$
 12928.27
18.47
 13462.21
46.35
 129.66
0.57
weather
+26
Кечаси   +14°

2024-yil 7-dekabrning eng muhim voqealari dayjesti

ww2

Mutlaqo yolg‘iz qolgan samarqandlik 14 yoshli qizga vasiy tayinlandi

Maʼlum qilinishicha, voyaga yetmagan qiz o‘z murojaatida ota-onasining bir necha yil avval ajrimidan so‘ng hozirda otasi bilan aloqa yo‘qligi, onasi va akasi esa bugungi kunda jinoiy taʼqib ostida bo‘lib, ularga tergov vaqtida qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangani sababli hozirda u mutlaqo yolg‘iz qolganligini bildirgan.

Holat bolalar ombudsmani tomonidan darhol o‘rganildi. Xususan, Ijtimoiy himoya agentligiga darhol kiritilgan so‘rov asosida bunday murakkab holatda bo‘lgan bolaning vaziyati tuman “Inson” ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish markazi tomonidan zudlik bilan o‘rganilib, qizga vaqtincha vasiy tayinlash chorasi ko‘rildi. Hozirda voyaga yetmagan F.U. qarindoshlari qaramog‘iga topshirildi. Bolaning vaziyati vasiylik organi tomonidan nazorat qilinmoqda.

“Bolalar ombudsmani holat yuzasidan o‘z kuzatuvini davom ettiradi”, – deyiladi xabarda.

Toshkent avtobuslarida naqd pul qabul qilish to‘xtatiladi

2025-yil 1-yanvardan boshlab, Toshkent shahrida avtobuslarda naqd pul qabul qilish amaliyoti to‘xtatiladi va to‘lovlar elektron tarzda, transport kartalari yoki bank kartalari orqali qabul qilinadi.

Transport vazirligi naqd pulda to‘lov qilmoqchi bo‘lgan yo‘lovchilarga qanday yo‘l tutish haqida tushuntirish berdi: bu holatda shahardagi bekatlarda va ular yaqinida o‘rnatilgan to‘lov qurilmalari (Paynet, MultiPay va Oson infokiosklari) orqali bir martalik chipta xarid qilish lozim bo‘ladi.

Yo‘l haqini tez va arzon to‘lash uchun esa elektron to‘lov tizimlaridan foydalanish tavsiya etilgan.

O‘zbekiston Turkmanistonda brom ishlab chiqarishni boshlashi mumkin

Turkmanobod shahrida O‘zbekiston – Turkmaniston ikkinchi hududlararo forumi va Made in Uzbekistan milliy mahsulotlar ko‘rgazmasi o‘tkazildi.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar har ikki davlatda milliy mahsulotlar ko‘rgazmasini o‘zaro o‘tkazish mamlakatlarimiz o‘rtasidagi savdo hajmlarini oshirishga katta hissa qo‘shishini ta’kidladi.

Made in Uzbekistan ko‘rgazmasida mamlakatning avtosanoat, kimyo, farmatsevtika, neft-gaz, to‘qimachilik, ipakchilik va charm-poyabzal sanoati, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari, qurilish va turizm sohalari mahsulotlari namoyish etildi.

To‘qimachilik sohasida sanoat kooperatsiyasini yo‘lga qo‘yish, kimyo sanoati yo‘nalishida "Mariazot" zavodini rekonstruksiya qilish, Turkmanistonda brom ishlab chiqarish sohasida qo‘shma loyihani amalga oshirish, "Shovot-Dashoguz" chegaraoldi savdo zonasini yaqin muddatda ishga tushirish va boshqa masalalar muhokama qilindi.

O‘zbekiston – Turkmaniston ikkinchi hududlararo forumida har ikki davlatdan jami 300 dan ortiq rasmiy va ishbilarmon doiralari vakillari ishtirok etdi. Forum doirasida O‘zbekiston va Turkmaniston rasmiy hamda biznes delegatsiyalari o‘rtasida bir qator ishchi uchrashuv va muzokaralar o‘tkazildi.

Chirchiq daryosidagi orolchada qolib ketgan fuqaro qutqarildi

Chirchiq daryosining Qibray tumanidan o‘tgan hududidagi orolchada qolib ketgan erkak FVB yong‘in-qutqaruv otryadi xodimlari tomonidan qutqarildi.

5-dekabr kuni soat 16:07 da daryoning Qipchoq mahallasi hududidan oqib o‘tuvchi qismi o‘rtasidagi orolchada fuqaro qolib ketgani to‘g‘risida xabar kelib tushgan.

Chirchiq yong‘in-qutqaruv otryadidan qutqaruvchilar zudlik bilan aytilgan manzilga yetib borib, qutqaruv qayig‘i hamda maxsus anjomlar yordamida fuqaro daryodagi orolchadan olib chiqilgan va tez tibbiy yordam xodimlariga topshirilgan. Fuqaro otga minib olgan holda daryoning bir qirg‘og‘idan ikkinchi qirg‘og‘iga o‘tayotgan vaqtida otning oyog‘i toyib, yiqilib tushgan va daryoda oqib ketgan. Shundan so‘ng u daryo o‘rtasidagi orolchaga chiqib olgan. Ot esa o‘z harakatlari bilan qirg‘oqqa chiqqan. Hozirda fuqaroning ahvoli yaxshi shifokorlar tomonidan malakali tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, yashash uyiga ruxsat berilgan.