$
 12820.47
5.69
 13470.47
27.77
 122.26
-1.24
weather
+26
Кечаси   +14°

2024-yil 27-noyabrning eng muhim voqealari dayjesti

27.11.

2025-yil boshida Latviyada O‘zbekiston charm mahsulotlari uchun ikkita ombor ochiladi

Latviyada O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan charm mahsulotlar uchun omborlar tashkil etiladi. Bu haqda “O‘zcharmsanoat” uyushmasi matbuot xizmati xabar berdi.

Avvalroq uyushma raisi etib tayinlangan Akbar Sultanov mamlakatning Latviyadagi konsuli va O‘zbekiston-Latviya savdo palatasi boshqaruvi a’zosi Vladimir Galperin bilan uchrashdi. Unda ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikning kelgusi istiqbollari muhokama qilindi.

Muloqotda O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan charm mahsulotlarini Yevropa Ittifoqi bozorlariga eksport qilish masalasi ko‘rib chiqildi. Galperin mazkur mahsulotlarga talabning ortib borayotganini va bu yo‘nalishda ishga solinmagan imkoniyatlar mavjudligini ta’kidladi.

2025-yil boshida Latviyaning Riga va Liyepaya shaharlarida ikkita yirik omborxona faoliyatini boshlaydi. Har bir omborning maydoni — 2 ming kv.metr. Bunda, O‘zbekiston kompaniyalari ulardan to‘lovlarsiz foydalanishlari mumkin bo‘ladi. Uchrashuvda mamlakat mahsulotlarini mazkur omborlarda saqlash va jo‘natish masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, Latviyaga jelatin eksporti bo‘yicha hamkorlik istiqbollari o‘rganildi. Yakunda esa tomonlar o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.

Rigadagi O‘zbekiston konsulligi 2023-yilning oktabr oyida ochilgandi. Konsullik mehnat migratsiyasini tartibli tashkil etish, madaniy-gumanitar va boshqa aloqalarni rivojlantirishga ko‘maklashadi.

Jamg‘arib boriladigan majburiy pensiya badallarini hisoblashning yangi tartibi tasdiqlandi

Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Soliq qo‘mitasi va Markaziy bankning «Ish beruvchilar tomonidan fuqarolarning shaxsiy jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvaraqlariga majburiy jamg‘arib boriladigan pensiya badallarini hisoblash va to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida»gi qo‘shma qarori qabul qilindi (20.11.2024 y.)

Ish beruvchi yuridik shaxslar o‘z xodimlarining pensiya hisobvaraqalariga, mazkur yuridik shaxs xodim uchun asosiy ish joyi hisoblanishi yoki u o‘rindoshlik asosida ishlashi yoxud fuqarolik-huquqiy shartnoma bo‘yicha ishlarni bajarishidan qat’i nazar, majburiy jamg‘arib boriladigan pensiya badallarini kiritishga majburdir.

Badallar pensiya hisobvaraqlariga jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ini to‘lash bilan birgalikda jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ini to‘lash uchun belgilangan muddatlarda ajratiladi. Bu tegishli to‘lov topshiriqnomasi vositasida amalga oshiriladi va unda omonatchining rekvizitlari, o‘tkazish maqsadi, o‘tkazilayotgan jamg‘arib boriladigan pensiya badallarining summasi, “Xalq banki”ning tegishli filialiga yuboriladigan reyestrning raqami va sanasi ko‘rsatiladi. Ish beruvchi har oyda hisobot oyidan keyingi oyning 15-kuniga qadar badallar o‘tkazilgan har bir to‘lov hujjati summasiga alohida, belgilangan tartibda SHJBPH raqamlari, har bir xodimning familiyasi, hisoblangan ish haqi va jamg‘arib boriladigan pensiya badallari summasi ko‘rsatilgan holda xodimlar reyestrlarini elektron hujjat sifatida shakllantirib, tegishli Xalq banki filialiga elektron manbalarda taqdim etishi yoki uni YAIDXP shaxsiy “tadbirkorlik subyekti kabineti” orqali yuborishi lozim. Xalq banki har kuni Soliq qo‘mitasiga pensiya badallari tushumi to‘g‘risidagi axborotni taqdim etadi.

Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 23.11.2024 yildan kuchga kirdi.

Dog‘iston bilan baliqchilik va oyoq kiyim ishlab chiqarish bo‘yicha hamkorlik qilinadi

Toshkent shahar hokimligida Dog‘iston Respublikasi sanoat va savdo vazirining birinchi o‘rinbosari Xadjimurad Israpilov boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Unda Toshkent va Dog‘iston o‘rtasidagi hamkorlik, iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish va investitsiyalarni jalb qilish masalalari muhokama qilindi. Xususan, Dog‘istonning baliqchilik, charm oyoq kiyim ishlab chiqarish, elektronika sanoati vakillari poytaxt tadbirkorlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri biznes aloqalarga tayyorligini ta’kidlashdi.

Shahar hokimi o‘rinbosari Sharof Rahmonov o‘z navbatida, Toshkentning hamkorlik uchun tayyor ekanini, tadbirkorlar hamda nazorat tashkilotlari bilan uchrashuvlar tashkil etilishida amaliy yordam ko‘rsatilishi haqida ma’lum qildi. Xadjimurad Israpilov ushbu samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, savdo-iqtisodiy hamkorlik boshqa yo‘nalishlardagi munosabatlarga ham yo‘l ochishini ta’kidlab o‘tdi.  

Uchrashuv so‘ngida muhim kelishuvlarga erishildi.  

Alkogol va tamaki bozorini raqamlashtirish jadallashtirilmoqda

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 3-iyundagi “Alkogol va tamaki mahsulotlari bozorini tartibga solish hamda ularning noqonuniy aylanmasining oldini olish chora-tadbirlarini kuchaytirish to‘g‘risida“gi farmonida alkogol va tamaki ishlab chiqarish sohasini yil yakuniga qadar to‘liq raqamlashtirish bo‘yicha bir qator vazifalar belgilangan. Ushbu vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Bosh prokuratura huzuridagi Departament qoshidagi Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish inspeksiyasi tomonidan ishlab chiqarish korxonalarini integratsiya qilish masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Xususan, respublikada mavjud barcha korxonalarda spirt va alkogol mahsulotlarini ishlab chiqarish va aylanmasi hajmini hisobga olish tizimini monitoring va nazorat qilish imkonini beruvchi yagona onlayn axborot tizimiga integratsiya qilinmoqda.  

Bu bilan iste’mol va texnik etil spirti, alkogol va tamaki mahsulotlarini ishlab chiqarish va ularning aylanmasi hajmini hisobga olish axborot tizimi, xavfni tahlil qilish tizimi, iste’mol va texnik etil spirti tashuvchi avtotransport vositalari harakatini markazlashtirilgan tarzda monitoringi va nazorati yuritiladi.