$
 12814.78
-14.29
 13442.70
97.9
 123.50
-1.41
weather
+26
Кечаси   +14°

2024-yil 26-noyabrning eng muhim voqealari dayjesti

26.11.

O‘zbekiston TIV isroillik ravvinning o‘limi yuzasidan hamdardlik bildirdi

O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov 26-noyabr kuni TIV binosida Isroilning O‘zbekistondagi elchisi Gideon Lustig bilan uchrashdi.

“Zvi Koganning vafoti munosabati bilan chuqur hamdardlik bildirdik. O‘zbekiston xalqi barcha din va elat vakillariga azaldan do‘stona munosabatda bo‘lib kelgan. Biz millatchilikning hech qanday ko‘rinishiga toqat qilmaganmiz va bundan keyin ham toqat qilmaymiz. Terrorizm va ekstremizmning chegarasi va millati yo‘q”, deb yozdi vazir o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.

Baxtiyor Saidovning bildirishicha, O‘zbekiston hukumati tergov jarayonlarida BAA va Isroil idoralari bilan yaqindan hamkorlik qilmoqda.

Bundan avval O‘zbekistonning Dubaydagi bosh konsulxonasi BAAda isroillik ravvin Zvi Kogan o‘ldirilishi yuzasidan bayonot bergandi. Unda O‘zbekistonning Dubay shahridagi Bosh konsulxonasi hamda Abu Dabidagi elchixonasi Birlashgan Arab Amirliklari Tashqi ishlar vazirligi va boshqa mutasaddi idoralari bilan doimiy aloqada bo‘lib, mazkur masala yuzasidan oydinlik kiritish maqsadida tegishli ishlar olib borayotgani bildirilgan.

Energetika vazirligi va tizim korxonalari 24/7 ish rejimiga o‘tdi

Energetika vazirligida videoselektor tarzida o‘tkazilgan yig‘ilishda bu haqda maʼlum qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Vazirlar Mahkamasi, Energetika vazirligi, Bosh prokuratura, tegishli vazirlik va idoralar hamda viloyat hokimliklari masʼullari ishtirok etgan ushbu tadbirda yoqilg‘i-energetika sohasi obyektlarining qish mavsumida barqaror ishlashi, aholi xonadonlari, ijtimoiy soha obyektlari va iqtisodiyot tarmoqlarini energiya resurslari bilan uzluksiz taʼminlash muhim masalalardan ekani qayd etildi.

Aynan shu talablardan kelib chiqib, mazkur tadbirda elektr energiyasi va tabiiy gazdan samarali hamda oqilona foydalanish bo‘yicha joylarda olib borilayotgan targ‘ibot ishlarining holati ham tahlil qilindi.

Barcha masʼullarga ishlab chiqarish va yetkazib berish obyektlarining ishonchli faoliyatini taʼminlash hamda energiya resurslaridan oqilona foydalanish ishlarini jadallashtirish vazifasi qo‘yildi.

Vazirlik va tizim korxonalari tomonidan kuz-qish mavsumini betalafot o‘tkazish uchun kunu tun navbatchilik joriy etilgani, avariyalarning oldini olish va bartaraf etish uchun maxsus brigadalar tashkil qilingani maʼlum qilindi. Ushbu brigadalar zarur texnikalar, materiallar va himoya vositalari bilan taʼminlangan.

Shuningdek, yig‘ilishda barcha obyektlarda 24/7 ish rejimiga o‘tilgani va ishchi guruhlar tomonidan ishlar doimiy nazorat qilinayotgani qayd etildi.

2025-yilda 4 million 800 ming gektarda ekinlar yetishtiriladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, paxta va g‘alla hosildorligini oshirish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

Haqiqatan, yurtimiz aholisi yiliga qariyb 1 million nafarga o‘sib boryapti. Yer va suv manbalari esa cheklangan. Shu bois ichki bozor barqarorligini omilkorlik va hosildorlik orqali ta’minlash mumkin.

Kelgusi yil 4 million 800 ming gektarda ekinlar yetishtirish mo‘ljallangan. Shundan 2 million gektardan ziyod yerda meva-sabzavot, kartoshka, dukkakli va poliz mahsulotlari ekiladi. Ularning dalalarda joylashtirilishi va hosilning zaxiraga jamlanishi monitoring qilib boriladi.

Xususan, aholiga birlamchi zarur bo‘lgan 10 turdagi asosiy oziq-ovqat mahsulotlarining tizimli hisob-kitobi yuritiladi. Bunda har bir tuman kesimida qanday mahsulot yetishtirilishi va ichki bozor uchun qancha zaxira qilinishi mujassam bo‘ladi.

Ma’lumki, Prezidentimiz tashabbusi bilan 260 ming gektar yer 800 ming aholiga dehqonchilik qilish uchun bo‘lib berilgan edi. Shuningdek, Sayxunobod tajribasi asosida tomorqalarda mahsulot yetishtirish qo‘llab-quvvatlanmoqda. Bu odamlarni, ayniqsa, yoshlarni ish o‘rni va daromad bilan ta’minlashda to‘g‘ri yo‘l bo‘lganini hayotning o‘zi ko‘rsatdi. Shuningdek, bu qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ko‘p yetishtirilib, ularning narxi keskin oshib ketmasligida muhim omil bo‘ldi.

Davlatimiz rahbari xorijiy tajribani o‘rganib, kartoshkachilik tizimini takomillashtirish va hosildorligini oshirish zarurligini ta’kidladi.

2023-yil qishida jami 13 ming gektar bog‘ va uzumzor sovuq urishi tufayli zararlandi, oqibatda 207 ming tonna hosil yo‘qotildi. Shu bois Prezident topshirig‘iga muvofiq, Ispaniya, Turkiya, AQSh tajribalari asosida Qishloq xo‘jaligi tavakkalchiliklarini sug‘urta qilish to‘g‘risidagi qonun loyihasi ishlab chiqildi.

Andijonda endi elektr skuterlar ishlab chiqariladi

Andijon viloyatidagi 218 gektar yer maydoniga ega bo‘lgan “Ipak yo‘li” erkin iqtisodiy zonasida rangli metall konstruksiyalari va elektr skuterlar ishlab chiqarish zavodlari qurilishi boshlandi.

Xitoy bilan hamkorlikdagi “CHINA BAOLI” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan umumiy qiymati 200 million AQSH dollariga teng loyiha doirasida yiliga 45 ming tonna rangli metall konstruksiyalari ishlab chiqarish quvvatiga ega korxona barpo etiladi. Eksport hajmi esa yillik 18 million dollarni tashkil etadi.

Loyiha 2026-yilda foydalanishga topshirilishi belgilangan bo‘lib, 400 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.

Elektr skuterlar ishlab chiqarish loyihasining umumiy qiymati 10 million AQSh dollarini tashkil etadi. Mazkur korxonada yiliga 2 million dona elektr skuter ishlab chiqariladi. Yiliga 5 million dollar qiymatdagi mahsulotni eksport qilish ko‘zda tutilgan.

Ushbu loyiha amalga oshirilishi bilan 300 nafar andijonliklar doimiy ish o‘rniga ega bo‘ladi. Loyiha 2025-yil yakuniga qadar ishga tushirilishi rejalashtirilgan.