$
 12149.84
7.74
 14003.91
-76.07
 151.10
0.57
weather
+26
Кечаси   +14°

Peshku tumanidagi bog‘chada bolalarning haqqini kim yeyapti?

peshku

Buxoro viloyati Peshku tumani hokimi Vahob Qahhorov 14-MTTda olib borgan reydida, bolalarning 2-ovqatiga 300 gramm go‘sht solingani aniqlangan.

151 nafar bola uchun 300 gramm go‘sht

Ijtimoiy tarmoqlarda Buxoro viloyati Peshku tumani hokimi Vahob Qahhorov tumandagi 14-MTTni o‘rganish uchun uyerga borgani aks etgan video tarqaldi. Videoda hokim bog‘cha oshxonasiga kirib, pishirilayotgan ovqatlar ichidagi go‘shtni taroziga torttirib ko‘rganda go‘shtning vazni 300 gramm chiqqan. Ko‘rinishicha, bu 151 nafar tarbiyalanuvchi uchun tayyorlangan ikkinchi ovqatga solingan go‘sht.

“Mana bu 14 bog‘chada 168 nafar bola ro‘yxatda turadi. 151 nafar bolaga pishirilayotgan ikkinchi ovqat. Makaron kabobning ichidagi barcha go‘shtlar olindi. Olib taroziga tortilsa, 300 gramm go‘sht chiqdi. Mana, 300 gramm go‘sht solingan. Mana qahramonlarimiz, hamshira, oshpaz va bog‘cha mudirasi o‘rinbosari”, – deydi hokim videoda.

Ijtimoiy obyektlar faoliyati o‘rganildi

Buxoro viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi matbuot xizmati rahbari Iroda Oripova holat yuzasidan qo‘shimcha ma’lumot berdi. Unga ko‘ra, 10-iyul kuni tuman hokimi tomonidan ishchi guruh tuzilib, ijtimoiy obyektlar faoliyati o‘rganilgan. Jarayonda tumandagi 14-MTT faoliyati bilan tanishilgan.

“Oshxonada birinchi ovqat ham pishirilayotgan bo‘lib, unga 5,85 kg go‘sht mahsuloti, ikkinchi ovqatga 300 gramm go‘sht solingani aniqlangan”, – dedi Oripova.

Bog‘cha mudirasi ishdan bo‘shagan

Ta’kidlanishicha, umumiy hisoblaganda, bolalar ovqatiga belgilangan miqdordagi go‘sht qozonga solingani, faqat muzlagan holatda bo‘lgani uchun bittasiga ko‘p, ikkinchisiga kam solinganini aytdi. Shu bilan birga Oripova bog‘cha mudirasi o‘z arizasiga ko‘ra ishdan bo‘shaganini ham qo‘shimcha qildi.

Boshqacha ma’lumot?

Holat bo‘yicha tuman hokimligi matbuot xizmatining bergan ma’lumoti biroz boshqacharoq. U birinchi ovqatga belgilangan normaga yaqin go‘sht solingani, ikkinchisida esa kam bo‘lganini ta’kidladi.

“Bu bo‘yicha men mutaxassis emasman, lekin qozonga go‘sht tushgandan keyin bu darajada sezilarli kamaymaydi deb o‘ylayman”, – dedi hokimlik matbuot xizmati vakili.

Теги :
Jamiyat