Faridaning jasadi piton iloni qornidan topildi
Odamlar yomon gumon bilan sudraluvchining qornini yorib ko‘rishgan va yakunda shubhalar o‘z tasdig‘ini topgan.
1 daqiqa o‘qiladi

Indoneziyaning Kalempang qishlog‘ida bedarak yo‘qolgan ayolning jasadi piton qornidan topildi. Bu haqda Daily Mail nashri xabar berdi.
Voqea qanday sodir bo'lgan?
Daily Mail axborotida qayd etilishicha, 50 yoshli Farida ismli savdogar ayol o‘rmon orqali bozorga borayotib, g‘oyib bo‘lgan. Shundan so‘ng mahalliy aholi uni qidira boshlagan. Ertasi kuni chakalakzordan qorni juda shishib ketgan ulkan piton topgan. Odamlar yomon taxminlar bilan sudraluvchining qornini yorib ko‘rishgan va yakunda shubhalar o‘z tasdig‘ini topgan. Ma'lum bo'lishicha, piton avvaliga ayolning oyog‘idan tishlagan, so‘ng tanasiga o‘ralib, bo‘g‘ib, o‘ldirgan. Keyin esa bosh tomonidan boshlab sekin-asta yutib yuborgan.
Retikulyar pitonlar
Ma’lumot uchun, retikulyar piton (Malayopython reticulatus) dunyodagi eng katta ilon bo‘lib, uning uzunligi odatda 6,25 metrdan oshadi. Retikulyar pitonlar Janubi-Sharqiy Osiyoda keng tarqalgan. Xususan, Indoneziya o‘rmonlarida shahar sivilizatsiyasidan bezovtalanmagan pitonlar ko‘p uchraydi. Ular zaharli emas, balki kuchli muskullari orqali o‘ljasini bo‘g‘ib o‘ldiradigan ilonlar sanaladi.



