2024-yil 26-martning eng muhim voqealari dayjesti
Yangi temiryo‘l yo‘nalishi, Keldiyorovaning natijalari, ichimlik suvi uchun 70 mlrd. dollar, XMTning xalqaro koordinatori — kunning eng muhim xabarlari.
2 daqiqa o‘qiladi

Yangi temir yo'l yo'nalishi
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilayotgan yig‘ilishda mahalliy va xorijiy sayyohlar oqimi keskin o‘sishi uchun transport sohasida imkoniyatlar to‘liq ishga solinmagani ko‘rsatib o‘tildi.
Ichki turizmni rivojlantirish maqsadida Namanganni Buxoro va Samarqand bilan bog‘lovchi temir yo‘l reyslari, “Namangan – Pop – Chodak” yo‘nalishida har kuni ekspress yo‘lovchi poyezd qatnovi yo‘lga qo‘yilishi e'lon qilindi.
Diyora Keldiyorova yangi reytengda ham peshqadam
Xalqaro dzyudo federatsiyasi Tbilisi shahrida o‘tkazilgan «Katta dubulg‘a» turniri yakunlariga ko‘ra, o‘zining yangilangan reytingini e’lon qildi.
Unga ko‘ra, -52 kg. vazn toifasida hamyurtimiz Diyora Keldiyorova garchi Tbilisidagi musobaqada ishtirok etmagan bo‘lsada, 7750 ochko bilan o‘z vaznida peshqadamlikni saqlab qoldi.
Aholini ichimlik suvi bilan ta'minlash uchun 70 mln. dollar
Aholini ichimlik suvi bilan ta’minlashni yaxshilash maqsadida Zarkent, Xojikent, Iskovot, Buloqboshi, Yoshlik shaharchalari va Namangan shahrida suv ta’minotini yaxshilash loyihasini jadallashtirishga ko‘rsatma berildi.
Bundan tashqari, Chust, Pop, Namangan va Mingbuloqda ichimlik va oqova suv tizimlarini yaxshilash uchun 70 million dollar jalb qilinadigan bo'ldi.
XMTning xalqaro koordinatori lavozimi tashkil etilmoqda
O‘zbekiston Senati Raisi, Odam savdosiga qarshi kurashish va munosib mehnat masalalari bo‘yicha milliy komissiya raisi Tanzila Norboyeva Jeneva shahrida Xalqaro Mehnat Tashkiloti (XMT)ning Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha byurosi mintaqaviy direktori Beate Andrees bilan muzokara o‘tkazdi.
Suhbat chog'ida, XMTning mamlakatimiz, umuman, Markaziy Osiyodagi ishtirokini kengaytirish, konstruktiv muloqot izchilligini ta’minlash maqsadida Toshkent shahrida XMTning xalqaro koordinatori lavozimi tashkil etilgani ma’lum qilindi.



