$
 12808.03
14.65
 13612.37
16.85
 130.15
-0.58
weather
+26
Кечаси   +14°

2024-yil 14-noyabrning eng muhim voqealari dayjesti

positive-14

YeTTB Xorazmda yo‘l-transport infratuzilmasini yaxshilash uchun imtiyozli qarz ajratdi

Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) “D 213 “Urganch — Xonqa — Hazorasp — Amudaryo daryosi — A380” avtomobil yo‘lining 0 — 84 km. qismini rekonstruksiya qilish” loyihasi uchun 4 yillik imtiyozli davrni o‘z ichiga oluvchi 18 yil muddatga 238 mln. AQSh dollari miqdorida qarz ajratishni ma’qulladi. PQ-390-son qarorda ta’kidlanishicha, Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi tomonidan ishlab chiqilgan mazkur loyihaning umumiy qiymati 294,1 mln. AQSh dollari bo‘lib, bunda YeTTBning ulushi 238 mln. AQSh dollari, O‘zbekiston Respublikasining ulushi esa 56,1 mln. AQSh dollari miqdoridagi mablag‘larni tashkil etadi. Loyihani amalga oshirish davri 5 yilni (2 yillik kafolat davrini hisoblagan holda 2024 — 2029-yillar) tashkil etadi.

“Yil imomi—2024” g‘olibi e’lon qilindi

O‘zbekiston musulmonlari idorasi “Yil imomi-2024” tanlovi g‘oliblarini e’lon qildi. Idora matbuot xizmatiga ko‘ra, 13-noyabr kuni Respublika masjidlarida faoliyat yuritayotgan imom-xatib va noiblar ishtirokida “Yil imomi-2024” ko‘rik-tanlovining yakuniy bosqichi bo‘lib o‘tdi. Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri bosqichlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 14 nafar imom domla o‘zaro bellashdi. Musobaqa ishtirokchilari Qur’oni karim qiroati va tafsiri, aqida, fiqh, Islom tarixi, hadis ilmlari, allomalar ijodiga oid savollarga javob berdi. Shuningdek, mehnat faoliyatlari davomida amalga oshirgan salmoqli ishlari va OAVlarida e’lon qilingan ijodini namoyish etdi. Qatnashchilarning chiqishlari hakamlar hay’ati tomonidan mezonlar asosida baholandi.

DXX akademiyasiga kirish imtihoni qachon boʻlishi maʼlum boʻldi

Bilimni baholash agentligining xabar berishicha, Amir Temur nomidagi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati akademiyasiga nomzodlarni saralash uchun test sinovlari 2024-yil 17-noyabr kuni oʻtkaziladi. Test sinovlari 1 smenada tashkil etilib, 10:00 dan 13:00 ga qadar boʻlib oʻtadi. Shuningdek sinovlar ona tili (oʻzbek, rus, qoraqalpoq), matematika, Oʻzbekiston tarixi va chet tili fanlaridan oʻtkaziladi. Bunda nomzodlarga jami 90 ta test topshirigʻi va ularni ishlash uchun javoblar varaqasini toʻldirish bilan birga 3 soat (har 30 ta test topshirigʻiga 1 soat) vaqt ajratiladi. Test sinovida toʻplash mumkin boʻlgan maksimal ball — 249 ballni tashkil etadi. Nomzodlar test sinovida ishtirok etish uchun ruxsatnomani Bilimni baholash agentligining my.uzbmb.uz saytidan onlayn tarzda yuklab olishlari mumkin.

Urganchga Xitoydan 30 ta zamonaviy avtobus olib kelindi

Urganch shahriga “Bunyod yoʻlovchi tashish” MCHJ tomonidan XXRda ishlab chiqarilgan zamonaviy 30 dona “Zong tong” rusumli avtobuslari olib kelindi. Transport vazirligining xabar berishicha, “Bunyod yoʻlovchi tashish” MCHJ tomonidan “Oʻzmilliybank” AJning imtiyozli kreditlari asosida jami 80 dona “Zong tong” rusumli avtobuslarni xarid qilish yuzasidan shartnoma tuzilgan. Hozirda loyihaning birinchi bosqichi doirasida 50 dona avtobus xarid qilindi. Tez orada qolgan 20 dona avtobus Urganch shahriga yetib keladi, — deyiladi xabarda.

Теги :
Jamiyat