCSS (Cylinder Set Strategy) Prime dvigatellarini ishlab chiqaradi. Kompaniya Onix, Tracker va Cobalt kabi mashhur modellar uchun ishlatiladigan 1,2 litr va 1,5 litr hajmli dvigatellarni ishlab chiqaradi.

16 qavatdan baland binolar, savdo majmualari va avtoturargohlar uchun qurilish qoidalari ishlab chiqiladi

16 qavatdan baland binolar, savdo markazlari va avtoturargohlar uchun loyihalashtirish va qurilish qoidalari va me’yorlari ishlab chiqiladi. Bu haqda prezidentning 2024-yil 27-dekabrdagi farmoniga muvofiq “yo‘l xaritasi”da aytilgan.

Hujjatda shaharlarning zonalarga ajratilgan avtoturargohlarni rejalashtirish me’yorlarini qayta ko‘rib chiqish haqida ham so‘z yuritiladi. Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligiga 2025-yil dekabr oyiga qadar shaharsozlik me’yorlari va qoidalarini ishlab chiqish topshirildi.

Milliy “Shaffof qurilish” axborot tizimida tadbirkorlar lizing asosida olgan texnikalarini hisobga olish uchun o‘zgarishlar kiritish belgilangan. 2025-yil avgustiga qadar Qurilish vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Ichki ishlar vazirligi va Savdo-sanoat palatasi Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasini ishlab chiqishlari lozim.

Bundan tashqari, prezident qurilishda energiya tejamkor va energiyani tejovchi qurilish materiallari (gazobeton, penobeton, polistirolbeton, bazalt asosidagi issiqlikni tejaydigan materiallar, polistiroldan yasalgan sendvich panellar)dan foydalanish bo‘yicha mavjud standartlarni qayta ko‘rib chiqish va takomillashtirishni topshirdi.

Qurilish vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi texnik me’yoriy tartibga solish sohasida me’yoriy hujjat ishlab chiqadi. Bajarish muddati — 2025-yil dekabr.

O‘zbekiston kimyosanoat sohasida Xitoy bilan loyihalar amalga oshiradi 

“O‘zkimyosanoat” AJ va Xitoyning “China Huanqiu Contracting & Engineering Corporation (HQC)” kompaniyasi mas’ullari o‘rtasida uchrashuv o‘tkazildi.

Muloqot chog‘ida tomonlar o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash xususida so‘z yuritdi. Xususan, unda ishlab chiqarish jarayonlariga investitsiyalarni jalb etish va yangi o‘zaro manfaatli loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama markazida bo‘ldi.

Shuningdek, uchrashuvda “Navoiyazot” AJ negizida ammiak va karbamid ishlab chiqarish hamda “Ammofos-Maxam” AJda fosfogips chiqindisini qayta ishlash orqali sulfat kislotasi ishlab chiqarish loyihalari muhokamasiga ahamiyat qaratildi.

Muzokaralar yakunida tomonlar ushbu loyihalarni birgalikda amalga oshirish bo‘yicha hujjatlar imzoladi.

O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tmagan xorijiy elektron savdo platformalarining faoliyati taqiqlandi

Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekistonda elektron tijorat sohasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Hujjatga ko‘ra, elektron tijorat operatorlari (elektron savdo platformasi, buyurtmalar agregatori va raqamli striming xizmati operatorlari) sifatida faqat yuridik shaxslar – O‘zbekiston rezidentlari faoliyat yuritishi mumkin.

Bunda elektron shartnoma yoki bitimlar orqali hech qanday majburiyatlar olmaydigan, foydalanuvchilarga o‘zining axborot resursi yoki platformasi orqali tovar (ish, xizmat) hamda raqamli mahsulotlar haqida ma’lumot yoki axborot berish bilan cheklanadigan yuridik shaxs va (yoki) YaTT elektron tijorat operatori hisoblanmaydi. 

2025-yil 1-iyuldan elektron tijorat operatorlari faoliyati xabardor qilish tartibida amalga oshiriladi. Bunda faoliyatni amalga oshirayotgan sub’yektlar quyidagi shart va talablarga rioya etishlari lozim: 

O‘zbekiston yuridik shaxsi shaklida davlat ro‘yxatidan o‘tish;

elektron tijorat, shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish, mualliflik va turdosh huquqlar, iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish, reklama sohasidagi qonunchilik va boshqa qonunchilik hujjatlari talablariga rioya etish;

vakolatli organning so‘roviga muvofiq elektron tijorat sub’yektlarining faoliyatiga oid ma’lumotlarni bepul taqdim etish;

chakana savdo qoidalari talablariga rioya qilish;

elektron tijorat ishtirokchilariga xizmatlar ko‘rsatish uchun zarur darajada ishlashi ta’minlangan axborot tizimining mavjudligi va boshqalar.

Теги :
Jamiyat