$
 12171.61
-24.39
 14117.85
-23.41
 149.80
-1.94
weather
+26
Кечаси   +14°

2025-yil 16-yanvarning eng muhim voqealari dayjesti

16-yanvar dayjesti

Vengriyada O‘zbekiston kino haftaligi bo‘lib o‘tadi

O‘zbekiston madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Avazxon Tojixonov va Vengriya Milliy kino sanoati bo‘yicha hukumat komissari Chaba Kael o‘rtasida onlayn muzokaralar bo‘lib o‘tdi.

Onlayn uchrashuvda, shuningdek, Kinematografiya agentligi direktori Shuhrat Rizayev hamda Vengriya Milliy kino instituti direktori Akosh Pal ham ishtirok etishdi.

Muloqot chog‘ida, ikki mamlakat o‘rtasidagi madaniy va ijodiy aloqalarni kengaytirishga qaratilgan kinematografiya sohasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish istiqbollari, shuningdek, qo‘shma filmlar suratga olish bo‘yicha hukumatlararo bitim loyihasini tayyorlash masalalari muhokama qilindi.

Shu o‘rinda, o‘zbek va vengr sayyohlari Mulla Sodiq hamda Armin Vamberi to‘g‘risida tarixiy qo‘shma film olish masalasiga alohida e’tibor qaratildi.

Uchrashuv yakunida joriy yilning 30 yanvar-1 fevral kunlari Vengriyada O‘zbekiston kino haftaligini o‘tkazish hamda qo‘shma kinoloyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

O‘zbekistonda investitsiya bo‘yicha yangi nazorat tizimi joriy etiladi

Prezident raisligida bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida investitsiya sohasidagi yangi nazorat tizimi taqdim etildi.

2024-yilda mamlakat yalpi ichki mahsuloti 6,5% o‘sib, 115 milliard dollarga yetdi, xorijiy investitsiya hajmi 1,6 barobar oshib, 34,9 milliard dollarni tashkil etdi. 242 ta yirik va o‘rta loyihalar ishga tushirilishi natijasida 10 milliard dollarlik investitsiya yo‘naltirildi, eksport esa ilk bor 27 milliard dollarga chiqdi.

O‘tgan yili 50 ta tumanga 100 million dollardan ortiq sarmoya jalb qilindi. Jumladan, Davlatobod, Yangi Namangan, Mirzo Ulug‘bek, Chilonzor, Shayxontohur tumanlari va Namangan hamda Samarqand shaharlariga 300 million dollardan oshiq investitsiya kiritildi. Beruniy, Qorao‘zak, Qo‘ng‘irot, Peshku, Yangiobod, Qamashi, Xonqa, Shovot tumanlarida investitsiya hajmi 15 million dollarga yetmadi. Eksport hajmining kamayishi kuzatilgan 16 tuman va shahar hokimlariga hayfsan e’lon qilindi. Jiddiy kamchiliklarga yo‘l qo‘ygani uchun Sirdaryo viloyati hokimi Akmaljon Mahmudaliyev lavozimidan ozod etildi.

Yangi nazorat tizimiga ko‘ra, bosh vazir Abdulla Aripov 2025-yilga belgilangan 42 milliard dollarlik xorijiy investitsiya bo‘yicha oyma-oy reja tasdiqlaydi. Hokimlar va tarmoq rahbarlari haftada ikki kun investitsiya bilan shug‘ullanishi, hududlarda tadbirkorlar bilan uchrashib, masalalarni joyida hal qilishi shartligi belgilandi.

“Beshyog‘och” bozori o‘rnida 9 qavatgacha bino quriladi

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi “Beshyog‘och” dehqon bozori o‘rnida yirik biznes markazi qurilishi haqidagi xabarlar yuzasidan munosabat bildirdi.

Vazirlik bu kabi ma’lumotlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini ma’lum qiladi. Shu bilan birga, Toshkentda amalga oshiriladigan barcha qurilishlarga bosh reja asosida ruxsat berilishi ta’kidlandi.

“Poytaxt bosh rejasiga ko‘ra, bu renovatsiya hududida 9 qavatgacha bino qurilishi belgilangan. Mazkur hududda “yirik biznes markazi"ning qurilishiga oid ruxsatnoma yoki arxitektura rejalashtirish topshirig‘i mavjud emas”, — deyiladi xabarda. 13-yanvar kuni Chilonzor tumani hokimligi Turkiyaning “Albayrak Holding” kompaniyasi bilan “Beshyog‘och” bozori o‘rnida biznes markaz qurish bo‘yicha muhokama o‘tkazilganini xabar berdi.

O‘zbekiston bilyard sporti federatsiyasi IPCga a’zo bo‘ldi

Xalqaro piramida konfederatsiyasi(IPC)ning yil yakunlari va 2025 yil rejalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda O‘zbekiston bilyard sporti federatsiyasi ushbu tashkilotning to‘laqonli a’zoligiga qabul qilindi.

Mazkur masalaning ijobiy hal etilishi o‘zbekistonlik bilyardchilarga xalqaro standartlar va qoidalardan foydalanish, bilyardning ushbu yo‘nalishida o‘tadigan jahon chempionatlari va boshqa xalqaro musobaqalarda qatnashish huquqini taqdim etadi. Shuningdek, IPCga a’zolik O‘zbekistonda bilyardning piramida yo‘nalishi bo‘yicha xalqaro turnirlarni tashkil etish imkoniyatini taqdim etmoqda. Bundan tashqari, trenerlar, hakamlar va sportchilar uchun o‘quv dasturlari va metodik materiallarga kirish imkoniyati yaratilmoqda.

Теги :
Jamiyat