$
 12778.12
78.98
 14931.23
83.4
 164.01
1.85
weather
+26
Кечаси   +14°
textileads

2025-yil 17-yanvarning eng muhim voqealari dayjesti

17-yanvar dayjesti

Dubayda ICBA bilan hamkorlik memorandumi imzolandi

O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov hamda Xalqaro biosho‘rlangan qishloq xo‘jaligi markazi (ICBA) bosh direktori doktor Tarifa Al Zaabi o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.

Mazkur memorandum umumiy manfaatlarga ega bo‘lgan sohalarda tomonlar o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish bilan bog‘liq imkoniyatlar va o‘zaro manfaatlarni o‘rganishga qaratilgan.  

Xususan, memorandum ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan barqaror foydalanish, iqlim o‘zgarishi natijalarini yumshatish va moslashish sohasida tajriba, axborot, eng yaxshi amaliyot va zamonaviy texnologiyalar bilan almashish, O‘zbekistonda barqaror qishloq xo‘jaligi, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va iqlim o‘zgarishiga chidamli amaliyotga yo‘naltirilgan loyihalarni birgalikda ishlab chiqish va amalga oshirishni ko‘zda tutadi.  

Zarbdor tumaniga yangi hokim tayinlandi

Jizzax viloyat soliq boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlab kelgan Bekzod Toshpo‘latov Zarbdor tumani hokimi etib tayinlandi. 2019-2024 yillarda tumanga hokimlik qilgan Zafar Ro‘ziyev oldinroq Jizzax viloyati hokimi o‘rinbosari lavozimiga o‘tkazilgandi. Zarbdor tumaniga yangi hokim tayinlandi. Bu haqda Jizzax viloyati hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, bugun, 17 yanvar kuni xalq deputatlari Zarbdor tuman kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tgan. Unda viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Ulug‘bek Mustafoyev ishtirok etgan.

Sessiyada Toshpo‘latov Bekzod Turg‘unovichni Zardor tumani hokimi etib tayinlash to‘g‘risidagi qaror deputatlar tomonidan bir ovozdan tasdiqlangan.

Bekzod Toshpo‘latov 1983 yilda Jizzax shahrida tug‘ilgan. Tayinlovga qadar u Jizzax viloyat soliq boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlab kelgan.

O‘zbekiston Hindistonning yirik zargarlik kompaniyasi bilan hamkorlik o‘rnatmoqda

O‘zbekiston elchisi Sardor Rustamboyev Hindistonning yirik zargarlik korxonalaridan biri hisoblanadigan Gold Star Jewellery Pvt. Ltd. kompaniyasi boshqaruvchi direktori Ashish Shoh bilan uchrashuv o‘tkazdi. Tadbir chog‘ida O‘zbekistonda so‘nggi yillarda hayotning barcha jabhalarida amalga oshirilayotgan yangilanish jarayoni, mamlakat iqtisodiyotining turli tarmoqlari, jumladan, zargarlik sanoatini rivojlanishning yangi bosqichiga olib chiqish bo‘yicha ko‘rilayotgan izchil sa’y-harakatlar haqida batafsil so‘zlab berildi.

Ashish Shoh O‘zbekistonda hayotga tatbiq etilayotgan islohotlarning ko‘lami va ularning natijalaridan yaxshi xabardor ekanini izhor qildi. Mamlakat zargarlik sohasining salmoqli salohiyati va yuqori malakali mutaxassislar xalqaro hamkorlik uchun keng istiqbollar ochayotganini ta’kidladi.

Tomonlar O‘zbekiston va Gold Star Jewellery Pvt. Ltd. kompaniyasi o‘rtasida samarali hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish, zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma loyihalar amalga oshirish masalalari yuzasidan atroflicha fikr almashdi.

Samarqand—Buxoro pulli avtomobil yo‘li qurilishi kutilmoqda

Turkiyaning IC İçtaş İnşaat kompaniyasi O‘zbekistondagi pulli avtomobil yo‘llari qurilishida ishtirok etmoqchi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi matbuot xizmati xabar berdi. Ma’lum qilinishicha, 15-yanvar kuni kompaniya boshqaruv kengashi a’zosi Rexa Denemech hamda bosh vazir o‘rinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda kompaniyaning IC İçtaş İnşaat qurilish biznesini rivojlantirish bo‘yicha bosh direktori Yegemen Ilkin hamda O‘zbekiston iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Ilhomjon Umrzakov, transport vaziri o‘rinbosari Ilhomjon Abdugafarov, Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi raisi Jamshid Tursunov va boshqa mas’ul vakillar ishtirok etdi.

Unda tomonlar o‘rtasida DXSh dasturlari asosida transport infratuzilmasini takomillashtirish, xususan, avtomobil yo‘llarini qurish va modernizatsiya qilish masalasi ko‘rib chiqildi. Turk kompaniyasining avtomobil yo‘llari, ko‘priklar va aeroportlar qurish yo‘nalishidagi loyihalari yuzasidan muhokamalar bo‘lib o‘tdi.

Suhbat davomida Turkiya kompaniyasi yangi Samarqand—Buxoro tezyurar pulli avtomobil yo‘lini qurish maqsadida Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi bilan anglashuv memorandumi imzoladi. Samarqand va Buxoro o‘rtasida pullik avtomobil yo‘li qurilishi prezidentning 2024-yil 30-avgustdagi qarori bilan belgilangan. Loyiha qiymati 1 milliard dollarga baholangan. Ushbu pulli yo‘l Samarqand, Buxoro va Navoiy viloyatlaridan o‘tadi. Jarayonlarni 2027—2030-yillarda amalga oshirish rejalashtirilgan.

Теги :
Jamiyat