Seshanba, 20-oktabr, 2026
Havo 96 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
☀ +11° kechasi +8°

2024-yil 23-iyunning eng muhim voqealari dayjesti

Shveysariyada zafar, matematika bo‘yicha xalqaro oromgoh, G‘allakorlarning yutug‘i, O‘zbekistonning eng yirik savdo sherigi — kunning eng muhim xabarlari.

3 daqiqa o‘qiladi

2024-yil 23-iyunning eng muhim voqealari dayjesti

Xitoy O‘zbekistonning eng yirik savdo sherigi

Statistika agentligi O‘zbekistonning 2024 yil yanvar-may oylaridagi tashqi savdo aylanmasiga doir ma’lumotni taqdim etdi.

Qayd etilishicha, hisobot davrida respublika tashqi savdo aylanmasi (TSA) 26,7 mlrd. dollarga yetgan. Bunda eksport hajmi 10,8 mlrd. dollarni, import hajmi esa 15,8 mlrd. dollarni tashkil etgan. O‘tgan yilning mos davri bilan taqqoslaganda eksport hajmi 1,9 foizga, import hajmi 3,7 foizga oshgan. Tashqi savdo salbiy saldosi esa 5 mlrd. dollarga yetgan.

Xitoy O‘zbekistonning eng yirik savdo sherigi sifatidagi o‘rnini saqlab qolgan. Hisobot davrida o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 5 mlrd. dollarga yetgan. Bu respublika umumiy tashqi savdo aylanmasi hajmining 18,9 foizini tashkil qiladi. Shuningdek, tashqi savdo aylanmasining salmoqli qismi Rossiya (17,9 foiz), Qozog‘iston (5,9 foiz), Turkiya (4,5 foiz) va Janubiy Koreya (3,4 foiz) bilan qayd etilgan.

G‘allakorlarning yutug‘i

Sirdaryo vohasining Guliston tumani mirishkor dehqonlari g‘alladan yuksak xirmon yaratib, viloyatda birinchilardan bo‘lib zimmalaridagi vazifani sharaf bilan uddaladi.

Belgilangan marra juda qisqa muddatda, ya’ni 16 kunda zabt etildi. Joriy yilning 22 iyun holatiga davlat g‘alla xirmoniga 18 ming 632 tonnadan ziyod don topshirilib, shartnomaviy reja 100,1 foizga bajarildi. Har gektar maydondan o‘rtacha hosildorlik 70-80 sentnerni tashkil qildi.  

O‘zbekiston jamoasi matematika bo‘yicha xalqaro oromgohda

O‘zbekiston terma jamoasi joriy yilning 15 iyun-3 iyul kunlari Xitoy Xalq Respublikasining Pekin shahrida bo‘lib o‘tayotgan “Ikkinchi Xalqaro matematika yozgi oromgohi – 2024”da ishtirok etmoqda.

Mazkur xalqaro oromgoh dunyoning 31 mamlakatidan 340 ga yaqin terma jamoa a’zolari va trenerlarini jamlagani bilan ahamiyatlidir.

Ikkinchi marta Xitoy Xalq Respublikasi tomonidan tashkil qilingan ushbu intellektual oromgoh nufuzli xalqaro matematika olimpiadasi (IMO) oldidan ishtirokchi mamlakat vakillari uchun g‘oyat samarali va foydali tadbir deb hisoblanmoqda.

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi axborot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, joriy yil 11-22 iyul kunlari Angliyaning Bat shahrida 65-Xalqaro matematika olimpiadasi tashkil qilinadi. Terma jamoamiz a’zolaridan mazkur nufuzli olimpiadada yuqori natijalarni kutib qolamiz va ularga omad tilaymiz.

Yengil atletikachilarimiz Shveysariyada zafar quchdi

Shveysariyaning Jeneva shahrida yengil atletika bo‘yicha o‘tkazilgan “Atleticageneve – EAP” xalqaro turnirida mahoratli sportchilarimizning muvaffaqiyati tufayli O‘zbekiston madhiyasi yangrab, bayrog‘imiz yuksaldi.

Butunjahon yengil atletika federatsiyasi taqvimidagi muhim musobaqa sanaladigan “Atleticageneve – EAP” xalqaro turnirida mahoratli sportchimiz Anvar Anvarov uzunlikka sakrash dasturida 8 metr natijaga erishgan holda g‘oliblik shohsupasiga ko‘tarildi. 2-o‘rinni egallagan portugaliyalik Gerson Balde 7.86 metr, 3-o‘rin sohibi bo‘lgan Xitoy Taypeyi vakili Yu-Tang Lin 7.82 metr ko‘rsatkich qayd etdi.

Osiyo o‘yinlari g‘olibi Safina Sa’dullayeva balandlikka sakrash bahslarida 1.83 metr balandlik nuqtasini zabt etib, bronza medaliga musharraf bo‘ldi. Mazkur dasturda estoniyalik Elizabey Pihela (1.89) va Niderlandiya terma jamoasi a’zosi Britt Virman(1.89) birinchi va ikkinchi o‘rinlarni egalladi.