2024-yil 10-iyunning eng muhim voqealari dayjesti
“Chimyon sadosi – 2024”, 100 nafar tozalik posbonlariga 100 ta velosiped, Toshkent shahri qilichbozlari O‘zbekiston kubogida, Olga Zabelinskaya uch karra Osiyo chempioni — kunning eng muhim xabarlari.
2 daqiqa o‘qiladi

“Chimyon sadosi – 2024” xalqaro festivali
Joriy yilning 14-16-iyun kunlari Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida “Chimyon sadosi – 2024” xalqaro festivali o‘tkaziladi.
Festival doirasida Xalqaro turizm mualliflik qo‘shiqlari tanlovi, qoyalarga chiqish va “Skyrunning” - toqqa tez ko‘tarilish bo‘yicha “Chimyon sadosi” kubogi, “Ochiq osmon ostidagi eko-maktab” - o‘smirlar va yoshlar bilan ekoturizm mavzusida darslar va “Biz toza Chimyon tarafdorimiz” ekologik aksiyasi tashkil etiladi.
Tadbirni o‘tkazishdan asosiy maqsad – yosh avlodni Vatanga muhabbat ruhida tarbiyalash, betakror tabiatimiz ne’matlarini asrab-avaylashga o‘rgatish, ekologik turizmni rivojlantirishdan iborat.
100 nafar tozalik posbonlariga 100 ta velosiped
5-iyun — “Butun jahon atrof muhitni muhofaza qilish kuni” munosabati bilan Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligida hududlar bo‘ylab tozalik posbonlarini rag‘batlantirish maqsadida 100 dona velosiped tarqatildi.
Ekologiya jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan xarid qilingan velosipedlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar ekologiya boshqarmalariga yetkazib berildi.
Mazkur velosipedlar hududlarda sanitar tozalash korxonalarining chiqindilarni yuklash, tashish, joylashtirish va saralash, shuningdek, obodonlashtirish boshqarmalarining tozalash ishlari bilan shug‘ullanuvchi ishchilari va ekofaollar hamda jamoatchilik ekologiya nazoratchilariga topshiriladi.
Toshkent shahri qilichbozlari O‘zbekiston kubogida g‘olibi
Qilichbozlik bo‘yicha U13 yosh toifasidagi O‘zbekiston kubogining so‘nggi kunida sablya yo‘nalishi bo‘yicha yakkalik va jamoaviy bahslar o‘tkazildi.
«Paxtakor» sport majmuasida joylashgan qilichbozlik zalida tashkil etilgan mamlakat kubogining sablya yo‘nalishida Toshkent terma jamoasi ham qizlar, ham o‘g‘il bolalar o‘rtasida g‘olib bo‘ldi va kubokni qo‘lga kiritdi.
Olga Zabelinskaya uch karra Osiyo chempioni
Qozog‘istonning Olmaota shahrida velosportning shosse yo‘nalishi bo‘yicha kattalar va yoshlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatida ayollar elita toifasida individual vaqt poygasi bo‘lib o‘tdi.
20 km. masofaga kechgan bellashuvda O‘zbekiston ayollar milliy terma jamoasi a’zolari Olga Zabelinskaya hamda Yanina Kuskova ishtirok etdi. Quvonarlisi, poyga yakuniga ko‘ra, Olga Zabelinskaya oltin, Yanina Kuskova esa kumush medalga ega chiqdi.
Ushbu g‘alaba orqali Olga Zabelinskaya veloshosse yo‘nalishida uch karra Osiyo chempioniga, Yanina Kuskova ikkinchi bor qit’a birinchiligi sovrindoriga aylandi.



