$
 12844.21
-11.72
 13508.26
-62.46
 127.35
-0.81
weather
+26
Кечаси   +14°

2024-yil 22-noyabrning eng muhim voqealari dayjesti

22.11.

7 soat ichida Cobaltga jami 31 097 ta shartnoma tuzildi

Bugun, 22-noyabr kuni soat 10:00 da “UzAuto Motors” AJ Chevrolet Cobalt GX-STYLE AT PLUS va GX-MIDNIGHT AT avtomobillari uchun shartnoma boshlangani haqida xabar bergan edik. Uz AutoMotors matbuot xizmati ma’lum qilishicha, kontraktatsiya ochilgan vaqtdan boshlab, 17:00 holatiga ko‘ra, UzAutoSavdo platformasidan foydalangan holda jami 31 097 ta shartnomalar muvaffaqiyatli tuzildi.

O'tgan vaqt mobaynida UzAutoSavdo platformasiga taxminan 22,7 mingta kiberhujum yo‘naltirildi. Mazkur kiberhujumlar qaytarildi. Platforma faoliyatida uzilishlar kuzatilmadi.

Kontraktatsiya jarayoni davomida kompaniyaning Call-markazi orqali 1 635 nafar mijoz murojaati qabul qilinib, ko‘rib chiqildi.

Ma’lumot uchun, avtomobil xaridi uchun tuzilgan shartnomalar bo‘yicha to‘lov yetti kalendar kun ichida amalga oshirilishi shart. Belgilangan muddatda to‘lov amalga oshirilmasa, shartnoma bekor qilinishi mumkin.

“Yashil makon” loyihasi Bosh rejasi takomillashtirilmoqda

Toshkentda O‘zbekiston Respublikasining “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirishni qo‘llab-quvvatlash uchun Bosh rejalashtirish va innovatsion moliyaviy yechimlarga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi.

Seminarda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi “Yashil loyiha” instituti direktori Olim Hakimov, BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili o‘rinbosari Anas Fayyad Qarman, O‘rmon xo‘jaligi va yog‘och xo‘jaligi bo‘limi dastur menejeri Roman Michalak, Ekologiya vazirligi va tizim tashkilotlari, BMTTD, BMT YeIK, BMTning Qochqinlar bo‘yicha Oliy komissarligi (BMT QOK) vakillari, shaharsozlik, barqaror moliya va atrof-muhit siyosatiga ixtisoslashgan mahalliy va xorijlik olim hamda tadqiqotchilar ishtirok etdi.

“Bosh reja “Yashil makon” loyihasini muvaffaqiyatli amalga oshirishda ilgʻor xalqaro tajriba, mamlakat ehtiyojlari, mahalliy talablar hamda ilmiy tadqiqotlarni uygʻunlashtirishga qaratilgan. Jarayon samarali bo‘lishi uchun "Yashil makon" platformasini modernizatsiya qilish, taraqqiyotga xizmat qiladigan muhim ma'lumotlarni almashish, mas'uliyat va javobgarlik hissini oshirish lozim”, — dedi Anas Fayyad.

Ma'lumot uchun, ekilgan daraxtlarni xatlovga olish inspektorlarning planshetlarida har mavsumda ekilgan daraxtlar haqidagi ma'lumotlarni ko'rish, ko'chatlarni parvarish qilmagan shaxslarni mobil ilova orqali ogohlantirish, jamoatchilik nazoratini kuchaytirishga imkon yaratadi.

Toshkentda 4 million donadan ortiq pirotexnika buyumlari yo‘q qilindi

Toshkent shahri Yashnobod tumanidagi favqulodda vaziyatlar bo‘limi yong‘in-qutqaruv qismida 4 milliondan ortiq pirotexnika buyumlari yo‘q qilindi. Bu haqda Bojxona qo‘mitasi axborot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, 22-noyabr kuni qo‘mita Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Milliy gvardiya va Ichki ishlar vazirligi bilan hamkorlikda ilk bor va katta masshtabda pirotexnika buyumlarini yo‘q qilish tadbirini tashkil etgan.

