2024-yil 16-iyulning eng muhim voqealari dayjesti
Tailandda O‘zbekiston fuqarolari uchun vizasiz rejim, qishloq xo'jaligi yer uchun uchastkalari qayta ijaraga beriladi, davlat aktivlarini elektron ommaviy savdolarga chiqarish tartibi, naqdlashtirilgan 90 trln. so‘m— kunning eng muhim xabarlari.
2 daqiqa o‘qiladi

Tailand O‘zbekiston fuqarolari uchun vizasiz rejimni joriy qildi
15 iyul kunidan e’tiboran Tailand hukumati 93 davlat, jumladan O‘zbekiston fuqarolari uchun, 60 kungacha vizasiz kirish rejimini rasman joriy qildi.
Mamlakatimiz Bosh konsulxonasiga tayanib berilgan ma’lumotiga ko‘ra, muqaddam Tailandga fuqarolari vizasiz kirishi mumkin bo‘lgan davlatlar soni 57 ta edi. Ro‘yxatga yangi kiritilgan 36 ta davlat qatorida Xitoy, Hindiston, Qozog‘iston va O‘zbekiston ham bor.
Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalari qayta ijaraga beriladi
Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarini elektron onlayn-auksion savdolari orqali ijaraga berish belgilanmoqda.
Shuningdek, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalari ijarachilariga ijaraga berilgan yer uchastkalari bo‘yicha o‘z huquq va majburiyatlarini boshqa shaxsga o‘tkazishga, ya’ni qayta ijaraga berishga ruxsat etish masalasi ko‘rilmoqda.
Bu kabi tartiblarni o‘z ichiga olgan qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Davlat aktivlarini elektron ommaviy savdolarga chiqarish tartibi joriy qilinmoqda
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida ko‘rilgan navbatdagi masala «Davlat mulkini boshqarish sohasi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi bo‘ldi.
Ikkinchi o‘qishda muhokama qilingan mazkur qonun loyihasi bilan davlat aktivlarini sotishda xorijiy tajribani hisobga olgan holda hamda mamlakatimizda bozor tamoyillariga asoslangan sog‘lom raqobat muhitini yaratish maqsadida davlat aktivlarini «nol» xarid qiymatida sotish amaliyotidan voz kechilib, elektron ommaviy savdolarga chiqarish tartibi joriy qilinmoqda.
Bankomatlar orqali 90 trln so‘m miqdoridagi mablag‘lar naqdlashtirilgan
Markaziy bank taqdim etgan sharhda ko‘ra, 2024 yilning birinchi yarim yilligida bank kartalariga 468 trln co‘m mablag‘lar kirim qilingan bo‘lib, bu 2023 yilning mos davriga nisbatan 1,3 barobarga oshgan.
Shuningdek, ushbu davrda bank kartalaridagi 107 trln so‘m pul mablag‘lari naqdlashtirib olingan. Naqdlashtirilgan mablag‘larning 90 trln so‘mi bankomatlar orqali yechib olingan.



