2024-yil 16-dekabrning eng muhim voqealari dayjesti
Gepatit C’ga qarshi dorilar yetkazib berishni tiklagan Misr, jahon chempionatida uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan og‘ir atletikachilar, Fanlar akademiyasiga saylangan prezident, shartsiz beriladigan 300 million so‘mlik kredit — kunning asosiy xabarlari bilan tanishing.
2 daqiqa o‘qiladi

Misr O‘zbekistonga gepatit C’ga qarshi dorilar yetkazib berishni tikladi
Misr O‘zbekistonga gepatit C’ga qarshi dorilar yetkazib berishni qayta tikladi. Qayd etilishicha, 14-dekabr kuni "Uzbekistan Airways" aviakompaniyasi Misr hukumati tomonidan ajratilgan insonparvarlik yordamining sakkizinchi partiyasini Sharm ash-Shayxdan Toshkentga yetkazgan. Ushbu partiyadagi yordam umumiy 30 dona qutidagi 7200 dona "Sofosbuvir-400 mg" dori vositalarini o‘z ichiga oladi. O‘zbekiston elchixonasi xabariga ko‘ra, Misr hukumati tomonidan umumiy qiymati 4,2 million dollarga teng bo‘lgan jami 800 ming dona (40 tonnaga yaqin) S gepatitiga qarshi "Daklatasvir" va "Sofosbuvir", V gepatitiga qarshi "Entekavir" dori vositalarining beg‘araz grant yordam sifatida O‘zbekistonga berilishi bo‘yicha kelishuvga erishilgan.
O‘zbekiston terma jamoasi jahon chempionatida uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi
O‘zbekistonlik sportchilar 92 ta davlat ichida umumjamoa hisobida uchinchi o‘rinni egalladi. Bahraynning Manama shahrida og‘ir atletika bo‘yicha jahon chempionati o‘z yakuniga yetdi. 92 mamlakatdan 500 nafarga yaqin sportchi ishtirok etgan mazkur musobaqada O‘zbekiston terma jamoasi 3 ta oltin, 1 ta kumush va 2 ta bronza medaliga sazovor bo‘ldi. Musobaqa yakunida o‘zbekistonlik sportchilar medallar jamg‘arish bo‘yicha umumjamoa hisobida uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritishdi.
Endilikda shartsiz 300 million so‘m kredit beriladi
O‘tgan 6-yilda oilaviy tadbirkorlik dasturi doirasida 750 ming aholi kreditini vaqtida qaytarib, daromadli biznesga ega bo‘ldi. Ulardan 58 mingi yangi korxona ham ochdi. Sinovdan o‘tgan mijozlarini qo‘llab-quvvatlab, ularni kichik va o‘rta biznes darajasiga olib chiqishi kerakligi ta’kidlandi. Ularga “Kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash” dasturi doirasida shartsiz 300 million so‘m kredit beriladi.
Shavkat Ayupov Fanlar akademiyasiga prezident etib saylandi
Shavkat Ayupov marhum Behzod Yuldashev o‘rniga Fanlar akademiyasi prezidenti etib tayinlandi. Bugun O‘zbekiston Fanlar akademiyasida Fanlar akademiyasining prezidentini saylashga bag‘ishlangan umumiy majlis bo‘lib o‘tdi. Unda akademik Ayupov Shavkat Abdullayevich Fanlar akademiyasining prezidenti etib saylandi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.



