2024-yil 11-iyunning eng muhim voqealari dayjesti
Mehnat huquqlari, vazirlar uchrashuvi, 5,8 mln. gektar yer maydonlarining elektron xaritasi, avtomobil federatsiyasining konferensiyasi— kunning eng muhim xabarlari.
3 daqiqa o‘qiladi

Samarqand Markaziy Osiyoda ilk bor Xalqaro avtomobil federatsiyasining konferensiyasiga mezbonlik qiladi
Koʻhna Samarqand shahri 10-13-iyun kunlari Xalqaro avtomobil federatsiyasi (FIA) ning navbatdan tashqari Bosh Assambleyasiga mezbonlik qiladi. Maʼlumot uchun, FIA – Xalqaro avtomobil federatsiyasi 1904-yil tashkil topgan boʻlib, kartingdan tortib, Formula-1 bolidlarigacha boʻlgan avtopoygalarni oʻtkazishga masʼul tashkilot hisoblanadi.
Boʻlajak tadbir doirasida FIA rahbari tashabbusi bilan tashkilot jamgʻarmasi, shuningdek, dunyodagi taniqli kolleksionerlar koʻmagida eng ajoyib superkarlar toʻplamini oʻz ichiga olgan noyob avtokoʻrgazma tashkil etiladi. Dasturga muvofiq, joriy yilning 13-iyun kuniga qadar sohada erishilgan yutuqlar bilan tajriba almashish maqsadida turli seminarlar, koʻrgazma va davra suhbatlari, musobaqalar oʻtkaziladi. Konferensiyaning soʻnggi kunida FIA ning navbatdan tashqari Bosh Assambleyasi oʻtkazilishi rejalashtirilgan. Tadbirning asosiy tashkilotchisi Oʻzbekiston avtosport va karting milliy federatsiyasi hisoblanadi.
5,8 mln. gektar yer maydonlarining elektron xaritasi
O‘tgan yilda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 23 apreldagi “Ma’muriy-hududiy birliklar chegaralarini belgilash, yer resurslarini xatlovdan o‘tkazish hamda yaylov va pichanzorlarda geobotanik tadqiqotlarni o‘tkazish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori talablari asosida tumanlarning ma’muriy-hududiy chegaralarini belgilash bo‘yicha, hududdagi 10 ta tuman va shaharning hamda 32 ta tumandagi shaharcha, qishloq va ovullarning ma’muriy-hududiy chegaralarini belgilash ishlari bajarildi.
O‘tgan yili 32 ta tumanda yer resurslarini xatlovdan o‘tkazish ishlari bajarilib, 5,8 mln. gektar maydonda yer uchastkalarini o‘lchash va ularning elektron xaritalarini yaratish ishlari yakuniga yetkazildi, – deydi Kadastr agentligi bo‘lim boshlig‘i Ixtiyor Ergashev.
Vazirlar uchrashuvi
O‘zbekiston Adliya vaziri Akbar Toshqulov Birlashgan Arab Amirliklari (BAA)ga xizmat safari davomida BAA Vazirlar Mahkamasi ijrochi direktori Salim Al Shoami bilan uchrashdi.
Tomonlar har ikki davlatdagi davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasida erishilgan yutuqlarni muhokama qildi.
Amirliklarda 2017 yilda sun’iy intellekt strategiyasi qabul qilingan. Dunyoda birinchilardan bo‘lib davlat xizmatlari va ma’lumotlarni tahlil qilishda to‘liq sun’iy intellektni joriy qilish maqsad qilingan.
Har bir davlat xizmatida “sirli mizoj” tadbiri yo‘lga qo‘yilgan. Bunda, maxsus ilova asosida xizmat ko‘rsatilgandan keyin mijozlarga eslatma yuborilib, berilgan xizmatlarga baho berishi so‘raladi va olingan ma’lumot tahlil qilinadi.
Uchrashuv yakunida tomonlar davlat xizmatlari sohasida o‘zaro tajriba almashish hamda malaka oshirish tadbirlarini yo‘lga qo‘yishga kelishib oldi.
Xodimlarning mehnat huquqlari kuchaytiriladi
O‘zbekiston Senati Raisi, Odam savdosiga qarshi kurashish va munosib mehnat masalalari bo‘yicha Milliy komissiya raisi Tanzila Norboyeva Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT) Mehnat konferensiyasida ishtirok etish uchun Shveysariyaning Jeneva shahriga tashrif buyurdi.
Tashrif davomida XMT mehnatkashlar faoliyati bo‘yicha byurosi direktori Mariya Xelena Andre bilan uchrashuv o‘tkazildi. O‘zaro muloqotda xodimlarning mehnat huquqlarini himoya qilish, ularning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish masalalari muhokama qilindi.
O‘zbekistonda tadbirkorlikning faol rivojlanayotgani, iqtisodiyotda xususiy sektorning ulushi ortib borayotgani va xalqaro brendlar tomonidan O‘zbekiston bozoriga qiziqish kuchayayotgani munosabati bilan xususiy korxonalarda kasaba uyushmalari harakatini rivojlantirish masalalariga e’tibor qaratildi.



