$
 12984.44
9.35
 13442.79
69.36
 129.90
2.27
weather
+26
Кечаси   +14°

2025-yil 21-yanvarning eng muhim voqealari dayjesti

21-yanvar dayjesti

Qamoqqa olinganlar dastlab majburiy tibbiy koʻrikdan oʻtkaziladi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida jinoyat ishini yuritish chogʻida shaxsni qiynoqqa solish holatlarining oldini olishga qaratilgan qonun loyihasi ikkinchi oʻqishda koʻrib chiqilmoqda. Mazkur qonun loyihasi bilan “Jinoyat ishini yuritish chogʻida qamoqda saqlash toʻgʻrisida“ Qonunga tegishli qoʻshimchalar kiritish orqali, shaxsni tergov hibsxonasiga joylashtirishdan oldin uni tergov hibsxonasining oʻzida majburiy tibbiy koʻrikdan oʻtkazish tartibi belgilanmoqda.

Tibbiy koʻrik davomida shaxsning tanasida jarohat va shikastlanishlar aniqlangan taqdirda zudlik bilan prokurorga xabar berilishi tartibi oʻrnatilmoqda.

Shavkat Mirziyoyev Donald Trampni lavozimiga rasmiy kirishgani bilan tabrikladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti Donald Trampni ushbu lavozimga rasmiy kirishgani munosabati bilan tabrikladi.

Davlat rahbari o‘z maktubida Donald Trampning yangi muddatdagi faoliyati davomida AQSHning xalqaro maydondagi nufuzi va obro‘ – e’tibori, iqtisodiy qudrati va salohiyati, global miqyosdagi o‘rni va ahamiyati yanada ortishiga ishonch bildirdi. O‘zbekiston AQSHning mamlakatimiz mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligini doimiy qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan siyosatini yuqori baholaydi va alohida qadrlaydi.

“Sizning birinchi Prezidentlik davringizda O‘zbekiston-AQSH o‘rtasida yangi davrdagi strategik sheriklik munosabatlari o‘rnatilganini va ko‘p qirrali aloqalarimiz yuqori bosqichga ko‘tarilganini istar edim. Biz bundan keyin ham ikki va ko‘p tomonlama platformalar doirasida uzoq muddatli hamkorligimizni yanada rivojlantirishdan manfaatdormiz”, – deyiladi Prezidentimiz maktubida.

Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev Donald Trampni tashrif bilan O‘zbekistonga kelishga taklif etdi.

O‘zbekistonda birinchi o‘zbek-fransuz tibbiyot forumi tashkil etiladi

O‘zbekiston elchisi Nodir G‘aniyev Parij shahrining Milliy tibbiyot akademiyasi prezidenti Jan-Noel Fissinger bilan uchrashdi. Muloqot davomida suhbatdoshlarga davlat rahbari tomonidan sog‘liqni saqlash sohasini tubdan isloh qilish va xalqaro tajriba asosida takomillashtirish bo‘yicha olib borilayotgan sa’y-harakatlar yuzasidan batafsil ma’lumot berildi.

Parij Milliy tibbiyot akademiyasi prezidenti O‘zbekiston bilan pediatriya, ginekologiya, gematologiya, onkologiya, kardiologiya, endokrinologiya, oftalmologiya va boshqa sohalarni takomillashtirish borasida hamkorlikni rivojlantirishga tayyorligini ma’lum qildi.

Suhbat yakunida, Jan-Noel Fissinger 2025 yilning aprel-may oylarida O‘zbekistonda birinchi o‘zbek-fransuz tibbiyot forumini tashkil etish bo‘yicha amaliy ko‘mak berishi va unda faol ishtirok etishini ta’kidlab o‘tdi.

Kambag‘al oilalar a’zolarini kasbga o‘qitish bo‘yicha vaucher tizimi joriy etiladi

“2025 yilda aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qarori qabul qilindi.

Qarorga muvofiq:

— 2025-yil 1-fevraldan kasblarga o‘qitish maqsadida ajratiladigan stipendiyalar nogironligi bo‘lgan shaxslarga, shuningdek, muddati 3 oydan ko‘p davom etadigan o‘quv kurslariga qabul qilingan Kambag‘al oilalar reyestridagi oilalarning ishsiz a’zolariga to‘lanadi;

— 2025-yil 1-maygacha ishsiz aholini, shu jumladan, ustuvor ravishda kambag‘al oilalar a’zolarini kasb-hunarga o‘qitish xarajatlarini qoplab berish bo‘yicha vaucher tizimi joriy qilinadi.

Mazkur tizim 2025-yil 1-fevraldan Samarqand viloyati va Toshkent shahrida sinovdan o‘tkaziladi.

Mahallalarda kambag‘al oila a’zolarining ishlash ishtiyoqini va tashabbuskorligini oshirishga qaratilgan “Farovon hayotga ilk qadam”, “Ishonch” loyihalari va “Ma’rifat orqali kambag‘allikni qisqartirish” dasturi amalga oshiriladi.

Теги :
Jamiyat