2024-yil 9-iyunning eng muhim voqealari dayjesti
Mudofaa vazirligi Milliy kino sanʼati saroyida, Osiyo chempionatidan, "Incheon ta’lim festivali", Surxondaryolik pillakorlar— kunning eng muhim xabarlari.
2 daqiqa o‘qiladi

Mudofaa vazirligi xodim va kursantlar Milliy kino sanʼati saroyida mehmon bo‘ldi
O‘zbekiston Milliy kino sanʼati saroyida Mudofaa vazirligi tizimida faoliyat olib boruvchi bir qator xodim va kursantlar uchun «Bahodir Yalangto‘sh» filmining ijodkorlari ishtirokida namoyishi bo‘lib o‘tdi.
Unda mudofaa vaziri o‘rinbosari, harbiy xizmatchilar hamda ularning oila aʼzolari, muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan askarlar va jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. Taqdimotdan so‘ng Kinematografiya agentligi jamoasi vazir o‘rinbosaridan maxsus tashakkurnoma va esdalik sovg‘alarini qabul qilib oldi.
Osiyo chempionatidan g'alabalar
Qozog’istonning Almati shahrida veloshosse bo’yicha Osiyo chempionatining bugungi kuni terma jamoamiz uchun muvaffaqiyatli o’tmoqda. Ayollar o’rtasida kechgan individual vaqt poygasida Olga Zabelinskaya oltin, Yanina Kuskova kumush medalga sazovor bo’lishdi.
20 km masofaga o’tgan poygada Zabelinskaya 28:07, Kuskova esa 29:02 natija ko’rsatdi. 29:28 daqiqada marraga kelgan mezbon sportchi Rinata Sultonova kuchli uchlikni yakunlab berdi.
"Incheon ta’lim festivali"
Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi va Koreya Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasi huzuridagi Koreya ta’lim markazi bilan hamkorlikda ilk bor o‘tkazilayotgan «Incheon ta’lim festivali»ning yakuniy bosqichi va yopilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Unda Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi direktori Alisher Ubbiyev, Incheon shahar ta’lim boshqarmasi Xalqaro ta’lim markazi direktori Leye Mi Yeong va boshqalar ishtirok etdi.
Festivalning birinchi bosqichi joriy yilning 27-31 may kunlari Agentlik tizimidagi maktablar va umumta’lim muassasalarining koreys tilini V1 darajasida biladigan 7-10-sinf o‘quvchilari o‘rtasida onlayn formatda o‘tkazilgan edi.
Surxondaryolik pillakorlar g'alabasi
Surxondaryo viloyati pillakorlari 35 ming 547 quti ipak qurtidan 2 ming 286 tonnadan ortiq xomashyo yig‘ib olib, shartnoma rejasini ortig‘i bilan bajardi.
Joriy yilda 3 ming 880 ta fermer xo‘jaligining 23 ming 550 pillakori va 8 ming 650 kasanachi bilan ipak qurti boqish uchun shartnoma tuzilgan edi. Ularning betinim mehnati o‘z samaralarini berdi. Voha iqlimiga mos yangi navlarni xorij tajribasi asosida parvarishlagan pillakorlar har quti ipak qurtidan o‘rtacha 60 kilogrammdan hosil oldi.



