2024-yil 17-avgustning eng muhim voqealari dayjesti
Ekologik kelajak timsollari, ombudsmanning ta’sir choralari kengaytirilmoqda, ustozlar milliy forumi, “Tur de Frans” bahslari — kunning eng muhim xabarlari.
2 daqiqa o‘qiladi

Ekologik kelajak timsollarini yaratiladi
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov “Toshkent-2024” III Xalqaro haykaltaroshlik simpoziumi doirasida haykaltaroshlar ishini rasman boshlab berdi. Marosimda O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi Akmal Nur, O‘zbekiston Rassomlar uyushmasi raisi Ibrohim Valixo‘jayev, xorijiy va mahalliy haykaltaroshlar, ommaviy axborot vositalari vakillari ham ishtirok etdi.
14 mamlakatdan kelgan mahalliy va xorijlik rassomlar tomonidan atrof-muhit va iqlim o‘zgarishi mavzusida yaratilgan haykallar Toshkent va Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universitetida (“Green University”) joylashtiriladi.
Ombudsmanning ta’sir choralari kengaytirilmoqda
Ayni vaqtda Qonunchilik palatasida bir guruh deputatlar tomonidan qonunchilik tashabbusi huquqi asosida ishlab chiqilgan “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishga tayyorlanmoqda.
Ta’kidlanganidek, mazkur qonun loyihasi palataning yalpi majlisida birinchi o‘qishda konseptual jihatdan qabul qilingandan keyin mas’ul qo‘mitaga ko‘plab savollar taklif va tavsiyalar kelib tushgan.
“Yangi O‘zbekiston maktab ostonasidan boshlanadi!” shiori ostidagi forum o‘tkazildi
Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanidagi “Renessans” oromgohida “Yangi O‘zbekiston maktab ostonasidan boshlanadi!” shiori ostida tashkil etilgan III Ustozlar milliy forumining tantanali yopilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur forum har qachongidan ham fayzli, shukuhli, munozaralarga boy tarzda o‘tdi. Ayni paytda ustozlar so‘lim tabiat bag‘rida atroflicha fikr va tajriba almashish, yangiliklardan boxabar bo‘lish imkoniga ega bo‘ldilar.
O‘zbekistonlik velosportchilar “Tur de Frans” bahslarida qatnashmoqda
Fransiya yo‘llari bo‘ylab velosport bo‘yicha ayollar o‘rtasidagi “Tur de Frans” ko‘pkunlik poygasi davom etmoqda.
Mazkur nufuzli velosport musobaqasida ilk bor ishtirok etayotgan mamlakatimizning “Tashkent City Women Professional Cycling Team” jamoasi uchun ushbu bahslar katta tajriba maydoni vazifasini o‘tamoqda.
Hozirda o‘zbekistonlik velosportchilar orasida Yanina Kuskova ishtirokni davom ettirmoqda. 5 bosqichdan keyin hamyurtimiz Kuskova umumiy klassifikatsiyada 76-bo‘lib turibdi.



