2024-yil 4-iyulning eng muhim voqealari dayjesti
Brutto-shartnomalari, Vengerlar Surxondaryoda bolalar ozuqasi ishlab chiqaradi, Markaziy saylov komissiyasining yangi ramzi, MDHga a’zo davlatlar Mudofaa vazirlari yig‘ilishi — kunning eng muhim xabarlari.
2 daqiqa o‘qiladi

Andijon shahrida jamoat transporti brutto-shartnomalariga o‘tkazilmoqda
2024-yilning 2-iyul sanasidan e’tiboran 1-sonli “Gulshan" MFY – Andijon shahar shifoxonasi” avtobus yo‘nalishi brutto-shartnoma tizimiga o‘tkazildi.
Ushbu yo‘nalishga 20 dona avtobus biriktirilgan bo‘lib, qatnov oraliq intervali 10 daqiqani tashkil etadi.
Shu munosabat bilan yo‘lovchilarning avtobuslarga chiqishi va tushishi qat’iy tartibda oraliq bekatlaridan amalga oshirilishi lozim.
Vengerlar Surxondaryoda bolalar ozuqasi ishlab chiqaradi
Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov Vengriya tashqi ishlar va savdo vazirligi vakili Soboslai Zoltan boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Uchrashuvda tomonlarning hamkorlikda loyihalarni amalga oshiruvchi kompaniyalari mutasaddilari ham ishtirok etdi.
Erishilgan kelishuvlarga muvofiq Vengriya kompaniyalarining “Surxon sanoat qurilish” kompaniyasi bilan 5 ming boshli chorvachilik kompleksini tashkil etish hamda “Agro protssessing group” mas’uliyati cheklangan jamiyati bilan bolalar ozuqasi ishlab chiqarish korxonasi faoliyatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha boshlangan loyihalar muhokama etildi hamda yakunda mazkur loyihalarni O‘zbekiston va Vengriya davlati qonunchiligi doirasida qo‘llab-quvvatlash yuzasidan memorandum imzolandi.
Markaziy saylov komissiyasining yangi rasmiy ramzi
Rasmiy ramz hozirga qadar amalda bo‘lgan MSK emblemasi o‘rniga joriy etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining rasmiy ramzi namunasi va tavsifi, shuningdek, undan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi nizom ham tasdiqlangan.
Markaziy saylov komissiyasining ma’muriy binosi, tegishli jihozlari, rasmiy veb-sayti, ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari, mobil ilovalar va boshqa joylarda foydalanilayotgan eski namunadagi emblemani yangi namunadagi rasmiy ramzga o‘zgartirish bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.
MDHga a’zo davlatlar Mudofaa vazirlari yig‘ilishi
Minsk shahrida Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga a’zo mamlakatlar Mudofaa vazirlari kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston mudofaa vaziri general-leytenant Bahodir Qurbonov ham mazkur yig‘ilishda ishtirok etdi.
Yig‘ilish avvalida Hamdo‘stlik davlatlari mudofaa vazirlari Minskda joylashgan “G‘alaba maydoni”dagi monumentga gulchambarlar qo‘ydi.



