2024-yil 29-iyunning eng muhim voqealari dayjesti
“Yangi nafas”, bir kishiga 2 ipoteka krediti, Orol mavzusi, fudbol yulduzlari tashrifi — kunning eng muhim xabarlari.
2 daqiqa o‘qiladi

Jahon futboli yulduzlari MOQda
Yurtimizda oʻtkazilayotgan Yoshlar forumi doirasida futbol yulduzlari Dida, Kristian Panuchchi, Kristian Zakkardo va Serjinyo poytaxtimizda mehmon boʻlib turishibdi. Bugun mazkur charm toʻp ustalari Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasiga tashrif buyurishdi.
Mehmonlarni MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov hamda Qoʻmita raisining birinchi oʻrinbosari, OʻFA birinchi vitse-prezidenti Ravshan Irmatov qarshi oldilar. Mutasaddilar futbol yulduzlariga shonli tarixga ega oʻzbek sporti, atletlarimizning Olimpiya oʻyinlarida erishgan natijalari va Parij-2024 yozgi Olimpiya oʻyinlariga olib borilayotgan tayyorgarligi haqida maʼlumot berishdi.
Bir kishiga ikkita ipoteka krediti
Milliy matbuot markazida “Biznesni rivojlantirish banki” ATB tomonidan aholiga ajratilayotgan ipoteka kreditlari va ularning amaliy samaralari” mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi.
Tadbirda “Biznesni rivojlantirish banki”ning ipotekali kreditlash siyosati va bu yo‘nalishda ko‘rsatilayotgan xizmatlar haqida jamoatchilikka axborot berildi.
Hozirgi kunda bank tomonidan aholining uy-joy xarid qilish bilan bog‘liq ehtiyojlarini ta’minlash maqsadida bir nechta yo‘nalishlarda ipoteka kreditlari ajratilmoqda.
“Biznesni rivojlantirish banki” bir fuqaro uchun 2 ta ipoteka krediti olish imkonini bermoqda.
Orol mavzusi Germaniyada
Germaniya poytaxtining “Stimme-der-Hauptstadt” (Poytaxt ovozi) onlayn nashrida Orolbo‘yi hududini ko‘kalamzorlashtirish jarayoniga bag‘ishlangan maxsus maqola e’lon qilindi.
Muallif dastlab O‘zbekistonda Orol dengizi qurib qolgan tubida o‘rmon yaratish, hududni obodonlashtirish maqsadida qator yirik loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgani, ayni paytgacha 1,7 million gektar maydonga ko‘chat o‘tqazilganiga ehtibor qaratgan.
“Yangi nafas” marafoni
Mamlakatimizning 16 shahrida “Olympic day”, “Vatan Qalqoni” va “Yoshlar kuni”ga bag‘ishlangan BYD “Yangi Nafas” ommaviy yugurish musobaqasi bo‘lib o‘tdi.
Ushbu tadbirda ishtirokchilar 3 kilometr masofada o‘z imkoniyatlarini sinovdan o‘tkazishdi.
Poytaxtimizdagi «Yangi O‘zbekiston» bog‘ida o‘tgan BYD “Yangi Nafas” ommaviy yugurish musobaqasining ochilish marosimida O‘zbekiston sport vaziri Adham Ikromov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotib va triatlon federatsiyasi raisi Viktor Mahmudov va Milliy olimpiya qo‘mitasi bosh kotibi Oybek Qosimov so‘zga chiqib, mamlakatimizda ommaviy sportga va aholini sog‘lom turmush tarziga targ‘ib etish maqsadida bir necha yildan beri o‘tkazilib kelinayotgan “Yangi Nafas” an’anaviy ommaviy yugurish musobaqasi aholi o‘rtasida jadal ommalashayotganini qayd etishdi.



