2024-yil 23-dekabrning eng muhim voqealari dayjesti
Yangi yil bayrami uchun ish vaqti uzaytirilgan Toshkent metrosi, Qirg‘iziston Prezidenti tomonidan taqdirlangan Bozorov, O‘zbekiston va Kuvayt o‘rtasidagi havo qatnovi kelishuvi, sport federatsiyasiga rais bo‘lgan mudofaa vaziri — kunning eng muhim xabarlari bilan tanishing.
2 daqiqa o‘qiladi

Yangi yil bayrami uchun Toshkent metrosi ish vaqti uzaytirildi
Toshkent metrosi Yangi yil bayrami munosabati bilan 31 dekabr kuni soat 05:00 dan 1 yanvar soat 02:00 gacha yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatadi. Ya’ni shu kuni metro bekatlari ish vaqti odatdagidan 2 soatga uzaytiriladi. “Shuningdek, qo‘shimcha dam olish kunlarida metro poyezdlarining harakat jadvali yuzasidan rejaviy ishlar amalga oshirilmoqda. Bu xususida batafsil qo‘shimcha ma’lumot taqdim etiladi”, deyiladi “Toshkent metropoliteni” DUK axborot xizmati xabarida.
Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorovni taqdirladi
Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Xayitboyevich Bozorov Qirg‘izistonning “Dank” ordeni bilan mukofotlandi. Ordenni topshirish marosimida Sadir Japarov Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorovni O‘zbekiston va Qirg‘iziston orasida savdo va iqtisodiy masalalariga qo‘shgan xizmatlari uchun taqdirlaganini qayd etgan.
O‘zbekiston va Kuvayt o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri havo qatnovi yo‘lga qo‘yilishi mumkin
Malayziyada bo‘lib o‘tgan IKAO yig‘ilishi doirasida O‘zbekiston Fuqaro aviatsiyasi delegatsiyasi bilan bo‘lgan samarali uchrashuvi natijalari e’tirof etildi. Ta’kidlanishicha, Kuwait Airlines aviakompaniyasining samolyotlar parkini kengaytirish maqsadida 2025-yilda “Al-Kuvayt-Toshkent” yo‘nalishi bo‘yicha aviareyslarni amalga oshirish rejalashtirilmoqda.
Mudofaa vaziri sport federatsiyasiga rais bo‘ldi
Mudofaa vaziri, general-mayor Shuhrat Xolmuhammedov O‘q otish sporti federatsiyasi raisi lavozimiga saylandi. 2021 yil 23 martda Prezident farmoni bilan Shuhrat Xolmuhammedovga general-mayor harbiy unvoni berilgandi. U Mudofaa vazirining birinchi o‘rinbosari – Qurolli Kuchlar Bosh shtabi boshlig‘i lavozimida ham ishlagan.



