2024-yil 20-iyunning eng muhim voqealari dayjesti
20 ta oliygoh qoladi, 21 milliard so'm daromad, 4 mingta muhandisga talab bor, xodimlar foydasiga 3 milliard — kunning eng muhim xabarlari.
2 daqiqa o‘qiladi

Oliygohlar birlashtirilib jami 20 ta oliygoh qoladi
36 ta muhandislik oliygohi va ularning filiallari bosqichma-bosqich yiriklashib, jami 20 ta oliygoh qoladi. Har bir hududda kamida 1 tadan texnika universiteti bo‘ladi.
Rektorlar hamkorlik uchun xorijiy oliygohlarni tanlashda ular faoliyatiga to‘g‘ri kelishini tahlil qilib, shoshma-shosharliksiz qaror qabul qilishi kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.
14 ta korxona ochib 21 milliard so'm daromad qilgan institut
Farg‘ona politexnika instituti 14 ta korxona (spin-of) ochib, 21 milliard so‘m daromad qilgan. Bu yil daromadni 40 milliard so‘mga, kelasi yili – 100 milliard so‘mga olib chiqish bo‘yicha aniq hisob-kitoblari bor.
Eng muhimi, ushbu korxonalar ishchilarining 90 foizi oliygoh o‘qituvchilari va va talabalari.
To‘qimachilikda 4 mingta muhandisga talab bor
Joriy yilda to‘qimachilikda 776 ta loyiha amalga oshirilib, 72 ming ish o‘rni yaratiladi. Shundan 4 mingta muhandisga talab bor.
Lekin, bu yil muhandislik oliygohlarini “yengil sanoat konstruksiyasi” yo‘nalishida Buxoroda – 86 nafar, Jizzaxda – 117 nafar, Surxondaryoda – 56 nafar, Farg‘onada – 126 nafar, Toshkent shahrida bor-yo‘g‘i 153 nafar talaba bitirmoqda.
Xodimlar foydasiga 3 milliard so‘mdan ortiq zarar pullari undirib berildi
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi axborot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, 2023 yil mobaynida kasaba uyushmalariga jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushgan jami 4 ming 834 ta, xususan, 2 ming 12 ta yozma, 656 ta og‘zaki, 1 ming 590 ta internet tarmog‘i orqali elektron shakldagi, 576 ta «Ishonch telefonlari» orqali kelgan murojaatlar, shu jumladan, 233 ta jamoaviy murojaatlar ko‘rib chiqilib, mehnatkashlarga amaliy yordamlar ko‘rsatildi.
Jami murojaatlarni ko‘rib chiqish natijalariga ko‘ra 2023 yil davomida Kasaba uyushmalari tomonidan 3 ming 410 nafar shaxsning huquqlari tiklanib, mehnatkashlar foydasiga 26 mlrd. 30 mln. so‘mdan ortiq zarar pullari undirib berildi.



