Seshanba, 20-oktabr, 2026
Havo 97 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
☀ +12° kechasi +8°

2024-yil 17-iyunning eng muhim voqealari dayjesti

600 ta ish o'rni, O‘zbekiston va Rossiya turizm aloqalari, Anvar Anvarov Shvetsiyada birinchi, IFADning vakolatxonasi — kunning eng muhim xabarlari.

2 daqiqa o‘qiladi

2024-yil 17-iyunning eng muhim voqealari dayjesti

600 nafar o‘zbekistonlik haydovchi uchun ish taklifi

10−17-iyun kunlari Latviyaning transport va logistika sohasidagi Kreiss kompaniyasi vakillari O‘zbekistonga tashrif buyurdi. 

Kreiss — 1994-yilda tashkil etilgan, Latviya logistika xizmatlari bozorida yetakchi kompaniya.

Qayd etilishicha, uchrashuv davomida Latviya tomoni Transport vazirligi, Tashqi mehnat migratsiya agentligi va Xalqaro avtomobilda tashuvchilar uyushmasi rahbariyati bilan muzokaralar o‘tkazildi.

Kreiss va Tashqi mehnat migratsiya agentligi o‘rtasida Latviyaga 600 nafar haydovchini uyushgan tarzda ishga jalb etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

O‘zbekiston va Rossiya turizm aloqalari

O‘zbekiston Prezidentining turizm infratuzilmasini yaxshilash va xorijiy sayyohlar oqimini ko‘paytirish chora-tadbirlariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida belgilab berilgan vazifalari hamda Rossiya Prezidentining joriy yil may oyida mamlakatimizga davlat tashrifi chog‘ida erishilgan kelishuvlar doirasida turizm sohasida hamkorlik bo'yicha quyi qo'mitaning birinchi yig'ilishi bo'lib o'tdi.

Uchrashuvda O‘zbekiston Prezidenti rahnamoligida turizm milliy iqtisodiyotning strategik tarmog‘i sifatida belgilangani ta’kidlandi.

"30 dan ortiq tuman va shaharlar yuqori salohiyatli turizm yo‘nalishlari sifatida belgilanib, ularning alohida bosh rejalari ishlab chiqilmoqda".

Rossiya shaharlaridan Toshkent orqali boshqa davlatlarga bogʻlovchi reyslarni tashkil etish va 2024-25-yillarda Rossiyada Oʻzbekiston Turizm yilini oʻtkazish masalalari koʻrib chiqildi.

Anvar Anvarov Shvetsiyada birinchi

Shvetsiyaning Sollentuna shahrida yengil atletika boʻyicha “Folksam GP Sollentuna” xalqaro musobaqasi boʻlib oʻtdi. Unda ishtirok etgan Oʻzbekiston terma jamoasi aʼzosi Anvar Anvarov oltin medalga sazovor boʻldi.

Yurtdoshimiz uzunlikka sakrash dasturida yana bir yuqori natijasi bilan mutaxassislar eʼtirofiga sazovor boʻldi. Bu gal Anvarov 7,80 metr koʻrsatishga erishdi.

Toshkentda IFADning Markaziy Osiyoda yagona vakolatxonasi

Bosh ofisi Italiyaning Rim shahrida joylashgan Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish xalqaro jamg‘armasi (IFAD) O‘zbekistonda o‘z vakolatxonasini ochdi.

O‘zbekiston jamg‘armaga 2011 yilda a’zo davlat sifatida qo‘shilgan. Mutaxassislar ushbu vakolatxonaning O‘zbekistonda ochilishi Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish xalqaro jamg‘armasining mamlakatdagi qishloq hududlarini rivojlantirish jarayonini qo‘llab-quvvatlash borasidagi uzoq muddatli sa’y-harakatlarida muhim yutuq ekanini ta’kidladi.