2024-yil 21-iyulning eng muhim voqealari dayjesti
Qishloq xo‘jaligi merosi tizimi, yirik kon ishga tushirildi, Istomin Qozog‘istonda sovrindor, O‘zbekiston va AQSH aloqalari— kunning eng muhim xabarlari.
2 daqiqa o‘qiladi

Qishloq xo‘jaligi merosi tizimi
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi va Zamin xalqaro jamoatchilik fondi bilan birgalikda “O‘zbekistonning jahon ahamiyatiga ega bo‘lgan qishloq xo‘jaligi meroslarini global tizimda ro‘yxatdan o‘tkazish” loyihasini amalga oshirmoqda.
FAO axborot markazi xabar berishicha, Jahon miqyosidagi muhim qishloq xo‘jaligi merosi tizimi (GIAHS) nufuzli maqomiga birinchi ehtimoliy nomzod Farg‘ona vodiysidagi Marg‘ilon ipakchilik tizimi bo‘ladi.
Yirik kon ishga tushirildi
Toshkent viloyatida Xitoyning faoliyat yuritayotgan korxonalar soni yana bittaga ko‘paydi. Xususan, Parkent tumanida xitoylik investorlar tomonidan yirik loyiha amalga oshirildi.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan ochilish marosimida viloyat va tuman hokimliklari mas’ullari, hamkor tashkilot rahbarlari, soha mutaxassislari va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Umumiy qiymati 50 million dollar bo‘lgan mazkur loyihaning birinchi bosqichi ishga tushib, yana bir yirik metallurgiya korxonasi o‘z faoliyatini boshladi.
Istomin Qozog‘istonda sovrindor
Qozog‘istonning Ostona shahrida tennis bo‘yicha "Chellenjer" turkumiga kiruvchi xalqaro turnirning juftlik bahslarida hamyurtimiz Denis Istomin vitse-chempionga aylandi.
Musobaqaning so‘nggi hal qiluvchi final uchrashuvida Denis Istomin neytral tennischi Yevgeniy Karlovskiy bilan tandemda neytral tennischilar Yegor Agafonov hamda Ilya Simakin juftligiga qarshi bahs olib bordi. Afsuski, bu uchrashuvda Denis va Yevgeniyga biroz omad yetishmadi. Shu tariqa ular musobaqada ikkinchi bo‘ldi.
O‘zbekiston va AQSH: o‘zaro manfaatli aloqalarni rivojlantirishga kelishib olindi
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati Raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev AQSHning Missisipi shtatining Milliy gvardiyasi qo‘mondoni general Jenson Boylz boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi.
Uchrashuvda ikki tomonlama munosabatlarning bugungi holati va uni rivojlantirish istiqbollari, shu jumladan, Markaziy Osiyoda umumiy xavf-xatarlarga va xavfsizlikka tahdidlarga qarshi kurashish masalalari muhokama qilindi.