Tadbirda mas’ul organlar tomonidan o‘tkazilgan turli tadbirlar davomida muomaladan olib qo‘yilgan 4 million 65 ming 562 dona pirotexnika buyumlari dastlab suvda bo‘ktirilib, yaroqsiz holatga keltirildi va maxsus xandaqqa ko‘mib yuborish yo‘li bilan yo‘q qilindi.

Bojxona qo‘mitasining Surishtiruv va ma’muriy amaliyot boshqarmasi boshlig‘i Akramjon Axlimirzayevning ma’lum qilishicha, yo‘q qilingan pirotexnika vositalarining salkam 88 foizi, ya’ni 3 million 537 ming donasi so‘nggi bir yil davomida bevosita bojxona organlari tomonidan olib borilgan tezkor tadbirlar davomida noqonuniy muomaladan olib qo‘yilgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Olmazor tuman sudining hukmiga ko‘ra, bu safar fuqaroga 5 yil 3 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Yo‘q qilish jarayonida ushbu holatga tegishli 162 ming 153 dona salyutlar va petardalar ham ko‘mib yuborilgan.

Umra tadbirlarini o‘tkazish uchun litsenziya olgan turfirmalar nomi e’lon qilindi

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita Umra tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish faoliyatini amalga oshirish uchun yakka tartibdagi litsenziya berish bo‘yicha tanlov komissiyasining qaroriga muvofiq g‘olib deb topilgan talabgorlar ro‘yxatini ma’lum qildi.

Ro‘yxat:

Ihlos travel 1 MCHJ (Andijon viloyati, Andijon shahar, O‘zbegim MFY, Bobur shox ko‘chasi 40v-uy);

Yuksak travel Air XK (Farg‘ona viloyati, Marg‘ilon shahar, B.Marg‘iloniy ko‘chasi 3b-uy);

Muhtasham travel MCHJ (Namangan viloyati, Namangan sh, Shodlik MFY, A.Navoiy ko‘chasi 2/1-uy, 3s-xonadon);

Musaffo turizm xizmati MCHJ (Namangan viloyati, Namangan shahar, Bobur mavzesi 10,4-uy);

Risola travel lux MCHJ (Namangan viloyati, Namangan shahar, Uychi ko‘chasi 1-uy);

Xorazm umra jamiyati MCHJ (Xorazm viloyati, Urganch shahar, P.Mahmud ko‘chasi 350-uy);

Hikmat Umra Travel MCHJ (Toshkent shahar, Mirobod tumani, A.Temur shox ko‘chasi 43-uy, 41-xonadon);

Real Dreams MCHJ (Toshkent shahar, Olmazor tumani, Zarqaynar 14-berk ko‘chasi, 75-uy);

Travel with family MCHJ (Toshkent shahar, Olmazor tumani, Kichik halqa yo‘li 21-uy);

Sofa Marva tour MCHJ (Toshkent shahar, Olmazor tumani, Ziyo MFY, Kichik halqa yo‘li 19-uy);

B2 Management MCHJ (Toshkent shahar, Yakkasaroy tumani, O‘rikzor ko‘chasi 124-uy);

Safar time exclusive MCHJ (Toshkent shahar, Chilonzor tumani, 2-Charx Kamolon MFY, Bunyodkor ko‘chasi 2-uy).

Qayd etilishicha, litsenziyada ko‘rsatilmagan manzil bo‘yicha mazkur tadbirlarni tashkil etish va o‘tkazish faoliyati bilan shug‘ullanish taqiqlanadi.

Shuningdek, Umra tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazishga oid xizmatlarini litsenziyaga ega bo‘lmagan tadbirkorlik subyektlari tomonidan ko‘rsatish taqiqlangan.