Seshanba, 20-oktabr, 2026
Havo 88 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
☀ +9° kechasi +9°

2024-yilda Bojxona orqali olib o‘tilayotgan 7 milliondan ortiq pirotexnika vositalari aniqlangan

Tahlillarga koʻra, noqonuniy pirotexnika vositalarining 95 foizi ichki hududlarda qonunga xilof ravishda muomala qilingan vaqtida aniqlangan.

2 daqiqa o‘qiladi

2024-yilda Bojxona orqali olib o‘tilayotgan 7 milliondan ortiq pirotexnika vositalari aniqlangan

2024-yil davomida Oʻzbekistonda noqonuniy pirotexnika mahsulotlarining aylanmasiga qarshi keng qamrovli chora-tadbirlar oʻtkazildi. Davlat bojxona qoʻmitasining maʼlumotiga koʻra, 206 ta holatda jami 7 million donadan ortiq pirotexnika vositalari ushlab qolingan. Ushbu vositalarning asosiy qismini petardalar (“paqilloqlar”) va feyerverklar (“salyutlar”) tashkil qilgan.

95 foizi muomalaga chiqqan vaqtida aniqlangan

Huquqbuzarliklarga qarshi choralar doirasida 15 ta jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, 109 ta maʼmuriy ish yuritildi. Tahlillarga koʻra, noqonuniy pirotexnika vositalarining 95 foizi ichki hududlarda qonunga xilof ravishda muomala qilingan vaqtida aniqlangan. Olib qoʻyilgan pirotexnika vositalarining 4,1 million donasi belgilangan tartibda yoʻq qilingan.

Asosiy aylanma oktyabr-dekabr oylarida amalga oshirlgan

Tahlillar oktyabr-dekabr oylarida pirotexnika vositalarining noqonuniy aylanmasi keskin oshganini koʻrsatadi. Xususan, oktyabr oyida 10 ta holatda 291 ming dona, noyabr oyida 34 ta holatda 851 ming dona, dekabr oyida esa 117 ta holatda 2,8 million dona pirotexnika mahsulotlari aniqlangan. Yangi yil arafasida aholi oʻrtasida ushbu mahsulotlarga talab sezilarli ravishda oshgani qayd etilgan.

Pirotexnikalar asosan Xitoydan kirib kelgan

Noqonuniy pirotexnika vositalari asosan Xitoydan Qirgʻiziston orqali Oʻzbekistonga olib kirilgan. Surishtiruvlar natijasida mazkur vositalar Fargʻona vodiysi viloyatlaridagi nazorat oʻrnatilmagan yoʻllar orqali olib oʻtilishi va respublika boʻylab tarqatilishi aniqlangan. Hukumat va huquq-tartibot organlari ushbu huquqbuzarliklarning oldini olish uchun kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirishda davom etmoqda.

Harakatlarni kuchaytirish zarur

Yil davomida noqonuniy pirotexnika vositalari aylanmasiga qarshi kurash nafaqat aholi xavfsizligini taʼminlash, balki mamlakat qonunchiligiga rioya etilishini taʼminlashga ham qaratilgan. Ushbu jarayonlar kelgusida ushbu huquqbuzarliklarni yanada kamaytirishga yoʻnaltirilgan harakatlarni kuchaytirish zarurligini koʻrsatmoqda.