2025-yil 22-yanvarning eng muhim voqealari dayjesti
Ayrim turdagi mahallalarda kichik inspektor lavozimi joriy etilishi, Abdumalik Xalokov va Lazizbek Mullajonov poytaxtda o'tkazadigan jangi, Nevrologiya va insult markazini qurish uchun mablag‘ ajratayotgan Yaponiya, Yusuf Xos Hojib haqida animatsion filmning yaratilishi — kunning eng muhim xabarlari bilan tanishing.
2 daqiqa o‘qiladi

Ayrim turdagi mahallalarda kichik inspektor lavozimi joriy etiladi
Kriminogen vaziyat ogʻir mahallalar bilan yangicha ishlash mexanizmlari joriy etilishi to'g'risida Prezident qarori qabul qilindi. Unga koʻra, masʼul idoralar va muassasalar uchun 2025-yilda “Har bir mahallada huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish” ustuvor vazifa etib belgilandi. Shuningdek, mahallalarda huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan bir qator yoʻl xaritalari hamda 2025-yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhit yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimining samaradorligini oshirish boʻyicha manzilli chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.
Abdumalik Xalokov va Lazizbek Mullajonov poytaxtda jang qiladi
Joriy yilning 28-yanvar kuni Toshkent shahrida professional boks oqshomi o‘tkaziladi. “Lift promotion” tomonidan o‘tkaziladigan turnirda o‘zbekistonlik Olimpiada chempionlari Abdumalik Xalokov va Lazizbek Mullajonov ham ringga ko‘tariladi. Hozircha ularning musobaqadagi raqiblari noma’lum. Xalokov va Mirzayevdan tashqari o‘zbekistonlik Suxrobjon Qayumov ham musobaqada qatnashadi. Boks turniriga Toshkent shahridagi “Yunusobod” sport majmuasi mezbonlik qiladi. Janglar soat 18:00 da boshlanishi rejalashtirilgan.
Yaponiya Nevrologiya va insult markazini qurish uchun mablag‘ ajratmoqda
2025-yil 20-yanvar kuni O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligida Yaponiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi janob Hatroi Takashi va O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri janob Laziz Qudratov umumiy qiymati 22,953 mlrd. iyena ($147 mln.) bo‘lgan “Sog‘liqni saqlash va tibbiy yordamni yaxshilash loyihasi” bo‘yicha yen kreditining almashinuv notalarini imzoladilar. Ushbu yen krediti loyihasi Iqtisodiy hamkorlik uchun maxsus shartlarni qo‘llaydi. 147 million dollar miqdoridagi kredit yangi markaz qurish, shuningdek, Samarqand va Buxorodagi tibbiyot muassasalarini jihozlar bilan ta’minlashga yo‘naltiriladi.
Yusuf Xos Hojib haqida animatsion film yaratilmoqda
Kinematografiya agentligi buyurmasi bilan “Buyuk bobolarim bolaligi” turkumi doirasida “Yusuf Xos Hojib” nomli animatsion film yaratilmoqda. Filmda to‘rt do‘stning odillik, donolik va qanoat bilan bosqinchilarga qarshi kurashi hamda Yusuf Xos Hojibning buyuk “Saodatga eltuvchi bilim” asariga bag‘ishlangan hikoyasi tasvirlanadi. 3D formatda suratga olinayotgan ushbu animatsion film yakuniy bosqichda boʻlib, 2025-yilning aprel oyida tayyor bo‘lishi ko‘zda tutilgan.




