2024-yil 18-dekabrning eng muhim voqealari dayjesti
Futzal va sohil futboli uchun alohida tashkilot, dunyoning eng istiqbolli sayyohlik manzillari, iste’molchilar foydasiga qayta hisob-kitob qilingan pul, ta’til vaqti uchun qo‘shimcha poyezd qatnovlari — kunning asosiy xabarlari bilan tanishing.
2 daqiqa o‘qiladi

Endi futzal va sohil futboli uchun ham alohida tashkilot ish boshlaydi
O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi (O‘FA) Ijroiya qo‘mitasining joriy yil 12-dekabr sanasidagi yig‘ilishi bayoniga asosan, mamlakat futzali va sohil futboli uchun javobgar alohida tashkilot (federatsiya) tuzish masalasi belgilandi. Noyabr oyi davomida O‘FA mazkur masalani to‘liq o‘rganib chiqib, 2025-yildan boshlab bu borada qanday amaliy ishlar olib borilishi yuzasidan yakuniy qarorga keldi. Dastlabki bosqichda professional va havaskorlar futzalni hamjihatlikda rivojlantirish, shu asosida mamlakat terma jamoalarini shakllantirish, chempionat o‘yinlarida raqobatni kuchaytirish, klublar darajasini oshirish lozimligi qayd etildi.
O‘zbekiston dunyoning eng istiqbolli sayyohlik manzillari ro‘yxatida birinchi o‘rinni egalladi
Wanderlust sayohat jurnali har yilgi Reader Travel Awards uchun dunyodagi eng sevimli manzillarga ovoz berish bo‘yicha so‘rovnoma o‘tkazdi. Bu yil 168 ming sayohatchi 22 turli toifada ovoz berdi. O‘quvchilar o‘zlarining sevimli istiqbolli yo‘nalishlari uchun ham ovoz berishgan va O‘zbekistonni eng istiqbolli rivojlanayotgan yo‘nalish deb e’tirof etishgan. Ro‘yxatda Albaniya ikkinchi, Qatar esa uchinchi o‘rinni egalladi. Quyida eng yaxshi o‘ntalikdan joy olgan davlatlar bilan tanishib chiqishingiz mumkin.
Dunyoning eng istiqbolli 10 ta yangi sayyohlik yo‘nalishlari:
1. O‘zbekiston
2. Albaniya
3. Qatar
4. Ozarbayjon
5. Qozog‘iston
6. Grenlandiya
7. Armaniston
8. Nikaragua
9. Moldova
10. Panama
Iste’molchilar foydasiga 1,2 mlrd. so‘mdan oshiq pul qayta hisob-kitob qilindi
Raqobat qo‘mitasi tomonidan ayrim nodavlat ta’lim muassasalariga qarshi chora ko‘rildi. Maktablar bo‘yicha iste’molchilaridan ko‘plab shikoyatlar kelib tushgan. Joriy yilning o‘tgan davrida nodavlat ta’lim xizmatlari bo‘yicha 500 dan ortiq murojaatlar kelib tushgan bo‘lsa, ularning aksariyati Toshkent shahridagi subyektlar hissasiga to‘g‘ri keladi. Qo‘mita tomonidan murojaatlarni o‘rganib chiqish natijasida iste’molchilar foydasiga jami 1,2 mlrd. so‘mdan ortiq mablag‘ qayta hisob-kitob qilinishi ta’minlangan. Shuningdek, litsenziya talablari va soliq qonunchiligini buzgan, sanitariya qoidalariga mos o‘quv sharoitlarini yaratmagan holatlar bo‘yicha 50 ga yaqin hujjatlar tegishli chora ko‘rish uchun vakolatli organlarga yuborilgan.
Qishki ta’til vaqti uchun qo‘shimcha poyezd qatnovlari va vagonlar qo‘shilmoqda
Transport vazirligi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, 17-dekabrdan boshlab Toshkent-Urganch-Toshkent yo‘nalishida 18 ta, 15-dekabrdan esa Samarqand-Toshkent-Samarqand yo‘nalishida "Afrosiyob" tezyurar elektropoyezdiga qo‘shimcha 30 ta qatnov amalga oshiriladi. Mazkur yo‘nalishlar uchun 20-dekabrdan boshlab har kuni 4 ta qo‘shimcha platskart vagonlari qo‘shiladi. Bundan tashqari, barcha mahalliy yo‘nalishdagi qatnovlarga chegirma e’lon qilingan. Arzonlashtirilgan narxlar 23-dekabrdan 10-yanvargacha amal qiladi. Biroq, chegirmalar SV/VIP klass vagonlariga va yuqori tezlikda harakatlanuvchi "Afrosiyob" elektropoyezdiga taqdim etilmaydi.



