2024-yil 16-iyunning eng muhim voqealari dayjesti
Prezident tashabbusi, «FIDE Circuit-2024» reytingi, "BRIKS" o‘yinlari: 24 ta medal, 2075 ta jome masjidda Qurbon hayiti namozi o‘qildi — kunning eng muhim xabarlari.
2 daqiqa o‘qiladi

2075 ta jome masjidda Qurbon hayiti namozi o‘qildi
Bugun respublikamizning barcha hududlaridagi 2075 ta jome masjidida Qurbon hayiti namozi ado etildi.
Masjidlarda namozxonlar Qurbon hayitining farz ibodatini ado etishi uchun barcha sharoit yaratildi.
Jamoat bilan bayram namozi o‘qish niyatida masjidlarga yig‘ilgan yurtdoshlarimiz bugungi dorilomon kunlarimiz uchun shukronalar keltirib, tinchlik-farovonlik bardavom bo‘lishini so‘rab duo qildi.
"BRIKS" o‘yinlari: 24 ta medallar
Rossiya Federatsiyasining Qozon shahrida o‘tayotgan «BRIKS» o‘yinlarining uchinchi kungi bahslari sarhisobiga ko‘ra, sportchilarimiz 6 ta sovrinli o‘rinlarga ega chiqdi.
O‘zbekiston sportchilaridan sinxron suzish musobaqasida 1 ta kumush, akademik eshkak eshish bahslarida 1 tadan kumush va bronza, karatechilarimiz 3 ta bronza medallariga sazovor bo‘ldi.
«BRIKS» o‘yinlarida poyoniga yetgan karate musobaqalari sarhisobiga ko‘ra, umum jamoada 4 ta oltin, 5 ta kumush, 5 ta bronza medallari bilan Rossiya terma jamoasi 1-o‘rindan joy olgan bo‘lsa, xitoylik karatechilar 3 ta oltin, 2 ta kumush va 4 ta bronza medal bilan 2-o‘rinni, 1 tadan oltin-kumush hamda 5 ta bronza medaliga ega chiqqan yurtimiz karatechilari kuchli uchlikka yakun yasadi.
3 nafar shaxmatchimiz «FIDE Circuit-2024» reytingida
Xalqaro shaxmat federatsiyasining «FIDE Circuit-2024» reytingining yangilangan ro‘yxati e’lon qilindi.
Poytaxtimiz Toshkentda poyoniga yetgan "UzChess Cup-2024" turniridan so‘ng ushbu reytingda uch nafar shaxmatchimizning nomi qayd etildi. Ular orasida 19.28 ochko jamg‘arishga muvaffaq bo‘lgan Nodirbek Abdusattorov «FIDE Circuit- 2024» reytingining yetakchilari safidan joy oldi.
BMTda Prezidentimizning Global xavfsiz turizm kodeksi bo‘yicha tashabbusi bir ovozdan ma’qulladi
Turizm qo‘mitasi, BMT Turizm kotibiyati bilan birgalikda Barselonada bo‘lib o‘tgan BMT Turizm Ijroiya kengashi (IK) 121-sessiyasi kun tartibiga O‘zbekistonning global xavfsiz turizm kodeksini ishlab chiqish bo‘yicha hukumatlararo komissiya tuzish masalasi kiritilishini ishlab chiqdilar.
Global xavfsiz turizm kodeksini ishlab chiqish bo‘yicha hukumatlararo komissiya tuzish tashabbusi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2023-yil oktabr oyida Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan BMT Turizm Bosh Assambleyasining 25-sessiyasi doirasida ilgari surilgan.
O‘zbekiston tomonining Hukumatlararo komissiya tuzish to‘g‘risidagi taklifini BMT Turizm Ijroiya kengashining barcha 35 a’zosi bir ovozdan ma’qulladilar va xavfsiz turizm global kodeksining hammuallifi bo‘lishga tayyorligini bildirdilar.



