Dushanba, 19-oktabr, 2026
Havo 95 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
☀ +14° kechasi +9°

2024-yil 8-iyunning eng muhim voqealari dayjesti

Yer egalari qo‘llab-quvvatlanmoqda, gandbolchilarimizdan g‘alaba, O‘zbekiston va Ozarbayjon parlamentlari hamkorligi, 100 nafar bolaning sunnat to‘yi qilib berildi— kunning eng muhim xabarlari.

2 daqiqa o‘qiladi

2024-yil 8-iyunning eng muhim voqealari dayjesti

100 nafar bolaning sunnat to‘yi

Yoshlar oyligi munosabati bilan Farg‘ona viloyatida turli tadbirlar, loyihalar o‘tkazilmoqda. Uchko‘prik tumanida 100 nafar bolaning sunnat to‘yi qilib berildi.

Shu kuni Yoshlar ishlari agentligi xodimlari hamda yoshlar yetakchilari marosim davomida to‘y bolalar va ularning yaqinlari xizmatida bo‘lishdi.

O‘zbekiston va Ozarbayjon parlamentlari hamkorligi

O‘zbekiston va Ozarbayjon davlatlari rahbarlarining yuqori darajadagi ikki tomonlama kelishuvlarining amalga oshirilishini ta’minlashda parlamentlar ham muhim o‘rin tutmoqda. 

Bok-u shahrida O‘zbekiston Senati Raisi Tanzila Norboyeva va Ozarbayjon Milliy Mejlisi Raisi Sahiba Gafarova uchrashuvida shu jihatlarga e’tibor qaratildi. Tomonlar parlamentlararo aloqalarni yanada rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildi.

Uchrashuv yakunida parlamentlar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada yuqori bosqichga ko‘tarishga qaratilgan 2024 – 2025-yillarga mo‘ljallangan yangi «Yo‘l xaritasi» imzolandi.

Tolyattida gandbolchilarimizdan g‘alaba

Rossiya Federatsiyasining Tolyatti shahrida o‘tgan XXII xalqaro bolalar gandbol festivalida Toshkentning ROPSTTM jamoasi g‘oliblikka erishdi.

Festivalning 2009-2010-yillarda tug‘ilgan o‘g‘il bolalar birinchiligida yurtimiz sharafini himoya qilgan ROPSTTM jamoasi turnirning so‘ngi o‘yinida o‘ziga xos mo‘jiza yaratdi.

O‘zbekiston gandbol federatsiyasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, Arobiddin Imonboyev ustozlik qilgan yosh gandbolchilarimiz chempionlikni qo‘lga kiritishi uchun kuchli uchlikka kirgan, g‘oliblik yo‘lida Tolyattining «Medvedi» jamoasini 35:14 hisobida dog‘da qoldirgan Moskva viloyatining «Lider-1» jamoasini 60:35 ko‘rinishida, ya’ni 25 ta to‘p farq bilan mag‘lub etdi. Shunday qilib, ular XXII xalqaro bolalar gandbol festivali g‘olibiga aylandi.

Yer egalari qo‘llab-quvvatlanmoqda

Prezidentimizning 2018-yil 26-apreldagi “Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bilan O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi huzurida maxsus jamg‘arma faoliyatini boshladi.

Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasining maqsadi yurtimizda fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarini moddiy qo‘llab-quvvatlash va xavfsiz oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishni rag‘batlantirishdir.