2025-yil 3-yanvarning eng muhim voqealari dayjesti
“Australian Open” yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan Humoyun Sultonov, yo‘l haqini kaft bilan to‘lash tizimining yo‘lga qo‘yilishi Shomurodovni o‘z safiga qo‘shib olishni rejalashtirayotgan “Venetsiya”, tadbirkorlarni tarmoqdan uzishni to‘xtatish — kunning eng muhim xabarlari bilan tanishing.
2 daqiqa o‘qiladi

Humoyun Sultonov “Australian Open”da ishtirok etadi
O‘zbekistonlik tennischi Humoyun Sultonov yanvar oyida bo‘lib o‘tadigan yilning ilk “Katta dubulg‘a” tasnifidagi turniri Avstraliya Ochiq chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. O‘zbekistonning birinchi raketkasi hisoblangan Sultonov faoliyatida ilk bor Avstraliya Ochiq chempionati, ya’ni “Australian Open”da qatnashadi. Aniqrog‘i, Humoyun musobaqaning yakkalik dasturi saralash bosqichida ishtirok etadigan tennischilar ro‘yxatiga kiritildi.
Yo‘l haqini kaft bilan to‘lash tizimi yo‘lga qo‘yildi
2024-yil dekabr oyi oxirida 12 ta metro bekatida MyID Palm yo‘l haqini to‘lash tizimi ishga tushirildi. Yo‘lovchining shaxsini identifikatsiya qilish uchun kaftdagi tomirlar hosil qilgan chiziqlarni skanerlash texnologiyasi qo‘llaniladi. Ishlab chiquvchilarning ta’kidlashicha, yangi tizim foydalanuvchilarining shaxsiy ma’lumotlari ishonchli himoyalangan va biometrik profilni soxtalashtirish imkonsiz. Yo‘lovchilarning kaftlarini skanerlash moslamalari Chilonzor yo‘nalishidagi 12 ta (Buyuk Ipak yo‘lidan Olmazorgacha) bekatda o‘rnatilib, test rejimida ishlamoqda.
“Venetsiya” Shomurodovni o‘z safiga qo‘shib olmoqchi
“Roma” hujumchisi Eldor Shomurodov mavsumning ikkinchi qismini boshqa jamoa safida o‘tkazishi kutilmoqda. La Gazzetta dello Sport xabariga ko‘ra, Italiya A Seriyasi autsayderlaridan biri “Venetsiya” o‘zbekistonlik hujumchini o‘z safiga qo‘shib olmoqchi. Eusebio Di Franchesko murabbiyligidagi jamoa A Seriyadagi o‘rnini saqlab qolish uchun hujum chizig‘ini Eldor Shomurodov bilan kuchaytirishni ko‘zlamoqda. Venetsiyaliklar Rim klubi Eldorni yarim yilga ijaraga berishiga umid qilmoqda.
Tadbirkorlarni elektrdan qarzi uchun tarmoqdan uzishni to‘xtatish rejalashtirilmoqda
Prezident Shavkat Mirziyoyev 27-dekabr kuni “Tadbirkorlar uchun teng sharoitlar va adolatli raqobat muhitini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi. Hujjatning “yo‘l xaritasi”ga muvofiq, elektr energiyasini behuda sarflash, jumladan, undan binolarni yoritish uchun xo‘jasizlarcha foydalanish tushunchasi va tadbirkorlik subyektlari faoliyat turlarining xususiyatini inobatga olib, belgilangan moliyaviy va ma’muriy jarima miqdorlari qayta ko‘rib chiqiladi. Xususan, ularning jarimadan qarzdorligi hisobiga tarmoqdan uzish o‘rniga bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati berilishi reja qilinmoqda. “O‘zenergoinspeksiya”, biznes ombudsman va Savdo-sanoat palatasi bu borada qonun loyihasini ishlab chiqib, 2025-yil martigacha ko‘rib chiqish uchun taqdim etishi kerak.



