2024-yil 15-dekabrning eng muhim voqealari dayjesti
Braziliya tomon yo‘lga chiqqan konteyner, ishonch yorliqlarini topshirgan elchilar, AI-80 benzinni sotuvga chiqarmasdan saqlab turgan AYQSHlar, Abu Rayhon Beruniy asarining qadimiy noyob qo‘lyozmasi topilgani — kunning asosiy xabarlari bilan tanishing.
2 daqiqa o‘qiladi

Braziliyaga ilk bor konteynerli poyezd yo‘lga chiqdi
Toshkentdan First Dry Port Terminal terminali orqali konteyterli blok poyezd Braziliyaga yo‘lga chiqdi. Markaziy Osiyodagi transport, aloqa, infratuzilma, tashqi savdo faoliyati va boshqalar haqida ma’lumot beruvchi LogiStan Telegram kanalining xabar qilishicha, yuk poyezdi 11-dekabr kuni jo‘nab ketgan bo‘lib, tarkibda jami 12 metrli 54 ta konteyner bor (har birida 28 tonna karbamid mavjud). Yuklar manzilga, taxminan, 60—70 kunda yetib boradi. O‘zbekistondan Poti portigacha konteynerlar 20 kunda, dengiz orqali esa 35—45 kunda yetkazilishi rejalashtirilgan.
O‘zbekistonning xorijdagi elchilari ishonch yorliqlarini topshirdi
O‘zbekistonning Favqulodda va muxtor elchisi Dilshod Axatov Chexiya Prezidenti Pyotr Pavelga, Oybek Shaxavdinov esa Sloveniya Prezidenti Natasha Pirs-Musarga ishonch yorliqlarini topshirdi. Bugungi kunga qadar Dilshod Axatov O‘zbekistonning Shveysariya va Chexiyadagi o‘rindoshlik asosida elchisi ham hisoblanadi. O‘zbekistonning Germaniyadagi elchisi Shveysariyada ham mamlakatning rasmiy vakili hisoblanadi. Oybek Shaxavdinov esa O‘zbekistonning Vengriyadagi (qarorgohi Budapesht shahrida joylashgan) birinchi, shuningdek, o‘rindoshlik asosida Xorvatiya, Chernogoriya va Sloveniyadagi elchisi hisoblanadi.
AI-80 benzinni sotuvga chiqarmasdan saqlab turgan AYQSHlarga chora ko‘rildi
“O‘zenergoinspeksiya” navbatlarga sabab bo‘layotgan Ai-80 avtobenzinni sotuvga chiqarmasdan o‘zida saqlab turgan AYQSHlarga chora ko‘rilganini ma’lum qildi. AYQSHlarda neft mahsulotlarini yetkazib berish va ularni sotuvga chiqarilishi yuzasidan ham nazorat tadbirlari o‘tkazilmoqda. Xususan, Farg‘ona viloyati Farg‘ona tumanida o‘tkazilgan shunday tadbir davomida “V.H.O.” MCHJga qarashli avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchasiga ta’minotchi omboridan olib kelingan 3,7 tonna Ai-80 markali avtobenzin AYQSH orqali sotilmasdan, ulgurji sotib yuborilgani aniqlangan. Mazkur holatlar yuzasidan qoidabuzarlikka yo‘l qo‘ygan ushbu AYQSHlar birja savdolarida ishtirok etishi vaqtincha to‘xtatildi.
Abu Rayhon Beruniy asarining qadimiy noyob qo‘lyozmasi topildi
Malayziya poytaxti Kuala-Lampur shahridagi kutubxonada Abu Rayhon Beruniy asarining qadimiy qo‘lyozmasi saqlanayotgani ma’lum bo‘ldi. Malayziyada xizmat safari bilan bo‘lib turgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi rahbari o‘rinbosari Firdavs Halimov Xalqaro islom tafakkuri va sivilizatsiyasi instituti direktori Abdelaziz Bergut bilan uchrashuv o‘tkazdi. Abdelaziz Bergut muassasaning kutubxona fondi, mavjud bir qator nodir qo‘lyozma va eksponatlar bilan mehmonlarni tanishtirdi. Kutubxonada saqlanayotgan eng nodir qo‘lyozmalar – Abu Rayhon Beruniyning astronomiya ilmiga oid 1197-yilga mansub "Kitob al-Tafhim" asari va Abulqosim Firdavsiyning 1612-yilga oid "Shohnoma" asaridir. Mazkur asarlar asr oxirlarida Yevropa auksionlarida xarid qilingani ma’lum qilindi.



