$
 12910.15
-14.77
 14660.77
40.1
 159.78
-0.16
weather
+26
Кечаси   +14°
textileads

PISA testlarida bu yil Oʻzbekistondan nechta maktab qatnashadi?

pisa

O‘zbekiston ikkinchi bor Xalqaro o‘quvchilarni baholash dasturida (PISA) ishtirok etishi kutilmoqda. O‘zbekiston Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (OYeCD) tomonidan o‘tkaziladigan PISA tadqiqotiga ilk bor 2022-yilda qo‘shilgandi.

Bu test nima maqsadda oʻtkaziladi?

PISA testlari maktab o‘quvchilarining haqiqiy hayotda kerak bo‘ladigan hodisalarni tahlil qilish, ulardan xulosa chiqarish va muloqotga kirishish ko‘nikmalarini qay darajada egallayotganini, ta’lim tizimining bu o‘zgarishlarga qanchalik moslashayotganini aniqlash maqsadida o‘tkaziladi.

PISA tadqiqotida asosan savodxonlikning uchta yo‘nalishi: o‘qish, matematika va tabiiy fanlar bo‘yicha 80 dan ortiq davlatdan bo‘lgan 15 yoshdagi o‘quvchilarning ko‘nikmalari va bilimlaridan foydalanish qobiliyati baholanadi.

PISA—2025 tadqiqotida ishtirok etadigan maktablar va ularning sonini tasdiqlash to‘g‘risida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining buyrug‘i imzolangan.

Jami 233 ta maktab testlarga qatnashadi

Ma’lumotlarga ko‘ra, PISA—2025 tadqiqotida jami 233 ta ta’lim muassasasi qatnashib, ulardan 17 tasi Prezident hamda ixtisoslashtirilgan maktablar, 4 ta xususiy maktab, 1 ta maktab-internati, 1 ta harbiy musiqa akademik liseyi, 1 ta respublika olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash maktabi hamda 209 tasini oddiy umumiy o‘rta ta’lim maktablari tashkil etmoqda.

Hududlar kesimida 

PISA—2025 tadqiqotida ishtirok etayotgan maktablar soni hududlar kesimida taqqoslaganda, Toshkent shahridagi maktablar ulushi (52 ta) boshqa hududlarga qaraganda eng yuqori, Sirdaryo viloyatidagi maktablar (4 ta) ulushi esa kamroq ekanligini ko‘rishimiz mumkin.

PISA 2025 tadqiqotida ishtirok etayotgan maktablarning hududlar kesimidagi soni quyidagicha:

  • Toshkent shahridan 52 ta;
  • Samarqand viloyatidan 23 ta;
  • Namangan viloyatidan 21 ta;
  • Farg‘ona viloyatidan 21 ta;
  • Qashqadaryo viloyatidan 20 ta;
  • Andijon viloyatidan 19 ta;
  • Toshkent viloyatidan 15 ta;
  • Xorazm viloyatidan 12 ta;
  • Surxondaryo viloyatidan 15 ta;
  • Qoraqalpog‘iston Respublikasi - 11 ta;
  • Buxoro viloyatidan 10 ta;
  • Jizzax viloyatidan 10 ta;
  • Sirdaryo viloyatidan 4 ta.

Maktablar soni nimaga asoslanib belgilanadi?

Ma’lumot uchun: PISA tadqiqotida har bir davlatdan qatnashadigan maktablar soni xalqaro talablar asosida belgilanadi. Bunda tadqiqotda ishtirok etayotgan mamlakatdan jami maktablarning kamida 2 foizi ishtirok etishi kerak. Bundan tashqari, minimal ishtirokchilar soni sifatida 150 ta maktab va 6 000 nafar o‘quvchi belgilangan.

Yuqoridagi ma’lumotlardan ko‘rishimiz mumkinki, PISA—2025 tadqiqotida O‘zbekistondagi ta’lim muassasalarining 2,29 foizi ishtirok etishi rejalashtirilmoqda.

Ilk natija

Eslatib oʻtamiz, 2022-yilda O‘zbekiston maktablari 15 yoshli o‘quvchilar bilimini baholash bo‘yicha xalqaro dastur — PISA imtihonlarida ilk marta ishtirok etgan edi. Sinov natijalariga ko‘ra, o‘zbekistonlik bolalar 81 ta mamlakat orasida matematika bo‘yicha 72-o‘rinni, tabiiy fanlar va o‘qish savodxonligi yo‘nalishlarida 80-o‘rinni egalladi.



Теги :
Jamiyat