2024-yil 14-iyunning eng muhim voqealari dayjesti
“VISA” bilan memorandum, tantanali kutib olish marosimi, “Talimarjon IES” AJda 1065 megavattli bug‘-gaz qurilmalari bunyod etilmoqda, Hududlarni rivojlantirishga Italiya kompaniyalari jalb etiladi — kunning eng muhim xabarlari.
2 daqiqa o‘qiladi

“VISA” bilan memorandum imzolandi
2024-yil 13-iyun kuni “VISA” kompaniyasining Markaziy Osiyo mamlakatlarida biznesni rivojlantirish bo‘yicha katta direktori A. Boroddin boshchiligidagi delegatsiyasi bilan muzokaralar o‘tkazildi.
Uchrashuvda turizmni raqamli transformatsiya qilish bo‘yicha qo‘shma ishchi guruhning tayyorgarlik ishlari natijalari e’lon qilindi. Sayyohlik trafigi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni almashish, sayyohning “o‘rtacha chekini” oshirish, turbiznesning yangi mahsulotlari va xizmatlarini targ‘ib qilish, turpotentsial bo‘yicha qo‘shma marketing kampaniyalari va turmarshrut bo‘ylab naqd pulsiz hisob-kitoblarni rag‘batlantirish bo‘yicha keyingi qadamlar muhokama qilindi.
Muzokaralar natijasida O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi va “VISA” kompaniyasi o‘rtasida tegishli hamkorlik memorandumi imzolandi.
Tantanali kutib olish marosimi
14 iyun kuni Ko‘ksaroy qarorgohida mamlakatimizga davlat tashrifini amalga oshirayotgan Koreya Respublikasi Prezidenti Yun Sok Yolni tantanali kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev oliy martabali mehmonni samimiy qarshi oldi va shohsupaga taklif qildi. Davlat madhiyalari yangradi.
“Talimarjon IES” AJda 1065 megavattli bug‘-gaz qurilmalari bunyod etilmoqda
Ayni kunlarda Qashqadaryo viloyati Nishon tumanidagi “Talimarjon IES” AJda umumiy quvvati 1065 MVt bo‘lgan ikkita bug‘-gaz qurilmasi loyihasining qurilishi qizg‘in olib borilmoqda.
Ushbu investitsiya loyihasining umumiy qiymati 944,87 million AQSH dollarini tashkil etib, bosh pudratchi sifatida Ispaniya va Yaponiya kompaniyalari ishtirok etayapti. Qurilish ishlariga Turkiyaning “Çalik Enerji” kompaniyasi mutaxassislari ham jalb qilingan.
Mazkur bug‘-gaz qurilmalarining ishga tushirilishi natijasida korxonada yiliga qo‘shimcha yana 8,5 milliard kilovatt soat elektr energiyasi ishlab chiqarilishiga erishiladi.
Hududlarni rivojlantirishga Italiya kompaniyalari jalb etiladi
O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov Italiyaning ESG GROUP kompaniyasi hammuassisi Simone Boschetti va kompaniya boshqaruvi raisi maslahatchisi Gaetano Kriski boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi.
Suhbatda ushbu davlat yetakchi kompaniyalarini jalb etgan holda O‘zbekiston hududlari infratuzilmasini rivojlantirish masalasi bilan bog‘liq amaliy jihatlar muhokama qilindi. Shuningdek, ikki mamlakatda o‘zaro universitetlar filiallarini ochish orqali oliy ta’lim sohasidagi aloqalarni mustahkamlash istiqboli ko‘rib chiqildi.



