Dushanba, 19-oktabr, 2026
Havo 96 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
☀ +14° kechasi +9°

2024-yil 13-iyunning eng muhim voqealari dayjesti

Osiyo chempionatida 5 ta medal, Koreya prezidenti O‘zbekistonda, O'zbekiston universiteti xalqaro reytingda, “Inson huquqlari himoyasi uchun” ko‘krak nishoni— kunning eng muhim xabarlari.

2 daqiqa o‘qiladi

2024-yil 13-iyunning eng muhim voqealari dayjesti

“Inson huquqlari himoyasi uchun” ko‘krak nishoni

Inson huquqlari bo‘yicha IV Samarqand forumi doirasida «Inson huquqlari himoyasi uchun» ko‘krak nishoni sovrindorlarini taqdirlash marosimi o‘tkazildi.

Tantanali tadbirni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov kirish so‘zi bilan ochib, «Inson huquqlari himoyasi uchun» ko‘krak nishonining chet ellik sovrindorlarini taqdirlash an’anaga aylanganini qayd etdi.  

Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti xalqaro reytingda

Oliy ta’lim muassasalari uchun yil voqeasi sanalgan THE (Times Higher education) xalqaro reytingi natijalari e’lon qilingan edi.

2022 yilda ilk ishtirokiga qaramay THE (Times Higher education) impakt reytingida ToshDO‘TAU 800+ natijani qayd etdi. 2023 yilda esa dunyoning TOP 600+ universitetlari qatoridan joy oldi. Bu yil uchinchi marta mazkur xalqaro reytingda ishtirok etgan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti 300+ o‘rinni egalladi.

Koreya prezidenti O‘zbekistonda

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Koreya Respublikasi Prezidenti Yun Sok Yol rafiqasi bilan birga 13 iyun kuni davlat tashrifi bilan mamlakatimizga keldi.

Toshkent xalqaro aeroportida oliy martabali mehmonni Oʻzbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov va boshqa rasmiylar kutib oldi.

Oliy martabali mehmon sharafiga ikki mamlakat davlat bayroqlari koʻtarildi va faxriy qorovul saf tortdi.

Tashrifning asosiy tadbirlari ertaga, 14-iyun kuni boʻlib oʻtadi.

Velosportchilarimizdan Osiyo chempionatida 5 ta medal

Qozog‘istonning Olmaota shahrida velosportning shosse yo‘nalishi bo‘yicha kattalar va yoshlar o‘rtasidagi Osiyo chempionati yakunlandi. Unda O‘zbekiston milliy terma jamoasi 1 ta oltin va 4 ta kumush, jami 5 ta medalni qo‘lga kiritdi.

Aniqroq aytadigan bo‘lsak, ayollar elita toifasidagi yakkalik poygasida Olga Zabelinskaya oltin, Yanina Kuskova esa kumush medalga sazovor bo‘ldi. Shuningdek, yosh qizlar o‘rtasidagi yakkalik dasturida Samira Ismoilova shohsupaning ikkinchi pog‘onasidan o‘rin oldi.