2024-yil 13-dekabrning eng muhim voqealari dayjesti
“Qirg‘iziston Respublikasi xalq artisti” bo‘lgan Ozodbek Nazarbekov, “Mardlik” ordeni bilan taqdirlangan tikuvchi ayol, energetika sohasidagi yangi sarmoyador, Pedru Moreyra boshchiligida “Paxtakor"ning birinchi xaridi — kunning asosiy xabarlari bilan tanishing.
2 daqiqa o‘qiladi

Masdar O‘zbekistonda 2 gigavatt quvvat energiya ishlab chiqarishga sarmoya kiritdi
Xalqaro kongress markazida Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida energetika sohasida yangi quvvatlarni ishga tushirish va navbatdagi loyihalar qurilishiga start berish marosimida BAA energetika va infratuzilma vaziri Suxayl al-Mazruiy Masdar kompaniyasi O‘zbekistonda 2 gigavatt quvvat energiya ishlab chiqarishga sarmoya kiritishini ma’lum qildi.
O‘zbekistonlik tikuvchi ayol “Mardlik” ordeni bilan taqdirlandi
Prezident Shavkat Mirziyoyev dunyoning eng ruhlantiruvchi “Top-100” ayoli ro‘yxatiga kirgan Denovlik Dilorom Yo‘ldoshevaning ishlarini e’tirof etdi. Prezident farmoniga muvofiq, yig‘ilishda Dilorom Yo‘ldoshevaga “Mardlik” ordeni tantanali topshirilgan. Kelgusi yilda bunday insonlar haqida kamida 5 ta motivatsion hujjatli va badiiy filmlar suratga olish muhimligi ta’kidlandi. Bu boradagi ishlarni muvofiqlashtirish Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Sh.Mirziyoyeva zimmasiga yuklatildi.
Ozodbek Nazarbekov “Qirg‘iziston Respublikasi xalq artisti” bo‘ldi
Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov O‘zbekiston Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekovni “Qirg‘iziston Respublikasi xalq artisti” faxriy unvoni bilan taqdirladi. Bu haqda O‘zbekiston Madaniyat vazirligi xabar berdi. Sadir Japarov 2025-yilda Qirg‘izistonda bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston madaniyati kunlari ikki xalqning yanada yaqinlashishida muhim voqea bo‘lishiga ishonch bildirgan. Qirg‘iziston Prezidenti Ozodbek Nazarbekovni “Qirg‘iziston Respublikasi xalq artisti” unvoni bilan taqdirlangani bilan tabriklab, uning mamlakatlar o‘rtasidagi madaniy aloqalarni rivojlantirish va do‘stlikni mustahkamlashga qo‘shgan ulkan hissasini ta’kidlagan.
“Paxtakor” Bashar Resan transferini ma’lum qildi
Toshkentning “Paxtakor” klubi Iroq terma jamoasi a’zosi Bashar Resan bilan 1+1 ko‘rinishida shartnomaga imzo chekdi. Bu haqda “Paxtakor” klubi Matbuot xizmati ma’lum qildi. Iroq va Eron chempioni bo‘lgan Bashar Resan OFK Kubogida g‘olib bo‘lib, Osiyo Chempionlar Ligasida ikki bor finalga chiqqan. Iroq terma jamoasi safida 56 o‘yinda 4 gol muallifiga aylangan. Bashar Resan yangi murabbiy Pedru Moreyra boshchiligida “Paxtakor”ning birinchi xaridi bo‘ldi.



